“Pulning hidiga uxlay olmayotganlar” – dunyoning eng boy odamlari kimlar va ular pulni qayerdan topadi?

Jahon 12:24 / 24.07.2024 26984

Bugun dunyoda eng boy odamlar deb puli dollarda milliarddan oshganlarga aytiladi. Qizig‘i, har yili ularning soni oshib bormoqda.

Masalan, Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, asrimiz boshida, 2001 yilda Yer yuzida puli milliard dollardan oshganlar soni 564 nafar bo‘lgan. Hozirga kelib ularning soni 2 100 nafardan oshgan.

Agar milliarderlar tarixiga nazar tashlansa, dunyoda puli milliard dollardan oshgan birinchi inson “neft qiroli” deb ataladigan Jon Rokfeller bo‘lgan.

Bu inson Amerikadagi neft qazib olish, uni qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullangan Standard Oil kompaniyasiga egalik qilgan. Rokfellerning puli 1916 yilda milliard dollardan oshgan.

Aytgancha, Forbes 1987 yildan buyon har yili dunyodagi milliarderlar reytingini e’lon qilib keladi. Bunda nashr reyting e’lon qilinayotgan paytda dunyo boylari egalik qilib kelayotgan kompaniyalarning narxi yoki aksiyalarining bahosini hisoblaydi.

Bundan tashqari, ro‘yxatni shakllantirishda milliarderlarning mol-mulklari narxlari va boshqa omillar inobatga olinadi.

Bundan bir necha oy oldin Forbes nashri 2024 yilning eng boy odamlari ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra ro‘yxatning yuqori yigirmataligiga kirganlarning boyligi 2,48 trillion dollarni tashkil etgan.

Quyida ro‘yxatning dastlabki yigirmataligiga kirgan boylar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.

Foto: alamy.com

20. Jyensen Xuang (AQSh)

Yoshi – 61 da

Boyligi – 77 mlrd

Asosiy sohasi – Nvidia

Tayvanda tug‘ilgan Jyensen keyinchalik AQShga ko‘chib o‘tgan. U 1993 yildan buyon yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi prezidenti va bosh direktori hisoblanadi.

Jyensenda kompaniyaning bor-yo‘g‘i 3 foiz aksiyasi bor. Biroq shu ham uning 77 mlrd dollar bilan dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 20-o‘rinni egallashiga kifoya qildi. 2023 yilda Jyensen 21,1 mlrd dollar pul bilan dunyo boylari ro‘yxatida 60-o‘rinni egallagan edi.

So‘nggi yillarda yarim o‘tkazgichlarga talab keskin ortdi va bunday mahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning aksiyalari narxi ham sezilarli oshdi. Shuning hisobidan yarim o‘tkazgich ishlab chiqaruvchi kompaniyalar egalarining boyligi ham salmoqli ko‘paydi.

Foto: alamy.com

19. Rob Uolton va uning oilasi (AQSh)

Yoshi – 79 da

Boyligi – 79 mlrd

Asosiy sohasi – Walmart

Rob Uolton Walmart kompaniyasi asoschisi Sem Uoltonning to‘ng‘ich o‘g‘li hisoblanadi. 1992 yilda Sem vafot etadi va kompaniya rahbarligi Robga o‘tadi. (2015 yilda Rob rahbarlikni o‘z kuyovi Greg Pennerga topshirgan.)

Rob va Sem Uoltonning boshqa merosxo‘rlari bugun Walmart kompaniyasiga tegishli aksiyalarning yarmiga egalik qiladi. Bu ularning dunyo boylari ro‘yxatida dastlabki yigirmatalikka kirishi uchun kifoya qilmoqda.

Foto: alamy.com

18. Jim Uolton va uning oilasi (AQSh)

Yoshi – 75 da

Boyligi – 78,4 mlrd

Asosiy sohasi – Walmart

Jim Uolton Walmart kompaniyasi asoschisi Sem Uoltonning ikkinchi o‘g‘li hisoblanadi. Sem Uoltonning vafotidan so‘ng asosiy merosxo‘rlardan biri sifatida Jim otasiga tegishli boylikning qariyb yarmiga ega bo‘ladi.

Jim 2016 yilgacha Walmart kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan va o‘sha yili o‘rnini o‘g‘liga bo‘shatib bergan. Bugun Jim va uning oilasi Walmart kompaniyasiga tegishli aksiyalarning yarmiga egalik qiladi.

Foto: alamy.com

17. Gautam Adani va uning oilasi (Hindiston)

Yoshi – 61 da

Boyligi – 84 mlrd

Asosiy sohasi – Adani Group

Gautam Adani egalik qiladigan Adani Group kompaniyasi Hindistondagi ko‘plab portlar, aeroportlarning yirik operatori hisoblanadi. Jumladan, kompaniya Hindistondagi eng yirik Mundra portining egasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, kompaniya elektr energiyasi ishlab chiqarish va sotish, yashil energetika bo‘yicha loyihalarga ega.

2023 yilda Gautam Adanining boyligi 45 mlrd atrofida bo‘lgan. Bir yilda uning boyligi qariyb 40 mlrd dollarga oshib, dunyo boylari ro‘yxatida 17-o‘ringacha ko‘tarildi.

Foto: alamy.com

16. Maykl Dell (AQSh)

Yoshi – 59 da

Boyligi 91 mlrd

Asosiy sohasi – Dell

Maykl Dell Dell Technologies'ni Texas universitetida o‘qib yurgan paytlarida tashkil etgan. Bugun Dell Technologies yiliga 100 mlrd dollar foyda keltiradigan kompaniyaga aylandi.

Dellning asosiy boyligi investitsiya va kredit bilan shug‘ullanuvchi DFO Management kompaniyasi hisoblanadi. 2023 yilda Mayklning boyligi 50 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. Bir yilda uning pullari 91 ga yetdi va u boylar ro‘yxatida 16-o‘ringa ko‘tarildi.

Foto: alamy.com

15. Fransuaza Betankur-Mayyers va uning oilasi (Fransiya)

Yoshi – 70 da

Boyligi – 99,5 mlrd

Asosiy sohasi – L'Oreal (Parfyumeriya)

Fransuaza Betankur-Mayyers dunyo boylari ro‘yxatining eng yuqori yigirmataligiga kirgan yagona ayol hisoblanadi. Fransuaza Betankur-Mayyers egalik qiladigan L'Oréal kompaniyasini 1909 yilda uning bobosi tashkil etgan.

Keyinchalik yillar o‘tib kompaniyaga ayolning onasi Lilian Betankur egalik qilgan. Bir paytlar dunyoning eng boy ayoli bo‘lgan Lilian 2017 yilda 94 yoshida vafot etgach kompaniya boshqaruvi Fransuazaga qolgan.

Bugun Fransuaza Betankur-Mayyers va uning oilasi L'Oréal kompaniyasining 33 foiz aksiyalariga egalik qiladi. 2023 yilda ularning boyligi 80,5 mlrd dollar bo‘lgan va o‘tgan bir yilda o‘sish qariyb 20 mlrd dollarni tashkil etgan.

Foto: origo.hu

14. Karlos Slim va uning oilasi (Meksika)

Yoshi – 84 da

Boyligi – 102 mlrd

Asosiy sohasi – telekommunikatsiya

Karlos Slim Janubiy Amerikadagi eng yirik telekom operator hisoblanadigan America Movil kompaniyasining egasi hisoblanadi. Lotin Amerikasidagi eng yirik Grupo Carso konglomeratining 79 foiz aksiyalariga egalik qiladi.

Shuningdek, Karlos Slim Meksikadagi bir nechta yirik qurilish, tog‘ kon sanoati va savdo kompaniyalarida ulushdor hisoblanadi. Bundan tashqari, AQShdagi taniqli The New York Times nashrining 17 foiz aksiyasi meksikalik boyga tegishli.

2023 yilda Karlos Slimning boyligi 93 mlrd dollar bo‘lgan va bir yilda qariyb 10 mlrd dollarga ko‘paygan.

Foto: alamy.com

13. Amansio Ortega (Ispaniya)

Yoshi – 88 da

Boyligi – 103 mlrd dollar

Asosiy sohasi – Zara

Amansio Ortega dunyodagi kiyim-kechaklarni chakana yo‘l bilan sotuvchi eng boy odam hisoblanadi. 1975 yilda u xotini Rosaliya Mera bilan Inditex kompaniyasini tashkil etgan.

So‘ng Zara brendi ostida kiyim-kechak sotiladigan do‘konlarni ocha boshlagan. Shu tariqa Zara yirik savdo do‘konlari tarmog‘iga aylangan.

Bugun Inditex kompaniyasi o‘zida sakkizta brendni jamlagan. Kompaniyaning dunyo bo‘ylab 7 500 ta savdo do‘konlari bor. Ortega kompaniyaning 60 foiz aksiyalariga egalik qiladi.

Bundan tashqari, Ortega dunyoning ko‘plab shaharlarida qimmatbaho ko‘chmas mulklarga egalik qiladi.

Foto: alamy.com

12. Maykl Blumberg (AQSh)

Yoshi – 82 da

Boyligi – 106 mlrd

Asosiy sohasi – Bloomberg LP

Maykl Blumberg universitetni bitirgach bir nechta kompaniyalarda muvaffaqiyatli ishlagan. U 1981 yilda shaxsiy kompaniyasi Innovative Market Systems’ni tashkil etgan. Keyinchalik kompaniya Bloomberg LP qayta nomlangan.

So‘nggi yillarda Mayklning kompaniyasi unga har yili 10 mlrd dollar atrofida sof foyda keltirmoqda. 2023 yilda uning boyligi 95,5 mlrd dollar bo‘lgan va bir yilda 11,5 mlrd dollarga ko‘paygan.

11. Sergey Brin (AQSh)

Yoshi – 50 da

Boyligi – 110 mlrd

Asosiy sohasi – Google

Sergey Brinning otasi 1977 yilda SSSRdan AQShga ko‘chib o‘tgan. O‘shanda u yosh bola bo‘lgan. Muhojirlar oilasi Merilend shtatiga borib o‘rnashgan.

Sergey Brin sherigi Larri Peyj bilan 1998 yilda Google qidiruv tizimiga asos soladi. Ko‘p o‘tmay Google dunyodagi eng ommabop qidiruv tizimiga aylanadi.

2015 yilda Google brendi saqlab qolingan holda kompaniya nomi Alphabet deb o‘zgartiriladi. Uzoq yillar kompaniya prezidenti sifatida ishlagan Sergey 2019 yilda bu lavozimdan ketadi. Biroq u kompaniyaning asosiy hissadori va direktorlar kengashidagi o‘rnini saqlab qoladi.

Foto: smh.com.au

10. Larri Peyj (AQSh)

Yoshi – 51 da

Boyligi – 114 mlrd

Asosiy sohasi – Google

Larri Peyj sherigi Sergey Brin bilan birgalikda 1998 yilda Google qidiruv tizimiga asos soladi. Ko‘p o‘tmay Google dunyodagi eng ommabop qidiruv tizimiga aylanadi.

U kompaniyani 2001 yilgacha boshqaradi va o‘rnini sherigiga bo‘shatib beradi. 2010 yilda yana rahbarlikka qaytadi. Google- Alphabet’dagi ulushdan tashqari, Larri Peyj lanetary Resources kompaniyasiga ham egalik qiladi.

So‘nggi yillarda Larri uchuvchi taksilar Kitty Hawk va Opener startaplari bo‘yicha ishlayotgan kompaniyalarga salmoqli miqdorda sarmoya kiritdi.

Foto: britannica.com

9. Mukesh Ambani (Hindiston)

Yoshi – 66 da

Boyligi – 116 mlrd

Asosiy sohasi – ko‘p tarmoqli

Mukesh Ambaniga boyliklar otasi Dhirubhay Ambanidan qolgan. Bugun u egalik qilayotgan Reliance Industries kompaniyasini 1966 yilda otasi tashkil etgandi.

2002 yilda Dhirubhay Ambani vafot etadi. Kompaniya Mukesh Ambani va ukasi Anil Ambaniga qoladi. Mukesh kompaniya prezidenti, Anil esa vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Ko‘p o‘tmay aka-uka o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqa boshlaydi. Bunga Anilning Mukeshni kompaniya boshqaruvini to‘liq o‘z izmiga olishga urinayotganlikda ayblashi sabab bo‘ladi. 2005 yilda aka-ukalarning onasi kompaniyani bo‘lib olishni taklif qiladi.

Bo‘linishdan keyin Anilga energetika, telekommunikatsiya va ko‘ngilochar loyihalar tegadi. Qolganini Mukesh boshqara boshlaydi. Reliance Industries kompaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Mukeshga o‘tadi.

2023 yilda Mukeshning boyligi 83,4 mlrd dollar bo‘lgan va o‘tgan bir yilda u qariyb 23 mlrd dollarga oshgan.

Foto: 9news.com.au

8. Stiv Balmer (AQSh)

Yoshi – 67 da

Boyligi – 121 mlrd

Asosiy sohasi – Microsoft

Stiv Balmer Microsoft kompaniyasiga uning asoschisi Bill Geyts taklifi bilan 1980 yilda kelgan. U kompaniyaning eng muvaffaqiyatli loyihalari - MS-DOS Windows dasturlarini ishlab chiqishda rahbarlik qilgan.

Keyinchalik Balmer Microsoft kompaniyasi bosh direktori lavozimida ham bir muddat ishladi. Hozirda kompaniya aksiyalarining bir qismiga egalik qiladi.

So‘nggi yillarda Microsoft kompaniyasi aksiyalari narxi biroz pasaygani uchun Balmer 10 mlrd atrofida pulini yo‘qotdi. Biroq bu uning jahon boylari reytingida ko‘tarilishiga ta’sir qilmadi.

2023 yilda Balmer 80,7 mlrd dollar bilan jahon boylari ro‘yxatida 10-o‘rinda bo‘lgan. O‘tgan bir yilda uning boyligi 40 mlrd dollarga oshdi va ro‘yxatda 8-o‘ringa ko‘tarildi.

Foto: referansturk.com

7. Bill Geyts (AQSh)

Yoshi – 68 da

Boyligi – 128 mlrd

Asosiy sohasi – Microsoft

Microsoft kompaniyasini 1975 yilda Bill Geyts va Pol Allen birga tashkil etgan. Keyinchalik u kompaniya rahbari bo‘ladi va bu vazifada 2008 yilgacha ishlaydi.

Bugun Bill Geyts Microsoft’dan tashqari, Berkshire Hathaway kompaniyasi direktor kengashi a’zosi hisoblanadi. Cascade Investment kompaniyasi hamda “Bill va Melinda Geyts xayriya fondi” rahbari hisoblanadi.

Bill Geyts shu paytgacha bir necha marta dunyoning eng boy odami maqomiga erishgan. O‘tgan bir yilda uning boyligi 14 mlrd dollarga oshdi va joriy yilda jahon boylari ro‘yxatida 7-o‘rinni egalladi.

Foto: alamy.com

6. Uorren Baffet (AQSh)

Yoshi – 93 da

Boyligi – 133 mlrd

Asosiy sohasi – Berkshire Hathaway

Uorren Baffet 60 dan oshiq kompaniyada ulushdor bo‘lgan Berkshire Hathaway kompaniyasini boshqaradi. Kongressmenning o‘g‘li bo‘lgan Uorren ilk aksiyalar paketini sotib olganda 11 yoshda bo‘lgan. 13 yoshida birinchi marta soliq deklaratsiyasini topshirgan.

Uorren uzoq yillardan buyon investitsiya sohasida obro‘li shaxs hisoblanadi. U egalik qiladigan Berkshire Hathaway jahonga mashhur sug‘urta kompaniyasi Geico, batareya ishlab chiqaruvchi Duracell va Dairy Queen restoranlar tarmog‘i boshqa kompaniyalarga salmoqli sarmoya kiritgan.

2023 yilda Uorren Baffetning boyligi 106 mlrd dollar bo‘lgan va bir yilda 27 mlrd dollarga ko‘paygan.

5. Larri Elison (AQSh)

Yoshi – 79 da

Boyligi – 141 mlrd

Asosiy sohasi – Oracle

Larri Elison o‘zining birinchi Oracle dasturlash loyihasini 1977 yilda ishlab chiqqan va uni Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) sotib olgan. Keyinchalik internet tarmog‘i rivojlangach turli dasturlarga talab oshadi va Elison milliarderga aylanadi.

Larri Elison 2018 yildan 2020 yil avgustgacha elektromobillar ishlab chiqaruvchi jahonga mashhur Tesla kompaniyasining direktorlar kengashi a’zosi bo‘ladi. Hozirda unda Tesla’ning 15 mln dona aksiyasi bor.

2023 yilda Larri Elison 104 mlrd dollar boylik bilan jahon boylari ro‘yxatida 4-o‘rinni egallagandi. Bir yilda uning boyligi 37 mlrd dollarga ko‘paydi. Biroq ko‘proq daromad qilgan boshqa boylar uni ortda qoldirishdi va Larri 5-o‘ringa tushdi.

Foto: stock.adobe.com

4. Mark Tsukerberg (AQSh)

Yoshi – 39 da

Boyligi – 177 mlrd

Asosiy sohasi – Meta

Mark dunyo boylari ro‘yxatining yuqori qismidan joy olgan eng yosh milliarder hisoblanadi. U 2004 yilda, 19 yoshida Harvard universitetida o‘qib yurganida Facebook ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushiradi.

Keyinchalik Facebook dunyo bo‘ylab ommalashdi va uning narxi oshib ketadi. Shu tariqa Mark milliarderga aylanadi.

2021 yilda Mark Facebook brendini saqlab qolgan holda kompaniya nomini Meta deb o‘zgartiradi. Bugun Meta tarkibida Facebook’dan tashqari Instagram va WhatsApp messenjeri ham bor.

2023 yilda Mark 64,4 mlrd dollar mablag‘ bilan dunyo boylari ro‘yxatida 16-o‘rinda edi. So‘nggi bir yilda uning pullariga 100 mlrd dollardan oshiq mablag‘ qo‘shildi va 2024 yilda u 4-o‘ringa ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: stock.adobe.com

3. Jyeff Bezos (AQSh)

Yoshi – 60 da

Boyligi – 194 mlrd

Asosiy sohasi – Amazon.com

Jyeff Bezos Amazon internet savdo do‘konini 1994 yilda tashkil etgan. Bugun u dunyodagi eng yirik onlayn savdo platformasiga aylangan.

2018-2022 yillar oralig‘ida Jyeff dunyoning eng boy odami sanalardi. O‘sha yili u bu mavqeni Ilon Maskka boy berdi.

2023 yilda uning boyligi 114 mlrd bo‘lgan va bir yilda 80 mlrd dollar qo‘shilgan. Ikki yildan buyon Jyeff boylar ro‘yxatida 3-o‘rinni egallab kelyapti.

Foto: infobae.com

2. Ilon Mask (AQSh)

Yoshi – 52 da

Boyligi – 195 mlrd

Asosiy sohasi – Tesla, SpaceX

Bugun ko‘pchilik elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasini Ilon Mask tashkil etgan deb biladi. Aslida unday emas. Kompaniyaga 2003 yilda Martin Eberxard va Mark Tarpenning asos solgan.

Ilon Mask kompaniyaga keyinroq yirik miqdorda sarmoya kiritgan va uning egasiga aylangan. Bundan tashqari, Ilon SpaceX, The Boring Company kompaniyalari asoschisi, Neuralink va OpenAI sheriklikda tashkil etgan shaxs hisoblanadi.

U 2022 yilda Twitter (X) ijtimoiy tarmog‘ini 44 mlrd dollarga sotib oldi va bugun uning 74 foiz aksiyalariga egalik qiladi. 2023 yilda Ilon Maskning boyligi 180 mlrd dollar bo‘lgan va bir yilda 15 mlrd ko‘paygan.

Foto: stock.adobe.com

1. Bernar Arno va uning oilasi (Fransiya)

Yoshi – 75 da

Boyligi – 233 mlrd

Asosiy sohasi – LVMH

Arno egalik qiladigan LVMH korporatsiyasi tarkibiga Louis Vuitton, Christian Dior va Tiffany & Co. kabi kompaniyalar kiradi. Bundan tashqari Agache va Aglaé Ventures kompaniyalariga sarmoya kiritgan.

2023 yilda Arnoning boyligi 211 mlrd dollar bo‘lgan va bir yilda 22 mlrd dollarga ko‘paygan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: