WSJ: Rossiya AES qurishni moliyalashtirish niqobi ostida Turkiyada «dollar zaxirasini» yaratmoqchi bo‘lgan

Jahon 23:51 / 02.02.2025 5651

Rossiya o‘zining valuta zaxiralari muzatilganidan keyin xorijdagi operatsiyalarini Amerika sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda moliyalashtirish uchun Turkiyada «ofshor dollar zaxirasini» yaratishga uringan. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Gazeta suhbatdoshlarining ma’lumotlariga ko‘ra, sxema quyidagicha ishlashi kerak bo‘lgan: Rossiya va Turkiya o‘sha vaqtda hali sanksiyalar ostida bo‘lmagan Gazpombank «Akkuyu» atom elektr stansiyasini qurish uchun 9 milliard dollarga yaqin kredit taqdim etishiga kelishib oladi (AES qurilishida sanksiyalarga uchramagan «Rosatom» ishtirok etadi). Pullar Turkiyaning eng yirik davlat banki — Ziraat Bank’ka kelib tushishi va shu bankda hisobraqami bor Rossiya kompaniyalariga yuborilishi kerak edi. Mazkur kreditni yashirin ravishda Rossiya banki moliyalashtirilishi kutilgan. WSJ’ning yozishicha, bunday sxema AQShga mablag‘ kiritish va ularni olib chiqish zaruratini bartaraf etishga xizmat qilgan.

Natijada, Rossiya tomoni Amerikaning JPMorgan va Citigroup banklari orqali 5 milliard dollardan ziyod mablag‘ o‘tkazishga ulguradi. 2022 yil yozida Gazprombank AESning Ziraat Bank’dagi hisobiga 3 milliard dollar yuboradi. Shundan keyin AQSh Adliya vazirligi JPMorgan bilan bog‘lanib, keyingi 2 milliard dollarlik transhli bloklaydi va mablag‘lar muzatiladi.

2024 yilda prokurorlar fuqarolik da’vosini kiritish orqali mazkur mablag‘larni musodara qilish yo‘lini qidirishni boshlaydi, ammo Oq uy bu Anqara bilan munosabatlarni yomonlashtirishi va AQShning Turkiya bilan barcha masalalar bo‘yicha hamkorligiga putur yetkazishidan xavotirga tushadi. Natijada, musodara jarayoni Bayden ma’muriyati tomonidan to‘xtatiladi.

WSJ manbalarining ta’kidlashicha, valuta zaxiralari muzlatilganidan keyin 2022 yil fevralda Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina va davlat korporatsiyasi ushbu mablag‘lardan foydalanish yo‘lini topish bo‘yicha Kremldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma oladi. Shuningdek, AQSh ushbu sxemaga Rossiyaning boshqa yuqori martabali amaldorlari va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy yordamchilaridan biri, Milliy razvedka boshlig‘i Ibrohim Kalinni ham aloqadorlikda gumonlagan.

«Rosatom» matbuot xizmati AES uchun ajratilgan barcha mablag‘lar loyihani moliyalashtirish, pudratchilarga to‘lovlar, Turkiyadagi boshqa ijtimoiy va moliyaviy majburiyalar uchun sarflanganini bildirgan. Rossiya banki, Gazprombank va Ziraat Bank esa yuqoridagi sxemaga aloqador savollarga javob bermagan.

Ko‘proq yangiliklar: