Xabarovsk sudi Forbes Russia jurnalisti Sergey Mingazovni Rossiya Qurolli kuchlari haqida «siyosiy nafratga asoslangan feyklar» tarqatganlikda gumon qilib, uy qamog‘iga jo‘natdi. Bu haqda 27 aprel, shanba kuni RIA «Novosti» agentligi sud vakillariga tayanib xabar berdi.
Bir kun avval advokat Konstantin Bubon Facebook’da Sergey Mingazov qo‘lga olinishiga jurnalistning «Xabarovskaya Mingazeta» Telegram-kanalida Buchadagi voqealar haqidagi xabarni repost qilgani sabab bo‘lganini yozgan edi. Bubonning «RBK» internet-nashriga aytishicha, Mingazovning uyida tintuv o‘tkazilgan, «uning, xotini va bolalarining telefonlari va kompyuterlari olib qo‘yilgan».
Sergey Mingazov ilgari «Vedomosti» gazetasi bilan hamkorlik qilgan, shuningdek, TASS axborot agentligining Xabarovskdagi muxbiri bo‘lgan.
24 aprel kuni «OVD Info» inson huquqlari loyihasining ma’lum qilishicha, shu vaqtga qadar Rossiyada urushga qarshi ish bo‘yicha 902 nafar ayblanuvchi bo‘lgan, ulardan 261 nafari ozodlikdan mahrum qilingan va allaqachon tergov izolyatorlari, axloq tuzatish koloniyalari yoki majburiy davolanishda.