G‘azodagi vaziyat
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jozep Borrelga ko‘ra, may oyining oxiriga borib bir qator Yevropa davlatlari Falastin davlatini tan olishadi.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, urushning 207-kuniga kelib G‘azodagi Isroil agressiyasi qurbonlari soni 34 ming 535 kishidan oshib ketgan. 77 ming 704 kishi jarohatlangan.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil tomonidan 5 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazilgan. Unda 47 kishi halok bo‘lgan va 61 kishi yaralangan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda halok bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlari soni esa 142 kishiga yetgan. So‘nggi halok bo‘lgan jurnalist «Al-Quds al-Yum» telekanali reportyori Salim Abu Tayyur bo‘ldi. U va uning o‘g‘li Ahmad G‘azoning markazida joylashgan Nusayrat qochqinlar lageriga berilgan aviazarba qurboniga aylanishdi.
Rafahga hujum xavfi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu garovda ushlab turilganlar almashilsa ham baribir Rafahga bostirib kirishlarini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, asirlar almashinuvi amalga oshirilsa ham, oshirilmasa ham Isroil Armiyasi Rafahda operatsiyani baribir o‘tkazadi.
«Biz baribir bu ishga qo‘l uramiz. Chunki to‘liq g‘alaba qozonish — bizning bosh maqsadimiz», — degan Netanyahu CBS News kanaliga bergan intervyusida.
Netanyahuga ko‘ra, Isroil armiyasi HAMASning qolgan-qutgan batalyonlarini yakson qilish uchun Rafahga bostirib kiradi. «Bizda boshqa hech qanday tanlov yo‘q», degan Isroil bosh vaziri.
Ushbu bayonot AQShning hujumni keyinroqqa qoldirish bo‘yicha ehtiyotkorona tavsiyasi fonida ro‘y berdi.
Bir necha oydan buyon Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘tkazilayotgan muzokara jarayonlarida 29 aprelga kelib Falastin harakatiga 40 kunlik otashkesim rejimi taklif etilgan, bitimga asirlar almashish masalasi ham kiritilgan edi.
Isroil armiyasi o‘zining zirhli texnika va tanklardan iborat bo‘linmasini Rafah atrofida to‘plamoqda. Rafahga hujumni operativ rejalashtirish bo‘yicha TsAHAL va Pentagon tomonidan qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazilayotgani, AQSh harbiylarining fikri bilan tanishish uchun uchrashuvlar ham o‘tkazilayotgani xabar qilinmoqda.
Amerikadagi aksilisroil namoyishlar
Washington Post nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytga kelib Amerika universitetlaridagi namoyishlarda hibsga olingan talabalar soni 1200 dan oshgan.
Norozilik namoyishlari Texasning Ostin universitetida ham davom etgan. Politsiya «Talabalar bahori» deb atalayotgan ommaviy norozilik aksiyalari chog‘ida universitetning o‘nlab talabalarini hibsga olgan.
Amerika politsiyasi Konnektikut universiteti talabalarining mitingini bostirishga harakat qildi. Talabalar «Toki Isroilni qo‘llab-quvvatlash, unga investitsiya kiritish bas qilinmas ekan, biz tinchimaymiz», deb baqirishgan.
AQSh ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi urushga qarshi norozilik namoyishlari mamlakatning 70 dan ortiq universitetlarida davom etmoqda. Talabalar universitetlar ma’muriyatidan Isroil va unga bog‘liq kompaniyalar bilan hamkorlikni to‘xtatishni talab qilishmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa Tel-Avivdan turib amerikalik talabalarga kelgusida ularning ishga joylashishida muammolar yuzaga kelishi bilan tahdid qilgan.
Gurjistondagi namoyishlar
Gurjistonda «chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Politsiya Gurjiston parlamenti oldida norozilik namoyishlari o‘tkazayotganlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.
Ozodlik maydoni oldida maxsus kuchishlatarlar o‘nta avtobusda keltirilgan. Ular Shota Rustaveli shohko‘chasini to‘sib qo‘yishgan.
Shuningdek, namoyishlarga qarata suv purkalgan, kuch ishlatilgan, qalampirli spreylardan foydalanilgan. Kamida 20 kishi tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan.
Maxsus kuchishlatarlar parlament oldida to‘plangan odamlarni tarqatish uchun rezina o‘qlardan ham foydalangan.
Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili Ichki ishlar vazirligidan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishni zudlik bilan bas qilishni talab qilgan.
«Barcha mas’uliyat joriy hukumat gardanida. Gurjiston xalqining tinch namoyish o‘tkazish huquqi bostirilmoqda», deb yozgan prezident X ijtimoiy tarmog‘ida.
Qonun loyihasi bugun parlamentda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi. Hozircha deputatlar qonunning 11 bandidan uchtasini ko‘rib chiqib ma’qullashgan.
Ukrainadagi urush
Ukraina AQShdan keltirilgan ATACMS raketalari bilan Qrimga hujum uyushtirgan. Turli xabarlarga ko‘ra, raketalar bilan Simferopoldagi havo hujumidan mudofaa harbiy qismlar va Jankoydagi harbiy aerodrom nishonga olingan. Ehtiyot yuzasidan Qrim ko‘prigida harakatlar vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘tgan sutka ichida AQShning 6 ta ATACMS raketalari va Fransiyadan keltirilgan 2 ta Hammer boshqariluvchi raketalarini urib tushirganini iddao qilmoqda. Raketalarning aynan qayerda urib tushirilgani ma’lum qilinmagan.
Ukrainaning Xarkiv shahrida Shimoliy Koreya raketasi qoldiqlari topilgani ma’lum bo‘ldi.
2 yanvar kuni Xarkovga zarba berilgan raketa Shimoliy Korechning Hwasong-11 ballistik raketasi qoldiqlari ekani aniqlangan. Bu haqda BMT kuzatuvchilari yakdil xulosaga kelishgan. Bu holat BMT tomonidan kiritilgan sanksiyalarga qaramasdan, KXDR o‘z qurollarini eksport qilganini bildiradi.
Bu orada dunyoning eng boy insoni Ilon Mask o‘ziga tegishli X ijtimoiy tarmog‘ida Ukrainadagi urush bo‘yicha o‘z munosabatini bayon etdi. U ko‘p vaqtlardan buyon Ukraina o‘z hududlaridan Rossiya foydasiga voz kechishi evaziga urushga nuqta qo‘yish kerakligini yoqlab keladi.
«Mening fikrimcha, hozir ochiq qolayotgan yagona masala — Rossiya alaloqibat Odessani egallay olishi yo olmasligida. Rossiya o‘z konstitutsiyasida biriktirib qo‘ygan (Donetsk, Xerson, Luhansk va Zaporijjya) oblastlarning barchasini egallamaguncha aniq tinchimaydi. Bu ularning ochiq e’lon qilingan siyosati», — deb yozgan Mask.
Tojikiston notasiga javob
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanayotgan choralar vaqtinchalik ekanini ta’kidlagan.
U tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin bilan telefon orqali muloqot qilgan va Rossiyaga kirishda Tojikiston fuqarolarining sinchiklab tekshirilayotgani — «Krokus Siti Holl» savdo markazida uyushtirilgan teraktdan so‘ng qo‘llanayotgan vaqtinchalik chora ekanini tushuntirgan.
Lavrov «qo‘llanayotgan choralarining vaqtinchalik xarakterga ega ekani, muayyan millat va dinga qaratilmagani»ni ta’kidlab o‘tgan. U shuningdek, «nazorat-o‘tkazish punktlaridagi vaziyat sekin-asta normallashayotgani»ni qayd etgan.
«Tomonlarning vaqt sinovidan o‘tgan Rossiya-Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, pozitiv dinamikani saqlab qolish va mustahkamlash borasida fikrlari bir joydan chiqdi», — deyiladi Rossiya tashqi siyosat idorasining xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston teraktdan so‘ng Rossiyada tojikistonlik fuqarolarga nisbatan «ommaviy» diskriminatsiya ro‘y berayotgani yuzasidan Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirgan edi. O‘tgan shanbada Tojikiston hukumati o‘z fuqarolarga noma’lum vaqtgacha Rossiyaga borishdan tiyilib turishni tavsiya etgan edi.
Suv balosidan so‘ng o‘t balosi
Rossiyaning hududlari vayronkor toshqinlardan so‘ng hali o‘nglanmasdan turib, garchi hali yoz boshlanmasa ham boshqa hududlarda yong‘inlar kuzatilmoqda.
Buryatiyada 100 gektardan ortiq o‘rmonga yong‘in tushdi. Kuchli shamol tufayli yong‘in shaharga ham yopirilgan.
Buryatiya Respublikasi poytaxti Ulan-Ude shahrining atrofidagi o‘rmonlar yona boshlagan. Yong‘in juda tez tarqala boshlagan va tezda 10 ming metr kvadrat maydonni qoplab olgan.
Kuchli shamol tufayli olov insonlar yashaydigan manzillarga ham o‘tib ketgan. Kamida 20 ta uyga o‘t ketgani aytilmoqda. Shahar hukumati poytaxtning ayrim hududlarida odamlar evakuatsiyasini e’lon qilgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, nihoyat o‘t o‘chirish xizmatlari yong‘inni jilovlashga muvaffaq bo‘lishgan.