Finlandiya NATO ittifoqchilariga mamlakatda trotil ishlab chiqaruvchi zavodni birgalikda qurish taklifini kiritdi. Bu haqda 5 may, yakshanba kuni Finlandiyaning Yle portaliga mamlakat mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen ma’lum qildi. «Hozirdan bir-ikki yil ichida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi uchun qarorlar qabul qilinishi kerak», dedi u.
«Biz portlovchi moddalar ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishimiz kerak, shuning uchun bu masalada mahalliy sanoatning rolini jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim», — dedi vazir. Uning ta’kidlashicha, bu masala shimoliy davlatlar bilan yaqin muloqotda muhokama qilinadi va «maqsad bahorda xulosa chiqarishdan iboratdir». Bo‘lajak zavodning aniq joylashuvi bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan.
«Rossiya uzoq muddatli harbiy harakatlarga tayyor va bu portlovchi moddalarga bo‘lgan ehtiyojni yuqori darajada ushlab turadi», — deya Antti Xyakkyanen so‘zlarini keltiradi portal. Nashrning ta’kidlashicha, mart oyida Finlandiya o‘q-dorilar ishlab chiqarish uchun YeI tomonidan 32,5 million yevro miqdorida to‘liq mablag‘ olgan, mamlakat Mudofaa vazirligi esa 2023 yil dekabrida mahalliy ishlab chiqarish uchun taxminan 24 million yevro ajratgan.
Yevropada trotil tanqisligi
Ukrainada uchinchi yil davom etayotgan urush G‘arbda trotilga ega portlovchi moddalarga bo‘lgan talabni nazoratdan chiqarib yubordi va Yevropadagi trotil zaxiralari hozir juda kam darajaga yaqinlashmoqda, deya ta’kidlaydi Yle. Yevropa Ittifoqining yagona zavodi Polshada, ammo ishlab chiqarish hajmi yuqori talabni qondirish uchun yetarli emas. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, Finlandiyaning Vixtavuori shahridagi Nammo Group tarkibiga kiruvchi mavjud porox zavodi ham ayni paytda o‘z faoliyatini sezilarli darajada kengaytirmoqda.
Trinitrotoluol yoki trotil - artilleriya va minomyot snaryadlarida va boshqalarda ishlatiladigan an’anaviy portlovchi modda. Uning ommaviy ishlab chiqarilishi yangi portlovchi moddalarni ishlab chiqishga qaraganda ancha arzon, deya aniqlik kiritadi Yle.
Finlandiya 2023 yil aprelida NATOga qo‘shildi. Mamlakatning Rossiya bilan chegarasi uzunligi - 1272 km.