Mahachqal’a shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochiladi

O‘zbekiston 10:56 / 27.07.2024 2124

"Dunyo" xabariga ko‘ra,  mamlakat delegatsiyasi a’zolari Derbent shahriga tashrifi davomida shahar ma’muriyati rahbari Ahmad Kuliyev bilan uchrashdi. Suhbat davomida ushbu shahar Kaspiy dengizi bo‘yida joylashganligi va o‘zining tarixiy obidalari bilan mashhurligi, 2023 yil davomida Derbent shahriga 700 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgani ma’lum qilindi.

Buxoro viloyati delegatsiyasi, shuningdek, Derbent shahridagi bir qator korxonalarda bo‘ldi va ularning rahbarlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Mahachqal’a shahriga tashrif davomida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Dog‘iston hukumati rahbari Abdulmuslim Abdulmuslimov boshchiligidagi hukumat a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-madaniy sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar natijasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash, Mahachqal’a shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar turizm xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajriba va sohadagi tashkilotlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni o‘rnatish, sayyohlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlash xususida fikr almashdilar.

Uchrashuv natijasida Buxoro viloyati Turizm boshqarmasi va Dog‘iston Respublikasi Turizm vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shundan so‘ng, Buxoro viloyati va Dog‘iston Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda Buxoro viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat va savdo kooperatsiyasi masalalarida hamkorlik qilish va boshqalar to‘g‘risida ahdlashib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: