Gurjistonda namoyishga chiqqan o‘nlab muxolifat vakillari hibsga olindi

Jahon 01:21 434

Bir qancha muxolifat yetakchilari, jumladan, Tbilisi sobiq meri Gigi Ugulava va «O‘zgarishlar uchun» partiyasi asoschisi Nika Meliya norozilik namoyishlari davomida politsiya bilan yuzaga kelgan to‘qnashuv davomida hibsga olindi.

Bir kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy mahbuslarni ozod etish, yangi parlament saylovlarini belgilash va Gurjistonning YeIga a’zo bo‘lish jarayonini qayta boshlash talabi bilan keng ko‘lamli aksiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ular Tbilisi—Batumi strategik avtotrassasini yopib qo‘ymoqchi bo‘lgan.

1 fevral kuni politsiya bir qator guruhlarning administratorlari uylarida tintuvlar o‘tkazgan.

IIV hozircha aksiya ishtirokchilariga qarshi jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarning aynan qaysi moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganiga izoh bermagan. Avvalroq idora Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, strategik avtomagistrallarni to‘sib qo‘yish to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi haqida ogohlantirgan edi.

Gurjistonda norozilik namoyishlarining yangi to‘lqini hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi 2028 yilga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib qo‘yishga qaror qilganidan keyin boshlandi. Namoyishlar davomida fuqarolar hamda kuch tuzilmalari vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Parlamentga o‘tgan boshqa partiyalar, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Salome Zurabishvili saylovlar natijalarini tan olmadi.

Dekabr oxirida Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvili Tbilisi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni o‘tkazishga tayyorligini, shuningdek, mamlakat AQSh bilan ham munosabatlarini chuqurlashtirish niyatida ekanini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: