JPMorgan’ning Rossiyadagi aktivlari musodara qilinishi mumkin

Jahon 13:34 / 02.05.2024 4152

AQShning eng yirik banki JPMorgan Chase Rossiyadagi aktivlari VTB bilan kelishmovchilik tufayli musodara qilinishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 1 may, chorshanba kuni moliya instituti ma’lumot berishicha, Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari joriy qilinganidan so‘ng bank Rossiya Federatsiyasidagi faoliyati bilan bog‘liq bir qator huquqiy muammolarga duch kelmoqda. 

Aprel oyida Rossiya sudi chet elda bloklangan aktivlarini qoplashga urinayotgan VTB da’vosidan so‘ng Rossiya Federatsiyasidagi JPMorgan hisoblaridagi mablag‘larni xatlovga olishga qaror qildi. Rossiya banki JPMorgan Chase’dan AQSh sanksiyalari tufayli Amerika bank hisoblarida muzlatilgan 439,5 million dollarni qaytarishni talab qilmoqda. 

Da’volar miqdori JPMorgan’ning RFdagi aktivlaridan oshadi 

Shu bilan birga, aktivlarni muzlatish to‘g‘risidagi da’volar va topshiriqlar miqdori JPMorgan’ning Rossiyadagi mavjud mablag‘laridan oshib ketgan, deya ma’lumot berdi bank ularning hajmini ko‘rsatmagan holda. Bu aktivlarga bank hisobraqamlaridagi mablag‘lar, ko‘chmas mulk va ofis jihozlari kiradi, deb yozadi Reuters. 

Bunga javoban JPMorgan Chase Rossiya sudlarini shartnomaviy huquq va majburiyatlarga e’tibor bermaslikda aybladi, shuningdek, AQSh sanksiyalari tufayli to‘lovlarni amalga oshira olmasligiga ishora qildi. Bankda ta’kidlanganidek, AQSh qonunchiligi unga sanksiyalarga duchor bo‘lgan kompaniyalarga, jumladan VTBga mablag‘ ajratishni taqiqlaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: