Jahon bankining ta’lim va gender masalalariga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, dunyo miqyosida har o‘n qiz bolaning to‘qqiz nafari boshlang‘ich ta’lim, to‘rtdan uch nafari esa o‘rta ta’lim (taxminan, 9 yillik o‘qish) oladi. Kam daromadli mamlakatlarda qizlarning 2/3 qismi boshlang‘ich maktabda o‘qiydi, faqat har uch qizdan biri o‘rta maktabning quyi bosqichini (tugallanmagan o‘rta ta’lim) tugatadi. Oliy ta’limda bu raqamlar yana qisqarib boradi. Ammo Oliy ta’limda xotin-qizlar faolligini oshirish davlat budjetini tejash va mamlakat taraqqiyotiga yordam ham berishi mumkin.
O‘zbekiston misolida olinsa, bugun Oliy ta’lim muassasalarida 1 mln 300 mingdan ortiq talabalar tahsil olishadi. Shundan 660 ming nafari erkaklar bo‘lsa, 680 ming nafari xotin-qizlardan iborat. Birgina Toshkent amaliy fanlar universitetida talaba sifatida 10 ming 985 nafar erkaklar, 16 ming 152 nafar xotin-qizlar ta’lim olishyapti.
Bu haqida 23 aprel kuni Toshkent amaliy fanlar universitetida bo‘lib o‘tgan “Xotin-qizlar va erkaklarning butun umr davomida o‘qish imkoniyatlarini rag‘batlantirish: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro forumda ham aytib o‘tildi. Universitet rektori Abdusalom Umarov muassasada ayollarga ta’lim olishda imtiyozlar yaratilayotganini aytdi.
Forum Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi va jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan va ta’lim tizimida ayollarning salohiyatini oshirishga bag‘ishlandi.