Rossiya Ukraina atrofidagi mojaroning yanada kuchayishi fonida Ukraina chegarasi yaqinida taktik yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishini ma’lum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh shtabi prezident Vladimir Putin topshirig‘iga binoan «strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlarning jangovar topshiriqlarni bajarishga tayyorligini oshirish» maqsadida o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi, deb xabar qildi dushanba, 6 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.
Xabarda aytilishicha, mashg‘ulotlarda provokatsion bayonotlarga javoban Rossiya davlatining hududiy yaxlitligi va suverenitetini so‘zsiz ta’minlash, ayrim g‘arb rasmiylarining Rossiyaga qarshi tahdidlariga javob qaytarish maqsadida «nostrategik yadro qurollarini tayyorlash va qo‘llash» (taktik deb ham ataladi) masalalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Mashqlar «yaqin vaqt ichida» o‘tkaziladi. Ularda Janubiy harbiy okrugning raketa tuzilmalari aviatsiya, shuningdek, dengiz floti kuchlari bilan birgalikda ishtirok etadi. Mashqlar o‘tkaziladigan joy aniqlashtirilmagan.
Taktik yadro quroli
Taktik yadro quroli - yadroviy o‘q-dorilar bo‘lib, ularni yetkazib berish vositalari nisbatan qisqa masofali (strategik qit’alararo raketalar emas) va nisbatan past quvvatga ega (strategik qurollarga nisbatan), masalan, trotil ekvivalentida bir necha kilotonnalik raketalardir.
Strategik bo‘lmagan yadro qurollari, xususan, yaqinda Belarusda joylashtirilgan «Iskander» raketa tizimlari tomonidan qo‘llanishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya bunday qurollarning dunyodagi eng katta zaxirasiga ega. Ular hech qachon jang maydonida ishlatilmagan. SSSR taktik yadro qurolidan foydalangan holda mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Zamonaviy Rossiyada bunday mashqlar hali kuzatilmagan. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri g‘arb davlatlari Rossiya agar frontda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkinligidan xavotirda.
Fevral oyi oxirida Britaniyaning The Financial Times gazetasi Rossiyaning taktik yadro quroliga oid maxfiy hujjatlar olingani haqida xabar berdi. Ulardan kelib chiqadiki, Rossiya tomonidan bunday qurollarni qo‘llash chegarasi Rossiya rasmiylari rasman e’lon qilganidan pastroq - harbiylar ulardan nafaqat Xitoy qo‘shinlari bostirib kirgan taqdirda, balki «davlatlarni tajovuzdan yoki harbiy mojarolarning kuchayishidan tiyib turish» uchun ham foydalanishi mumkin.
Rossiya tahdidlari va G‘arb tanqidi
G‘arb davlatlari vakillari Rossiya rahbariyatini yadroviy tahdidlar uchun bir necha bor tanqid qilgan. Shu bilan birga, prezident Vladimir Putin G‘arb davlatlarini Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilik yuzaga kelgan taqdirda yadro urushi ehtimoli haqida ogohlantirgan bo‘lsa-da, Ukraina atrofidagi mojaroda yadroviy zarba berish bilan ochiq tahdid qilmadi.
Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining sobiq prezidenti, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev buni bir necha bor amalga oshirdi. 6 may, dushanba kuni u Ukraina chegaralari yaqinida taktik yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni G‘arbda Ukrainaga quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborishga yo‘l qo‘yilishi haqidagi muhokamalar bilan bog‘lab, yana bir shunday bayonot berdi.
G‘arb qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishi istiqbollari
So‘nggi oylarda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini yuborish imkoniyati haqida boshlangan munozaralar tinmayapti. Aksariyat boshqa G‘arb davlatlari bu fikrni qo‘llab-quvvatlamadi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, ikki shart bajarilgan taqdirda – Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi front chizig‘ini yorib o‘tishsa va G‘arb Kiyevdan tegishli so‘rov olsa, Ukrainaga xorijiy kontingent yuborilishi mumkin. Makron Fransiya Rossiya armiyasiga qarshi quruqlikda operatsiya o‘tkazishi ehtimolini istisno etmadi.
Kreml Makronning so‘zlarini «juda xavfli tendensiya» deb atadi. «Davlat rahbari tomonidan taqdim etilgan bayonot juda muhim va o‘ta xavflidir», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bunday «xavfli bayonotlar» qatoriga u Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Devid Kemeronning Ukrainaning Rossiya hududiga hujum qilish uchun Britaniya qurollaridan foydalanish huquqi haqidagi so‘zlarini ham kiritgan.
Ukraina rasmiylari hozircha g‘arb armiyalariga ehtiyoj yo‘qligini ta’kidlab, Kiyevga faqat g‘arb qurollari yetkazib berish hajmini oshirishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, ular kontingent yuborish vaqti kelsa, Kiyev bundan minnatdor bo‘lishini ta’kidladi.