Namanganda besh kishiga ajratilgan 40 sotix yerni sotishga uringan shaxs ushlandi

Jamiyat 22:33 / 05.02.2025 553

Namangan va Samarqand viloyatlarida noqonuniy ravishda yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi department.

Qayd etilishicha, departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda F.A. ismli shaxs (muqaddam sudlangan) Qo‘qimboy massividagi besh nafar fuqaroga ajratilgan jami 40 sotix yer maydonini ushbu fuqarolarning xabardorligisiz go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali chorvachilik yo‘nalishi uchun hujjatlarini rasmiylashtirib berishi evaziga fuqaro M.B.dan 61 million so‘m va 3 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat, departamentning Qo‘shrabot tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda J.Sh. ismli shaxs fuqaro H.T.ning ishonchiga kirib, Tinchlik MFY hududidagi davlat zaxirasidagi 25 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziniki ekanini va 125 million so‘mga sotishini aytib, kelishilgan pullardan 100 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Andijon va Navoiy viloyatlarida noqonuniy tarzda yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani, Toshkentda davlat zaxirasida bo‘lgan 7 sotix yerni 175 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Nukusda qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirilgan 3,6 sotix yerni 170 mln so‘mga sotishga uringan fuqaro ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: