Dunyodagi eng katta aysbergdan ulkan muz bo‘lagi ajralib tushdi

Fan-texnika 23:43 / 02.02.2025 6343

Janubiy Atlantikada sayyoradagi eng katta aysbergdan maydoni 80 kilometr kvadratga yetadigan muz bo‘lagi ajralib tushdi. Bu haqda Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ulkan A23a aysbergi ayni vaqtda Janubiy Jorjiya orollaridan 340 kilometr uzoqlikda suzmoqda. Sekinlik bilan aylanayotgan aysberg 10 kun ichida sohil chizig‘idan taxminan 40 kilometrga uzoqlashgan. Kuni kecha esa aysbergdan maydoni 80 kilometr kvadratga yetadigan muz bo‘lagi ajralib tushgan — bu muz gigantining qariyb 2 foizini tashkil etadi.

Shunday qilib, 2023 yil noyabrdan — aysberg toza suvda suzishni boshlaganidan beri uning maydoni 11 foizga qisqargan.

A23a aysbergi Antarktida sohillaridan 1986 yilda ajralib chiqqan, biroq ko‘p o‘tmay Veddell dengiziga «tiqilib qolgan». O‘ttiz yil davomida u statik «muz oroli» sifatida turgan, joyidan qimirlamagan. 2020 yilga kelib u yana harakatlanishni boshlagan. Aprel boshlarida A23a Antarktidaning sirkumpolyar oqimiga kirib qolgandi — bu Yer yuzidagi barcha daryolarda oqadigan suvdan yuz barobar ko‘proq suvni aylantiradigan ulkan kuch hisoblanadi. O‘tgan yilning dekabr o‘rtalarida A23a aysbergi Skotiya dengizidagi tuzoqdan chiqib, Janubiy okean tomon harakatlanishni boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Foto: Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti

Aysberg 2024 yil davomida 1,4 ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tgan. Olimlarga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki ikki haftasi davomida A23a Janubiy Jorjiya orollari yo‘nalishida suzgan, ammo yanvar o‘rtalariga kelib yo‘nalishini g‘arb tomon o‘zgartirgan, oy oxirida esa bir joyda aylanishni boshlagan.

«Uning harakatining keyingi trayektoriyasi shamol va okeanning shu qismidagi oqimga bog‘liq», — deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: