Ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulkini saqlashdagi majburiy badallar va to‘lovlardan qarzdorligi mavjud mulkdorlar elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilishi mumkin. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Kun.uz jurnalistining bu tartib va eksperiment uchun nega aynan odamlarning to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan Navoiy shahri tanlab olingani haqidagi savolga javob qaytardi.
“Prezidentimizning qarori bilan shunday tartib ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bo‘lgan va tartib ishlab chiqilgan. Nima uchun Navoiy shahri tanlangan? Sababi Navoiy viloyatida odamlar to‘lov borasida boshqa hududlarga qaraganda tartibli, o‘z vaqtida to‘lash foizi yuqori. To‘lamagan fuqarolarning e’tirozlarini o‘rganishda birdaniga katta rezonans bo‘lmasligi uchun Navoiy tanlangan.
Bizda billing tizim ishlab chiqilgan, tizimga bog‘laganmiz, elektr tarmoqlari bilan integratsiya ishlarini ham tayyorlab qo‘yganmiz. Hammasi bo‘lgan. Lekin hozirgi kunda bu ishni amalga oshirish uchun tegishli qonunga o‘zgartirishlar kiritilishi kerak. Energetika vazirligi hozirda bu bilan ishlayapti. Bilasiz, chiqindini ham elektr energiyasiga bog‘lash masalasi turgandi. Qonunga kelganda bu ishlar to‘xtab turibdi. Qonun tasdiqlangandan keyin integratsiya bo‘lib, bu ish amalga oshadi.
Bu juda ham yaxshi samara beradi, deb o‘ylayman. Sababi, bitta ko‘p qavatli uyda 50 ta xonadon bo‘ladigan bo‘lsa, 40 ta xonadon o‘z vaqtida to‘lasa va 10 ta xonadon to‘lamagani uchun xizmat ko‘rsatilmasa. Nega 40 ta xonadon egalari to‘lamagan 10 ta xonadon uchun bu xizmatdan foydalana olmasligi kerak? Ko‘p qavatli uylarda yashovli aholiga xizmat qilishni xohlaymiz, lekin to‘lov masalasida ko‘p narsalar kelib chiqyapti. Shu muammolarni bartaraf etish uchun ham qilingan bu”, deya ta’kidladi Sherzod Hidoyatov.
U vazirning buyrug‘i bilan majburiy badallarning eng kam miqdori tasdiqlangani, ushbu miqdor hududlardagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan oshirilishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, bugungi kunda respublikada 42 057 ta ko‘p kvartirali uylar bor. Shundan 38 686 ta uyga 819 ta boshqaruvchi tashkilot, 836 tasiga 156 ta uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi. 1 130 ta uy o‘zini o‘zi boshqarish va 1 405 ta uy idora va tashkilotlar balansida.
2023-2024 yillar respublikadagi 5 684 ta ko‘p kvartirali uylarda jami 278,6 mlrd so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. 2024 yil 30 aprel holatiga aholining boshqaruv organlari oldidagi majburiy badal to‘lovidan 207 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud.
Avvalroq qurilish va uy-joy xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan ko‘p kvartirali uylardagi majburiy badallarning eng kam miqdorlari tasdiqlangani, to‘lovlar hududlar kesimida binoda kommunikatsiya tarmog‘i, lift bor yoki yo‘qligi hamda qavatlar soniga qarab turlicha bo‘lishi xabar qilingandi.