Rossiyada odamlarni yong‘indan qutqargan o‘zbekistonlikka pul yig‘ib berildi 

Jahon 21:23 / 02.05.2024 41149

Sankt-Peterburg shahrining Podolskaya ko‘chasida odamlarni yong‘indan qutqargan o‘zbekistonlik Olimjon Ibrohimov uchun shaharliklar 36 ming rubl yig‘ishdi. Bu haqda «Chernyy spisok Piter» guruhi xabar berdi. 

Nashrning ta’kidlashicha, guruh a’zolari Ibrohimovga 11 ming rubl bergan, yana 25 ming rublni Kolomna (yong‘in sodir bo‘lgan joydan uncha uzoq bo‘lmagan okrug) aholisi yig‘gan. 

26 aprel kuni Sankt-Peterburgda ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishlovchi 48 yoshli Ibrohimov yong‘in sodir bo‘lgan binoning uchinchi qavatida qolib ketgan ayollarni qutqarib olinishiga yordam bergan edi. U drenaj trubasiga chiqib, uchinchi qavatga chaqqonlik bilan ko‘tarildi va ayollarga derazadan tushib, karnizga turib olishga ko‘maklashdi. Yordamga kelgan o‘t o‘chiruvchilar esa ayollarni zinapoya orqali pastga tushirdi. Hodisani o‘tkinchilar videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirganidan so‘ng, Ibrohimov mashhur bo‘lib ketgan edi. 

27 aprel kuni shaharning Admiralteyskiy tumani ma’muriyati rahbari Sergey Overchuk minnatdorchilik belgisi sifatida Olimjon Ibrohimovga cherkovning suratini sovg‘a qildi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: