Tbilisida noma’lum shaxslar namoyishchilarga hujum qildi

Jahon 10:53 / 04.05.2024 3188

Tbilisida bir guruh noma’lum shaxslar «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi namoyishlar ishtirokchilariga hujum qilishdi. Gurjiston matbuotiga ko‘ra, poytaxtdagi Qahramonlar maydoniga hujum 3 may, jumaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan va taxminan 10 daqiqa davom etgan — voqea joyiga odamlar to‘plana boshlagan. 

Pirveli telekanaliga ko‘ra, 20 ga yaqin kishi hujum ishtirokchisi bo‘lgan, «Gurjiston Online» ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda 15 ga yaqin odam qatnashgan - ular miting o‘tkaziladigan joyga bir nechta mashinalarda kelgan. Nashr keltirgan namoyishchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular velosipedda ketayotgan odamni yiqitgan va mashinalaridan tushib, «yana bir necha namoyishchilarga zarba bergan». 

Kamida besh nafar qurbon haqida xabar berilgan: bir nechasining boshi yorilgan, birining tishi singan. Shifokorlar ularga voqea joyida yordam berishdi. Hujum qilganlar voqea joyini tark etishga muvaffaq bo‘lgan. 

Namoyishchilar «to‘liq itoatsizlik» bilan tahdid qildi 

2 may oqshomida «Xorijiy ta’sirning shaffofligi» qonun loyihasiga qarshi namoyishchilar o‘z talablarini e’lon qildi. Ulardan birinchisi, barcha «noqonuniy va nohaq hibsga olinganlarni» ozod qilishdir. Ikkinchi va «eng muhimi» - «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarib olish, aks holda namoyishchilar «to‘liq itoatsizlik» e’lon qilish niyatida. Uchinchi talab - ayollar, bolalar va boshqa namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganlarning barchasi «mumkin bo‘lgan darajada jazolanishi». 

Namoyishchilarni xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlash

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Gurjiston hukumatini qonun loyihasini qaytarib olishga, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan «muloqot boshlashga» chaqirdi. U, shuningdek, politsiya tomonidan namoyishchilarga nisbatan «asossiz va nomutanosib» kuch ishlatganidan xavotir bildirdi. 

Moldova prezidenti Mayya Sandu va Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom ham namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi. 

AQSh Davlat departamenti ta’kidlashicha, «hukumatning dushmanona ritorikasi va antidemokratik qonunlarni qo‘llab-quvvatlashi Gurjiston yevroatlantika kelajagini xavf ostiga qo‘yadi». Amerikaning Tbilisidagi elchixonasi xabar berishicha, Gurjiston tomoni hukumat yuqori martabali amaldorlaridan iborat delegatsiyaga «strategik sheriklik va yordamga oid har qanday masalalarni muhokama qilish uchun» AQShga tashrif buyurish taklifini rad etgan. 

Mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari va Yevropa Ittifoqi tanqidlari fonida Gurjiston parlamenti 1 may kuni «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi, tanqidchilar u muxolifatchi OAV va tashkilotlarni bostirish vositasiga aylanishidan xavotirda. 

2 may oqshomidagi mitingda uning ishtirokchilari Tbilisida 11 may – Yevropa kuni munosabati bilan navbatdagi keng ko‘lamli norozilik aksiyasi o‘tkazilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda «Gurjiston Online».

Ko‘proq yangiliklar: