Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 24 aprel kuni AQShning Yuta shtati Senati raisi Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara o‘tkazdi.
O‘zbekiston va AQSh hamkorligining muhim yo‘nalishlari, xususan, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida aloqalarni rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida investitsiyaviy, tovar va xizmatlar bozori, tog‘-kon sanoati, energetika, axborot texnologiyalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi. Bunda Yuta shtati biznes doiralari bilan o‘zaro manfaatli aniq loyihalarni amalga oshirish, hududlar o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish va aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida shuningdek, gender tenglikni ta’minlash, mehnat munosabatlari va migratsiyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni faollashtirish masalalari tomonlar e’tibor markazida bo‘ldi.
Styuart Adams qator yo‘nalishlar xususan, biznes va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarda hamkorlikda istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida Yuta shtati Senati bor imkoniyatlarni jalb qilishga tayyorligini, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bunga qiziqish bildirayotganini qayd etdi.