AQSh Kongressi Vakillar palatasida demokratik ozchilik yetakchisi Hakim Jyeffrisning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, jumladan, agar u mag‘lub bo‘lsa, mojaroga bevosita aralashishga majbur bo‘ladi. «Biz Ukrainaning yutqazishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, chunki bu sodir bo‘ladigan bo‘lsa, Amerika nafaqat bizning pulimiz, balki qo‘shinlarimiz bilan ham aralashishga majbur bo‘ladi», dedi Jyeffris 5 may, yakshanba kuni AQShning CBS telekanaliga bergan intervyusida.
Jyeffrisning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati SSSRni qayta tiklashga intilmoqda. Ukraina ortidan Rossiya Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin shakllangan va hozir NATO tarkibiga kirgan boshqa davlatlarga tahdid soladi, deb hisoblaydi u. «U qo‘shni Gurjistonga bostirib kirishda to‘xtamadi; Qrimning egallab olinishi ortidan Ukraina sharqiga intervensiya bo‘ldi. Shunday izchil tajovuzni hisobga olib, agar unga Ukrainada muvaffaqiyat qozonishiga imkon bersak, u faqat Ukrainada to‘xtab qolishiga ishonishimiz kerakmi? Albatta, yo‘q», deb ta’kidladi Jyeffris.
AQSh Kongressining Vakillar palatasi va Senati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan qonun loyihasini olti oydan ko‘proq vaqt davomida ma’qullay olmadi, chunki Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi demokratlar va tuzatishlar kiritishda turib olgan respublikachilar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqdi. Natijada yagona qonun loyihasi bir necha qismlarga bo‘linib, nihoyat aprel oyida qabul qilindi. Ukraina AQShdan 61 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini olishi kerak.
Lobbichilar
Hakim Jyeffris Ukrainaga yordamni kechiktirishda Respublikachilar partiyasidagi «Putinni qo‘llab-quvvatlovchi lobbi»ni aybladi. «Respublikachilar partiyasida negadir Rossiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining dushmani emasligiga ishonib, Ukrainaga yordam berishni istamaydigan fraksiya kuchayib bormoqda», deb shikoyat qildi kongressmen. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vakillar palatasining Rossiya kokusiga respublikachi Marjori Teylor Grin rahbarlik qiladi.
Senatda 15 nafar respublikachi Kiyevga harbiy yordamning yangi paketini ajratish haqidagi qonun loyihasiga qarshi ovoz berdi. Ular orasida senator J.D.Vens aprel oyida Ukrainada g‘alaba qozonish uchun yetarli resurslar va harbiy kuch yo‘qligi, Amerika yordami esa vaziyatni o‘zgartirish uchun yetarli emasligi haqida ma’lum qilgan edi.