Gurjiston poytaxti Tbilisida 29 aprel, dushanbaga o‘tar kechasi parlament binosi yonida Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuni o‘xshashi bo‘lgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi bo‘lib o‘tgan minglab kishilarning namoyishida vaziyat keskinlashdi.
Bir necha yuzlab politsiyachilar tayoq va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanib, namoyishchilarni qo‘lga olishni boshladi. Rasmiylar bu yerga qo‘shimcha maxsus kuchlar va politsiya kuchlarini chaqirtirmoqchi, deb yozadi «Interfaks». Namoyishchilarni parlament binosi yonidagi ko‘chalardan haydab chiqargan maxsus kuchlar o‘z harakatini to‘xtatdi, Rustaveli shohko‘chasiga suv purkaguvchi mashina keltirildi, deya aniqlik kiritmoqda agentlik.
Gurjistonda so‘nggi bir necha kun ichida muxolifat kuchlari parlament tomonidan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib, uni Gurjiston parlamentidan chaqirib olishni talab qilmoqda. Qayd etilishicha, 28 aprel oqshomida aksiya Respublika maydonida boshlangan, u yerda, dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 mingga yaqin odam — Gurjiston nodavlat tashkilotlari, muxolifat partiyalari a’zolari va ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan fuqarolar yig‘ilgan.
Ommaviy noroziliklarning kuchayishi sabablari
Ma’lum bo‘lishicha, 29 aprel kuni hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qonunni qo‘llab-quvvatlovchi miting o‘tkazishni rejalashtirgan va bu maqsadda Gurjiston poytaxtining markaziy ko‘chasi Rustaveli shohko‘chasida sahna tayyorlagan. Qayd etilishicha, hozirda u yerda harakatlanish to‘sib qo‘yilgan. Parlament binosi yaqinidagi hudud Gurjiston va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ushlab turgan namoyishchilar bilan to‘la.
Gurjiston Ichki ishlar vazirligi o‘z saytida odamlarni qonun bilan ruxsat etilgan yig‘ilishlar erkinligi chegarasidan chiqmaslikka va parlament oldida o‘rnatilgan sahnani buzmaslikka chaqirgan bayonot e’lon qildi. «Har qanday qonunbuzarlik politsiya tomonidan darhol bostiriladi», deyiladi bayonotda.
YeI komissari: Gurjistonning «chet el agentlari» haqidagi qonuni YeI me’yorlaridan uzoq
Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumatini «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda. Bu haqda Yevroparlament minbarida 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich aytdi. «Bu qonun loyihasi Yevropa me’yorlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligi aniq, agar u qabul qilinsa, Gurjistonning kelajakdagi Yevropa yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi», dedi Yevropa komissari.
Gurjiston parlamenti qonun loyihasini 17 aprel kuni birinchi o‘qishda qabul qildi. «Chet el agentlari» qonuniga ko‘ra, moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xorijiy manfaatlarni olg‘a suruvchi tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart.