Yevropa Ittifoqi Germaniya va Chexiyaga qarshi «yomon niyatli kiberkampaniya»ni qoraladi, unda, bu mamlakatlar rasmiylariga ko‘ra, rossiyalik hakerlar ishtirok etmoqda. Bryussel 3 may, juma kuni bergan bayonotida YeI bunday hujumlarga javob berish uchun o‘z ixtiyoridagi «to‘liq imkoniyatlardan» foydalanishi haqida ogohlantirdi.
Avvalroq, 3 may kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Avstraliyaga tashrifi chog‘ida Germaniya rasmiylari 2023 yilda Germaniyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) elektron pochta serveriga qilingan hakerlik hujumi manbasini aniqlaganini aytgan edi. Germaniya TIV rahbari so‘zlariga ko‘ra, partiya rahbariyatining qator elektron akkauntlari buzib kirishi ortida Rossiya harbiy razvedkasi bilan aloqador deb hisoblangan APT28 hakerlik guruhi turibdi.
Shu bilan birga, Berbok bu hujum oqibatlarsiz qolmasligiga va’da berdi. Keyinroq Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Berlindagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili hakerlar mojarosi yuzasidan TIVga chaqirilganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Chexiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi bir qator siyosiy tuzilmalar ham 2023 yildan buyon rossiyalik hakerlar hujumiga uchragani haqida bayonot berdi. Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlaganidek, APT28 guruhi hujumchilari Microsoft Outlook elektron pochta dasturidagi zaiflikdan foydalangan.
Rossiyadan Germaniya va Chexiyaga qarshi kiberhujumlar haqidagi xabarlarga NATO munosabati
NATO, shuningdek, Germaniya va Chexiya bilan ushbu mamlakatlarni nishonga olgan kiberhujumlarning yangi dalillari asosida birdamlik bildirdi.
«Ittifoqchilar Germaniya va Chexiya o‘z mamlakatlaridagi zararli kiberfaoliyat uchun javobgarlikni tahdidga ega Rossiya homiyligidagi APT28 guruhi, xususan, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi zimmasiga yuklaganini tan oladi. Ittifoqchilar, shuningdek, xuddi shu tahdid soluvchi boshqa milliy davlat idoralari, muhim infratuzilma operatorlari va ittifoqdagi boshqa tashkilotlarga, jumladan, Litva, Polsha, Slovakiya va Shvetsiyaga hujum qilganini xavotir bilan qayd etadi», — deyiladi 3 may kuni NATO saytida e’lon qilingan bayonotda.
«Biz demokratik institutlar, milliy xavfsizlik va erkin jamiyatlarimizga putur yetkazishga qaratilgan zararli kiberharakatlarni keskin qoralaymiz», deya bayonot berdi NATO.