Ofshordagi ta’sischilari voz kechgan TMZ xususiylashtiriladi

Iqtisodiyot 20:12 / 06.05.2024 7902

Toshkent metallurgiya zavodidagi davlat ulushi professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladi. Bu haqda “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida keltirilgan.

Qayd etilishicha, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli 49,9 foiz davlat ulushi 2025 yilning II choragi yakunigacha ommaviy sotuvga chiqarilishi lozim.

Bunga mas’ul etib tayinlangan ishchi guruhning tarkibi quyidagicha: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev va Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxo‘jayev.

Toshkent metallurgiya zavodi haqida

2017 yil 7 aprelda O‘zbekiston prezidentining “Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinadi.

Dastlab, loyihaning umumiy qiymati 278,2 million yevroga baholangan bo‘lsa, keyinchalik bu miqdor 334,47 mln yevrogacha oshiriladi.

Shundan 164,5 million yevro Rossiya eksport-import bankining 10 yilga berilgan krediti, 154,7 million yevro Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari, 15,1 million yevro esa Asakabank krediti hisoblanadi. Loyihaning o‘zini qoplash muddati 9,3 yil deb ko‘rsatiladi.

Lekin 2020 yil oxirida bo‘lib o‘tgan zavodning ochilish marosimida uning umumiy qiymati 420 million dollarni tashkil etgani aytilgan.

Zavodni 49,7 gektar maydonda qurish loyihasi Rossiyaning “Metprom” guruhi tomonidan tayyor holatda topshirish sharti asosida amalga oshirildi. Guruh ham loyihachi, ham bosh pudratchi bo‘lgan. Zavod Italiyaning Danieli kompaniyasi texnologiyasi va avtomatlashtirilgan uskunalari bilan jihozlangan. Loyihani amalga oshirishni SFI Management Group xorijiy kompaniyasi boshqarib, qurilish va foydalanishga topshirishning barcha bosqichlarini to‘liq nazorat qilgan.

Ta’kidlash lozim, TMZ loyihasini amalga oshirish barobarida, “O‘zmetkombinat” AJ qoshida litiy-prokat majmuasini qurish ham boshlangan (qiymati – 800 mln dollar). Uning foydalanishga topshirilishi bilan TMZ bilan birgalikda metallurgiya klasterini yaratish rejalashtirilgan edi.

Ta’sischilarning o‘zgarishi

Dastlab ustav kapitali 197,8 million yevro (hozir 154,8 mln dollar) bo‘lgan TMZning ta’sischilari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (49,9 foiz yoki 98,7 million yevro) va Niderlandiyaning Metallurgical Technology and Engineering B.V. kompaniyasi (50,1 foiz, 99,1 mln yevro) bo‘lgan.

Loyihani boshqargan SFI Management Group loyiha ulushdorlari qatorida bo‘lishni istagan. Natijada ta’sischilarning ro‘yxatida o‘zgarish bo‘lgan va Metallurgical Technology and Engineering B.V.ning ulushi 41,9 foizgacha kamayib, SFI Management Group 8,2 foiz ulushni qo‘lga kiritadi.

Biroz muddat o‘tganidan keyin, Metalloinvest Holding (Kipr) kompaniyasi Metallurgical Technology and Engineering B.V. o‘rnini egallab, 41,8 foiz, Miramonte Investmens esa SFI o‘rnini olib, 8,2 foiz ulush egasiga aylanadi.

2022 yil aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan sanoat ko‘rgazmasida “Metalloinvest” bosh direktori Nazim Efendiyev kompaniya “investitsiya kiritib, TMZ kapitaliga kirgani”ni ma’lum qilgan. Shu tariqa, Metalloinvest Holding (Cyprus) Limited kompaniyasi Metallurgical Technology and Engineering B.V.ning o‘rnini egallab 41,8 foiz, Miramonte Investmens Limited esa SFIning o‘rnini olib, 8,2 foiz ulush egasi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Forbes nashriga bergan intervyusida aytishi bo‘yicha, SFI guruhi milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Qobil Shodiyevning oilasiga tegishli. Qobil Shodiyev Toshkent metallurgiya zavodiga prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi vaqtida prezidentga zavod haqida taqdimot qilgan.

Ofshordagi kompaniyalarning loyihadan chiqib ketishi

2023 yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston Oliy sudida Toshkent metallurgiya zavodi ta’sischiligiga oid sud ishi ko‘rib chiqiladi.

Zavodning 49,9 foizlik ulushga ega ta’sischisi – O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sudga murojaat qilib, korxonaning qolgan ikki ta’sischisi – Kiprning Metalloinvest Holding (41,87 foiz) va Miramonte Investmens (8,23 foiz) ofshor kompaniyalariga qarshi da’vo arizasi kiritgan.

O‘TTJ kombinatda moliyaviy qiyinchilik yuzaga kelgani, 2022 yil yakunlari bo‘yicha sof zarar 316,8 mlrd so‘mni, 2017-2022 yillarda to‘plangan zarar esa 916,92 mlrd so‘mni tashkil etganini ko‘rsatib, korxonaning moliyaviy holatini yaxshilash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi.

Shu tariqa MChJ shaklidagi kompaniyaning qolgan ikkita ta’sischisi – Metalloinvest Holding (41,87 foiz) va Miramonte Investmens (8,23 foiz) jamiyat ishtirokchilari qatoridan chiqarib yuboriladi. Yuqoridagi ofshor kompaniyalar rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga aloqador bo‘lgan.

Yakunda Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ta’sischi ofshor kompaniyalarning loyihadan chiqib ketishi ortidan bankrotlik xavfi ostidagi zavod va uning qarzlari davlat jamg‘armasi tasarrufida qolgandi.

Ko‘proq yangiliklar: