«Gurjiston orzusi» hukmron partiyasi deputatlari 49 nafar muxolif deputatning mandatini bekor qilishni bir ovozdan yoqladi. Bu kabi qaror bilan ular deputatlik immunitetidan avtomatik ravishda mahrum qilinadi.
Shunday qilib Gurjiston parlamenti deputatlarining soni uchdan bir qismga kamaydi — 150 nafardan 101 kishi qoldi. Qolgan deputatlar mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish uchun yetarli bo‘lmasada, har qanday qonunni qabul qilish va hukumatni tasdiqlash uchun yetarlidir.
26 oktyabr kuni Gurjistonning bir palatali 150 o‘rinli parlamentiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 18 partiyadan beshtasi 5 foizlik chegaradan oshib, deputatlik mandatlarini oldi — bu hukmron «Gurjiston orzusi» va to‘rtta muxolifat partiyasi. 2012 yildan beri hokimiyat tepasida turgan «Gurjiston orzusi» 99 o‘rinni (53,93 foiz ovoz) qo‘lga kiritdi.
Muxolifat saylov natijalariga rozi bo‘lmadi va ularni soxta deb hisobladi. Shundan so‘ng, mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi va davom etmoqda. Salome Zurabishvili ham namoyishchilarga qo‘shildi: u saylovning rasmiy natijalarini tan olmasligini va vakolat muddati tugashiga qaramay, prezidentlik lavozimini tark etmasligini aytdi, chunki «noqonuniy parlament yangi prezidentni saylay olmaydi».
«Gurjiston orzusi» siyosatiga qarshi namoyishlar
Parlament saylovlaridan keyin boshlangan namoyishlar «Gurjiston orzusi» vakillari mamlakatning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish muzokaralari to‘xtatilishini e’lon qilgandan keyin yana boshlandi. Namoyishlar davomida 400 nafardan ortiq muxolifat vakili qo‘lga olindi, 53 nafar faolga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 3 fevral kuni norozilik namoyishlarining kuch bilan bostilishini qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Gurjiston YeI a’zoligiga nomzod sidatida Bryusselning kutilmalarini oqlamayapti.
Bundan bir hafta oldin Yevropa Ittifoqi kengashi Gurjiston bilan vizasiz kelishuvni qisman to‘xtatgandi. Endi Gurjiston diplomatlari va mansabdor shaxslari YeI hududiga kirishi uchun viza olishlari kerak.