Isroil armiyasi Rafahdan aholini evakuatsiya qila boshladi

Jahon 13:26 / 06.05.2024 7718

Isroil G‘azo sektoridagi Rafah shahrida harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda aholini bu shahardan evakuatsiya qila boshladi. Isroil harbiylari 6 may, dushanba kuni Misr bilan chegarada joylashgan Rafah sharqiy qismi aholisini «kengaytirilgan gumanitar hudud» – O‘rta Yer dengizi sohilida bir necha kilometr shimolda joylashgan Al-Mavozi lageriga ko‘chib o‘tishga chaqirdi.

Isroil armiyasi Rafah aholisini evakuatsiya haqida arab tilida plakatlar, sms, telefon qo‘ng‘iroqlari va OAV orqali xabardor qilayotganini bildirdi. «Bugun ertalab biz Rafah sharqiy qismi aholisini vaqtincha evakuatsiya qilish uchun operatsiya boshladik», dedi Isroil harbiy voizi onlayn-matbuot anjumanida va evakuatsiya 100 mingga yaqin odamni qamrab olganini qo‘shimcha qildi. 

HAMASning G‘azo sektoridagi so‘nggi tayanch nuqtasi

Qohirada Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahbuslar evaziga garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha olib borilgan bilvosita muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Rafahda 1,2 millionga yaqin falastinlik Isroil armiyasi va HAMAS kuchlari o‘rtasidagi janglardan boshpana topgan. Isroil hukumati Rafahni HAMASning Falastindagi so‘nggi tayanch nuqtasi deb hisoblaydi va qolgan jangchi guruhlarni mag‘lub etish niyatida. Rafahda isroillik garovga olinganlar ham borligi taxmin qilinmoqda. 

Ittifoqchilar ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lishidan tashvilanib, bir necha oy davomida Isroilni Rafahdagi harbiy harakatlardan tiyilishga chaqirmoqda, biroq Isroil hujumni HAMAS harbiy salohiyatini mag‘lub etish uchun muhim deb ataydi va aks holda guruh urushdan keyin kuchayishini ta’kidlaydi. 

Bir kun avval HAMAS jangchilari Isroilning Kerem-Shalom chegara punktiga raketa zarbalari berib, uch isroillik askarni o‘ldirdi. Kerem-Shalom - Isroildan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun eng muhim chegara nazorat punkti hisoblanadi. Hujumdan keyin Isroil uni gumanitar yuk tashish uchun yopdi va raketalar otilgani taxmin qilingan Rafah yaqinidagi aholi punktiga javob zarbalarini berdi. To‘qqiz falastinlik halok bo‘lgani xabar qilingan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: