OPEK jamg‘armasi O‘zbekiston bilan 500 mln dollarlik shartnoma imzoladi

Iqtisodiyot 20:28 / 03.05.2024 3669

OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (OPEK jamg‘armasi) O‘zbekiston bilan 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzoladi va mamlakatning barqaror rivojlanish dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollarlik yangi moliyalashtirishni taqdim etadi. 

Jumladan, OPEK jamg‘armasi O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim bo‘yicha loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 20 million AQSh dollari miqdorida yangi kredit ajratadi. Bunda mamlakat bo‘ylab 30 mingga yaqin bolalar uchun 200 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etadi. Loyiha Islom taraqqiyot banki va xususiy homiylar tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi. Hukumatning maqsadi 2030 yilgacha maktabgacha ta’limni umumiy qamrab olishga erishishdir. 

OPeK jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa boshchiligidagi delegatsiya Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etib, prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Savdo va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi. 

OPEK jamg‘armasi delegatsiyasi Samarqand viloyati Qo‘shrobod tumanidagi suv ta’minoti va kanalizatsiya bo‘yicha OPEK jamg‘armasi loyihasi obektiga tashrif buyurishi kutilmoqda. 37 million dollarlik loyiha mahalliy suv infratuzilmasini qurish va yangilash orqali taxminan 70 ming kishining salomatligi va turmush sharoitini yaxshilaydi. 

Bugungi kunga qadar OPEK jamg‘armasi O‘zbekistondagi 30 ga yaqin davlat va xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 760 million dollar kredit ajratgan.

Ko‘proq yangiliklar: