Antalyadagi turarjoy krizisi: Ukrainadagi urush ta’sirimi yoki Turkiya iqtisodiyotidagi muammolar?

Jahon 18:56 / 05.05.2024 11732

«Egalari uylarini bizga emas, rossiyaliklarga ijaraga berishni istashadi, chunki ular ikki barobar ko‘proq haq to‘lashadi. Bizning ijara haqimiz ham ko‘tarilib ketdi», deydi 23 yoshli Dilyan. U go‘zallik salonida ishlaydi va kuniga 300 lira (9,3 dollar) pul topadi. U o‘zining yosh bolalariga so‘nggi marta qachon go‘sht xarid qilganini eslay olmaydi.

Antalya — Turkiyaning yirik shaharlari biri, mamlakat tashqarisida mashhur kurort. Lekin uning ikkinchi nomi ham bor: «Kichik Rossiya».

Shahar meri Muhiddin Bo‘chekning aytishicha, shaharning 2,5 mln aholisidan 200 mingi rus tilida so‘zlashadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ruslar — Antalyadagi eng yirik xorijiy qatlam, ulardan keyin qozoqlar va ukrainlar turadi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 32 ming rossiyalik va 14 ming ukrainalik Antalyada yashash uchun istiqomat guvohnomasi olgan.

BBC’ning turkiyalik muxbiri Fundanur O‘zturk Antalyadan reportaj tayyorladi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, yangi migratsiya oqimlari tufayli shaharda juz’iy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Turarjoylarning narxi va ijara bahosi keskin ko‘tarilishi barobarida mahalliy aholining xorijliklarga yovqarashi ham osha boshladi.

Urush boshlanganidan so‘ng shaharda turarjoy ijarasi bahosi osmonga o‘rlab, ikki oy ichida besh barobarga ko‘tarildi.

Antalya — xorijliklar mamlakat aholisidan ko‘ra ko‘proq turarjoy xarid qilgan Turkiyaning yagona shahri. Muhiddin Bo‘chekning so‘zlariga ko‘ra, birgina rossiyaliklarning o‘zi 90 mingdan ortiq uy va xonadonlarni xarid qilishgan.

Shaharning shahar va mahalliy rejalashtirish bo‘yicha mutaxassisi Bugra Go‘kchaning aytishicha, 2022 yil martidan buyon Antalyada turarjoylar narxi qariyb 4 barobarga ko‘tarilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda avval kvartira ijarasi oyiga 3600 lira (112 dollar) bo‘lgan bo‘lsa, hozir 14 ming lira (435 dollar)ni tashkil etadi.

«O‘z davlatidagi immigrantlar»

23 yoshli Dilyan suriyalik qochqinlar va migrantlar eng ko‘p to‘plangan tumanda istiqomat qiladi. Uning aytishicha, qochqin suriyaliklar va qochqin rossiyaliklar tushib qolgan vaziyatni hattoki solishtirib ham bo‘lmaydi.

«Men suriyaliklar bizga kelib joylashganini qoralay olmayman, chunki ularning ustidan bomba yog‘dirib turilgan. Rossiyaliklarda esa vaziyat boshqacha. Ularda pul bor, bu yerda hamma narsa arzonligi uchun kelib olishgan. Ular bizning hayotimizni o‘g‘irlash barobarida uni qiyinlashtirmoqda», — degan sartarosh qiz.

«Ular bir oylik maoshiga bu yerda bir yil yashashi mumkin. Biz esa qo‘lni qo‘lga urib ishlashimiz kerak. Men masalan oyiga 100 lira ham orttirolmayman. Har safar bozorga tushganimda 1000 lira tashlab chiqaman», — deya noliydi Dilyan.

Antalyadagi cheburekxonalar tarmog‘i Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimoroli asrlar davomida Usmoniylar imperiyasining bir qismi bo‘lganini eslatadi. Foto: BBC

Uning so‘zlarini mebelga material qoplovchi Tunay Sarpqaya ham ma’qullaydi. Uning tasdiqlashicha, xorijliklarning oqimi yashash qiymatini sezilarli darajada oshirib yuborgan.

Tunayning so‘zlariga ko‘ra, u yashayotgan hududda Rossiyaning Ukrainaga ochgan urushigacha ijara haqi 2000 lira (62 dollar) atrofida bo‘lgan, hozir esa 13 ming lira (400 dollar)gacha chiqib ketgan.

Bugra Go‘kchening qayd etishicha, turarjoy ijarasi narxlari o‘sishi ko‘plab omillar, jumladan turk valutasining dollarga nisbatan qiymati tushib ketgani, mamlakat iqtisodiyotidagi muammolar bilan bog‘liq. Biroq, badavlat xorijliklarning Turkiyadan uy-joy sotib olishi va buning ortidan fuqarolik olishayotgani ham katta rol o‘ynaydi.

«Pirovardida mahalliy fuqarolarimiz qashshoq holatga tushib qolishmoqda. Ular ona shahrida yashashga imkon topolmay qolyapti, chunki olayotgan maoshi ijara haqini qoplamaydi, qora kunlarga pul yig‘ishni-ku qo‘yaturing, — deydi Go‘kche. — Agar hukumat hozirgi siyosatini davom ettiraversa besh yildan so‘ng Antalyada turklar qolmaydi. Turarjoy fondida xorijliklarning yetakchilik qilayotgani kundek ravshan bo‘lib qoladi. Biz allaqachon jiddiy ijtimoiy inqirozga duch kelib bo‘ldik».

Mina Po‘lat suvenirlar do‘konida ishlaydi. Uning olti kishidan iborat oilasi ikkita yotoqxonaga ega uyda yashamoqda. «Uyning ahvoli shunchaki dahshat, lekin bizda tanlov yo‘q. Biz o‘z mamlakatimizda immigrantlarga aylandik», deydi u.

9500 lira (294 dollar) pensiyaga yashovchi 66 yoshli Do‘ne Qanatni ijara haqini to‘lay olmay qolgani uchun uydan haydab chiqarishgan. Endi 4000 lira (125 dollar) evaziga tashlandiq do‘konda yashashga majbur.

Antalya ko‘chalarida rus tilidagi menyular odatiy hol. Foto: BBC

Antalyaning mahalliy siyosatchilaridan biri, milliyatchilar harakati partiyasining ijrochi direktori Demet Selek rossiyaliklar allaqachon boshqalardan ajralib turuvchi jamoa bo‘lib yashashga o‘tib olishganini aytadi. Ularning o‘z supermarketlari va taksi haydovchilari ham bor.

«Ular butun bir turarjoy majmuasini xarid qilishadi va uni faqat rossiyaliklarga ijaraga berishadi. Bu noto‘g‘ri», — degan u.

«Men ilk marta o‘zimni istalmas begona his qildim»

BBC muxbiri Ukraina fuqarosi Irinani shahar tumanlaridagi bozorlardan birida uchratgan. Uning aytishicha, Antalyada istiqomat qilayotganiga 8 yil to‘lgan bo‘lsa-da, yaqinda u o‘zini ilk marta bu shaharga begona his qilgan.

«Men avtobusda ketayotganimda, yonimda o‘tirgan mahalliy turk ayollari xorijliklardan shikoyat qila boshlashdi, — deydi Irina. — Men e’tiroz bildirib, ularga turk tilida murojaat qildim, biroq ulardan biri menga qarata «sizlar bu yerni tark etsalaring bizga yaxshiroq bo‘ladi», dedi. Men bunaqasini birinchi marta eshitdim va juda ko‘nglim og‘ridi».

Ukrainalik Irina Antalyaga 8 yil muqaddam ko‘chib o‘tgan, hozir u o‘zini bu yerda begona his qilmoqda. Foto: BBC.

Irina kabi ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan ko‘plab ayollar xos buyurtma asosida mijozlarining uyiga borib, manikyur, pedikyur va kipriklarni parvarishlash xizmatlarini ko‘rsatishadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u har doim xorijliklar ko‘proq istiqomat qiladigan hududlardan chetroqqa chiqsa mahalliy aholining «nafratli nigohlari»ga duch keladi.

«Kiyim do‘konlaridan birida kiyinish xonasiga kirmoqchi bo‘lganimda turk ayoli meni to‘xtatdi. U do‘kon xodimiga qarata: «men birinchi kiraman, men turkman, u esa xorijlik, kutib tursin», dedi. Men kiyib ko‘rmoqchi bo‘lgan kiyimlarimni tashlab, chiqib ketdim. Do‘kon egalari esa umuman vaziyatga aralashishmadi, shunchaki sukut saqlagancha menga tikilib turishdi. Avvallari hech bunaqa bo‘lmasdi», — deydi Irina.

Antalyadagi oziq-ovqatlar narxi ham yaxshigina ko‘tarilgan. Foto: BBC

«Hammasi urush boshlangach o‘zgardi»

Ingliz tilidan dars beruvchi rossiyalik 47 yoshli Natalyaning aytishicha, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng ruslar va ukrainlar o‘rtasidagi taranglik keskin oshgan va Antalyadagi hayot butunlay o‘zgarib ketgan.

«Ayrim ukrain do‘stlarim men bilan aloqani uzishdi. Men bolalariga dars berib kelgan ukrainalik oila xizmatlarimdan voz kechdi. Avvallari bu yerda bir oiladek yashardik, endi esa mening oilamni ichida ham bahs-janjallar bo‘lyapti. Hayot endi avvalgidek bo‘lmaydi, biz juda ko‘p narsani yo‘qotdik», — deydi Natalya.

Rossiyalik Natalya kun ko‘rish og‘irlashgani, Antalyani tark etishini aytgan. Foto: BBC

Natalyaning hayotiga turarjoylar narxi oshgani ham ta’sir o‘tkazgan. U xarajatlarni keskin kamaytirgan. Biroq oyiga 1000 dollar daromad endi kamligini tushunib yetgan. Uning aytishicha, oilasi restoranlarga borishni bas qilgan, baliq va go‘shtni ratsiondan chiqarib tashlagan.

Uning eng qo‘rqadigani — qandaydir fursat yetib, u ortiq o‘zini bajara olmay qolishi va uni deportatsiya qilishlari mumkinligida.

2022 yilda hukumat shaharning 10 ta tumanida istiqomat izni berilishini bekor qildi, endi Antaliyada yashovchi xorijliklar istiqomat guvohnomasi ololmaydi, olganlari esa muddatini cho‘za olmaydi.

Urush boshlanganidan so‘ng rossiyaliklar uchun ham, ukrainlar uchun ham turistik istiqomat iznini olish soddalashtirilgan edi. Endi bu qoida ham yaqinda bekor qilindi.

Agar turistik istiqomat guvohnomasi sohibi o‘z vatanida doimiy daromadga egaligini isbotlay olmasa, uning istiqomat izni cho‘zib berilmaydi, chunki moliyaviy vaziyat zarur talablarga javob bermayotgan bo‘ladi.

Natalyaning aytishicha, uning uzoq vaqtlardan buyon Turkiyada yashab kelgan do‘stlari aynan istiqomat izni cho‘zib berilmagani uchun Antalyani tark etishga majbur bo‘lishgan.

«Men bu mamlakatga nima bo‘lganini tushunolmayapman. Nima o‘zgardi? Nega ular bizni ortiq istashmayapti? O‘tgan yili mening vizamni osongina cho‘zish mumkin edi, endi esa bu amalda imkonsiz», — deydi u.

Ukrainalik Olga ham uning vizasi cho‘zib berilmasligiga ishonchi komil va u o‘z qizi kelajagi uchun kurashishi, hech qayerga ketmasligini ta’kidlagan. Foto: BBC

«Xorijliklar shahar iqtisodiyotiga sarmoya yotqizishmoqda»

Antalyadagi ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar palatasi a’zosi Ismoil Chag‘larning BBC’ga hikoya qilib berishicha, shaharda xorijliklar tomonidan boshqarilayotgan 3 mingdan ortiq ro‘yxatdan o‘tmagan ko‘chmas mulk agentlari ishlamoqda.

«Urush boshlanganidan buyon Rossiya va Ukraina fuqarolari ilk marta ularning ona tilida gaplashuvchi rieltorlar bilan to‘qnash kelishdi, — deydi Chag‘lar. — Ular odamlarni aldab, besh barobar ko‘proq ijara haqi talab qilishgan. Urushdan qochib kelayotgan odamlar ularga ishongan va puliga kuyib qolgan. O‘z navbatida, buni ko‘rgan turk rieltorlari ham narxlarni oshira boshlashgan. Ijara haqi kun sayin ko‘tarilib borganining bosh sababi shu».

Antalya ko‘chalarida. Foto: BBC

Biroq narxlarni xorijliklar emas, vaziyatdan foydalanib qolishga uringan turk rieltorlari va ijaraga beruvchilar ko‘targan, degan fikrlar ham bor.

Shaharda turarjoyi bo‘lgan mahalliy oilalarning bir qismi yaqin atrofdagi qishloqlarga ko‘chib, o‘z uylarini xorijliklarga, asosan ruslarga ijaraga qoldirib ketishgan. Bundan tashqari, ko‘plab mahalliy agentliklarda endilikda rusiyzabon xodimlar ham paydo bo‘lgan.

Mahalliy siyosatchi Demet Selekning aytishicha, garchi hamma noliyotgan bo‘lsa-da, narxlar oshishiga tezda ko‘nikib bo‘lishgan: «Alal oqibatda juda ko‘p odamlar o‘z uylarini qimmatroqqa sotishga muvaffaq bo‘lishgan», deydi u.

Antalya bozori. Foto: BBC

Urushga chaqirishlaridan Antalyaga qochgan rossiyalik yosh rieltor Vladimirning aytishicha, rossiyaliklar turarjoy narxlarini oshirmayapti, aksincha, shahar iqtisodiyotiga sarmoya kiritmoqda.

«Turkiyaga doimiy yashash uchun kirib kelayotganlar aslo kambag‘al odamlar emas. Ular mahalliy iqtisodiyotga pul yotqizishmoqda. Ko‘plab turklar, ularning ayrimlari mening mijozlarim, shahar xorijliklar tufayli rivojlanib ketganini ochiqcha tan olishadi», — deydi Vladimir.

Uning aytishicha, Turkiyadagi inflatsiya shu darajadaki, mahsulotlar va xizmatlar narxi har ikki haftada o‘zgarib turadi. Mamlakatdagi iqtisodiy muammolarning xorijliklarga daxli yo‘q. Boz ustiga, ayni paytga kelib ko‘plab odamlarga istiqomat izni berilmayapti va ular mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: