O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi

O‘zbekiston 23:49 / 20.12.2024 1485

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Endryu Grey bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bilan olib borayotgan faol hamkorligi, tashkilotning xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani targ‘ib qilish bo‘yicha faoliyati O‘zbekistonning milliy ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos kelishi qayd etilgan.

Suhbat chog‘ida mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va yangi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish maqsadida 16 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani va yangi ishga joylashish mexanizmlari joriy etilgani, ta’lim dasturlari, imtiyozli kreditlash va Vatanga qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash tizimlari tashkil etilgani aytib o‘tilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bozorlarini diversifikatsiya qilish, an’anaviy yo‘nalishlarga bog‘liqlikni kamaytirish va migrantlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashni kuchaytirish borasida fikr almashilgan.

Tanzila Norboyevaga ko‘ra, O‘zbekistonning 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan Migratsiya siyosati strategiyasi loyihasini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti muhim o‘rin tutadi. Strategiya institusional asoslarni mustahkamlash, inson kapitalini rivojlantirish, odam savdosining oldini olish, migrantlarning ijtimoiy va gumanitar huquqlarini ta’minlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish kabi jihatlarni qamrab oladi.

«Har bir migrantning huquq va qadr-qimmatini himoya qilishga yordam beradigan xavfsiz va tartibga solinadigan migratsiya jarayonlarini ta’minlashdagi hamkorligimizni davom ettiramiz», — deb yozadi Senat raisi o‘zining Telegramʼdagi kanaliga.

Ko‘proq yangiliklar: