Ukrainada urushning 798-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiyalik harbiylar Odessa shahri markaziga ballistik raketalar bilan zarba berdi. Uch kishi halok bo‘lgan. RF mudofaa vazirligi Ukraina QK «Janub» operativ qo‘mondonligi shtabi nishonga olinganini ma’lum qilgan.
- Ryazan neftni qayta ishlash zavodiga bir oy davomida ikkinchi bor pilotsiz uchish qurilmasi hujum qildi. Ukrain nashrlari manbasi bu zarba Bosh razvedka boshqarmasi amaliyoti bo‘lganini xabar qilgan.
- Sergey Shoygu «yurish sur’atini zarur darajada saqlab qolish uchun» qurol va harbiy texnikalar yetkazib berish hajmini oshirishni talab qildi.
- Germaniyada so‘l radikal faollar Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun Rheinmetall konserni rahbarining dala hovlisiga o‘t qo‘yishdi.
- Ukraina QK havo kuchlari spikeri Ilya Yevlashning ma’lum qilishicha, Ukrainada ilk F-16 qiruvchilari Pasxadan keyin (2024 yilda 5 may kuni nishonlanadi) paydo bo‘lishi mumkin.
Kun kadri. Zolochev o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini 1 may kuni Xarkiv oblastidagi Zolochev qishlog‘iga boshqariluvchi aviabombalar tashlashgan. Oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgan — 64 yoshli erkak va 38 yoshli ayol, ular bo‘lgan avtomobil yonida bomba portlagan. 13 kishi jarohatlangan, ma’muriy bino, bank bo‘linmasi, xususiy uylar va 20 dan ortiq avtomobillar shikastlangan.
Xarkiv o‘qqa tutilishi oqibatlari
29 aprel kuni Rossiya aviatsiyasi Xarkivga bir nechta boshqariluvchi aviabombalar tashlagan, deb xabar qilgan mahalliy rasmiylar. Bundan tashqari, kamida beshta bomba Xarkiv rayonidagi aholi yashash punktiga tushgan. Bombardirovka oqibatida kamida bitta uy qisman shikastlangan. Xarkiv oblasti rahbari Oleg Sinegubovning aniqlik kiritishicha, o‘qqa tutish oqibatida 42 yoshli erkak jarohatlangan. Shifokorlar uning holatini o‘rta og‘irlikda deb baholashgan.
30 aprel kun aviazarbalar takrorlandi — Sinegubovning xabariga ko‘ra, bu safar 24 yoshli erkak halok bo‘lib, yana to‘qqiz kishi jarohat oldi. Zarbalar 1 may kuni ham davom ettirilgan, 26 yoshli erkak halok bo‘lgan, ko‘plab kishilar yaralangan. Zarba oqibatlari bo‘yicha ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda.
«Dasht bo‘rilari» bo‘linmasidagi ko‘ngillilar qo‘lbola baravar o‘t ochish tizimlarini yasamoqda
Ko‘ngillilarning «Dasht bo‘rilari» bo‘linmasi rasman Ukraina qurolli kuchlari tarkibiga kirmaydi, ammo uning a’zolari Rossiya bosqiniga qarshi kurashishda o‘z hissasini qo‘shmoqda. Reuters agentligi yozishicha, bo‘linma asosan yoshi 60 dan o‘tgan jangchilardan iborat — ular yosh bo‘yicha safarbar qilinmaydi, ammo ular xizmat qilishni istashadi. «Biz pensiya fondi tufayli jang qilyapmiz», — degan agentlik muxbiriga «Ded» chaqiruv belgisiga ega 68 yoshli komandir (Oleksandr Taran). «Dasht bo‘rilari» orasida salomatligidagi muammolar tufayli harbiy xizmatga jalb etilmaganlar ham bor, ammo ular front ortida qolishni istashmagan. «Agar istamasa, uni tayoq bilan ursang ham, jang qilmaydi. Agar odam istasa, 100 yoshida ham jangga borishi, topshiriqni bajarib, dushmanni yo‘q qilishi mumkin. Biz son bilan emas, faqat mahorat bilan ulardan ustun kelishimiz mumkin», — degan «Dasht bo‘rilari» komandiri safarbarlikning yangi qoidalariga munosabat bildirar ekan.
Kupyansk atrofidagi ukrain artilleriyachilari
May oyi boshiga kelib Kupyansk yo‘nalishidagi vaziyat barqarorligicha qolmoqda. Bu hududda jangovar to‘qnashuv chizig‘idagi so‘nggi o‘zgarish fevral oyida ro‘y bergandi: oy o‘rtalarida RF qurolli kuchlari shahardan janubi-sharqda joylashgan Tabayevka qishlog‘ini egallagan, shimolda Sinkovkani egallashga harakat qilgan, ammo Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi bilan to‘xtatilgandi.
Kupyansk yaqinidagi Sinkovkani shturm qilib ololmagan Rossiya qo‘shini uni g‘arbdagi o‘rmonzorlar orqali aylanib o‘tmoqchi bo‘ldi, ammo ukrain harbiylari tomonidan to‘xtatildi. Rossiyaliklar 2023 yil kuzidan buyon Kupyanskni shimol tomondan to‘sib turuvchi Sinkovkani egallashga urinib keladi, ammo hozirgacha muvaffaqiyatga erishilmagan.
Moskvada o‘lja qilib olingan texnikalar ko‘rgazmasi
Moskvadagi Poklonnaya tog‘ida 1 may kuni Ukrainadagi jang maydonida egallab olingan texnikalar ko‘rgazmasi ochildi. Ekspozitsiyadan — 32 ta namunadagi harbiy texnikalar, jumladan NATO a’zo davlatlari armiyalarining texnikalari o‘rin olgan. «Ko‘rgazma ochilishiga bir necha daqiqa qolganida kirish joyida rossiyalik jangchilar zarbasiga uchragan tanklar, zirhli avtomobillar, NATO mamlakatlari tomonidan Kiyev rejimiga yetkazib berilgan BMP va BTRlarni tomosha qilishga oshiqqan o‘nlab kishilar to‘plandi», deyiladi TASS reportajida.