Rizq yo‘lidagi mashaqqatlar – kirakashlik qilayotgan ayollar bilan suhbat

Jamiyat 20:15 / 05.05.2024 18489

Taksi chaqirganda ayol haydovchi kelishi bugun ajablanarli emas. Kun.uz shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ayollarni suhbatga tortib, bu tanlovlarining sabablari, muammolar va qulayliklari haqida savollarga javob oldi.

Ilk qahramonimiz “Damas” avtomobilida ham ishlaydi, ham kirakashlik qiladi. Ishdan tashqari kuniga 200-250 ming so‘m topadi. Bunga esa jamoat transportidagi tiqilinchda bolasining hushdan ketishi sabab bo‘lgan.

Ayol uchun yopilgan va ochilgan eshiklar haqida

Menga aynan qiyin vaziyatda turmush  o‘rtog‘im tashlab ketgan – yo‘q bo‘lgan. Farzandlarimni oyoqqa turg‘azish uchun o‘zim harakat qilganman. Diplomim bilan hamma yoqdan ish qidirganman. Ayol boshim bilan qayerga borishni bilmaganman. Allohga nolam yetib borib, sinov muddati bilan ishga kirdim va qarzlarimdan qutula boshladim.

Menga eng og‘iri uyim yo‘qligi edi. O‘zbekchilikda “Chiqqan qiz – chig‘iriqdan tashqari” degan gap bor. Chiqdingmi, senga eshiklar yopilar ekan. Toshkentda yashayman desam, ijara narxlari juda qimmat ekan. Topayotgan oyligim uni qoplamaydi. Shuning uchun chetroqdan uy qidirdim va Chirchiq shahridan joy topdim. O‘sha yerda qo‘nim topib, ikkita bolam bilan shaharga kelib ishlashni boshladim.  Bolalarim bilan jamoat transportida  qatnab ishlab, biroz pul ham jamg‘ardim. Mashina olish qaroriga kelishimga avtobusda bolamning hushidan ketib qolgani sabab bo‘ldi. Chunki tirband transportda havo yetmay qoldi, odamlar orasida, bo‘yi past, tik turib ketardik. Shunaqa paytda hushidan ketib qoldi. Aynan shu sabab men ishlab jamg‘arayotgan pulimga birinchi navbatda uy emas, bolalarim qiynalmasligi uchun mashina olishga qaror qildim. Sababi – yashab turishimizga ijara uy bor edi.

Birinchi o‘rinda eng arzon mashina topishim kerak edi. Ikkilamchi bozorga bordim. Eng arzoni “Damas” ekan. Olayotgan paytimdayam hayratlanishdi bundan, ishonishmadi. Olib kimgadir sotadi deb o‘ylashdi. Ularni ishontirish uchun beshta farzandim bor, shuning uchun katta mashina olayotganimni aytib, yolg‘on aralashtirishga majbur bo‘ldim.

Yo‘lga chiqar ekanman, faqat sabr-matonat so‘radim. Chunki erkak kishi kirakashlik qilsa oddiy qarashadi. Lekin ayol kishi kirakashlik qilsa, yana “Damas”da – judayam hayratlanisharkan”.

Yig‘latadigan yo‘lovchilar, jamiyatning ayolga munosabati

 “Ko‘proq ayol yo‘lovchilarni olaman. O‘tgan yili yozda mijoz chaqirganda borsam, ikkita erkak ekan. Mijozning qanday odamligini oldindan hech kim bilmaydi. Kutib tursam, kimdir baqirdi, aylanib oldiga bordim. Bilsam bittasi mast ekan, ularni olmasligimni aytsam, yonidagi sherigi kech qolishayotganini aytib iltimos qildi. Ichgan sherigi yo‘l bo‘yi menga masxaraomuz buyruq berib ketdi, istagan ashulamni qo‘y, men istagan narsani qilishga majbursan,  yo‘l haqi muncha ko‘p degan mazmunda. Shunaqa paytda dilingiz og‘riydi. Manzilga yaqin qolganda mashinamda gaz tugadi, benzin ham oz qolgani uchun iltimos qildim, yoqilg‘i quyib olishim uchun. Shunda “yo‘q, men seni qarg‘ayman. Agar meni norozi qilib zapravkaga kirsang, unaqa bo‘lasan, bunaqa bo‘lasan”, dedi. Shunda yig‘lab yubordim”.

“Bir kun Toshkent shahridan Chirchiq shahrigacha odam oldim. Yonimdagi o‘rin bo‘sh edi, bittasi yonimga o‘tirdi, o‘sha paytda e’tibor bermabman – ichgan ekan. Yo‘lda ketar ekanmiz, menga gap ota boshladi. Bunaqa vaziyatda unga nima deyishni bilmayman. Birinchidan, orqada bolalarim ham bor, ikkinchidan, undan boshqa yo‘lovchilar ham bor. O‘zimni ko‘rsatib, birovni sharmanda qilishga imkoniyat yo‘q. Jim o‘tirishni aytsam birpas jim ketadi va yana boshlaydi. Erim bor-yo‘qligi, ayol boshim bilan kira qilayotganimga qiziqadi. Sabr qilib, tartibga chaqirdim. Manzilga yaqinlashganda hamma tushib ketdi va mashinada men, bolalarim va o‘sha yo‘lovchi qoldik. Sherigi ikkalasiga u pul to‘lashi kerak. U paytda shilqimlik uchun jazo yo‘q edi, yaxshiyamki hozir shunday qaror chiqdi. Yo‘lda qo‘li bilan nojo‘ya harakatlar qilmoqchi bo‘ldi. Manzilga yetganda bo‘pti deb tushib ketyapti. Yo‘lkirani so‘rasam “Sizga pul berish kerakmi?” dedi. Alam qiladi – siz ayol boshingiz bilan uni ura olmaysiz, bolalaringizning oldida so‘ka olmaysiz, chunki u paytda siz ham ishlab, ham bolalarga ona sifatida tarbiya berayotgan bo‘lasiz. Jahlim chiqib, “lafz bormi, yo‘l haqqini bering” desam xuddi sadaqa berganday yuzimga pulni otib yubordi. Ana o‘shanda yig‘ladim.

Eng og‘riqlisi nima bilasizmi? Yo‘l davomida u menga gap otib kelayotganda birorta yo‘lovchi “Hoy, nima deyapsan?” demadi. Bir ayol xo‘rlanadi, lekin atrofdagilar menga nima deganday jim ketishadi. Mana sizga ayolga bo‘lgan munosabat”.

Biz halol pul topamiz

“Eng ko‘p ishlagan kunim 700 ming so‘mgacha pul topganman. Bizning safimiz ko‘paysin. Faqat ayollar va bolalarga xizmat ko‘rsatadigan ayol taksichilar ko‘paysin. Erkak kishi bo‘ladimi, ayol kishi bo‘ladimi hayotda o‘zini o‘rnini topishi kerak. Lekin erkaklar bizni to‘g‘ri tushunishsin. Bizning ishimiz halol”.

Bu ko‘rsatuv suhbatdoshlarning hayotida unutilmas bo‘ldi. Chunki o‘qish orzusida bo‘lgan, ammo bunga imkoni bo‘lmagan suhbatdoshimizga Toshkent Kimyo xalqaro universitetida tahsil olish uchun sertifikat topshirildi.

 Suhbatni Kun.uz’ning You Tube’dagi sahifasida to‘liq ko‘rishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: