Tojikiston va O‘zbekiston tranzit yuk mashinalarini o‘z hududi orqali ruxsatnomasiz o‘tishi bo‘yicha kelishib oldi

Iqtisodiyot 18:37 / 23.04.2024 7418

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18-19 aprel kunlari Tojikistonga davlat tashrifi doirasida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi Bitimga (2018 yil 9 martdagi) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi. 

Tojikiston Transport vazirligining ma’lum qilishicha, imzolangan bayonnomaga ko‘ra, yuk tashuvchi transport vositalarining har ikki davlat hududi orqali tranzit o‘tishi ruxsatnoma blankalarisiz amalga oshiriladi. Bayonnoma ikki davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin kuchga kiradi. 

Qayd qilinishicha, hozir amalda bo‘lgan xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq, yo‘lovchilarni va mamlakatlar o‘rtasidagi yuklar, shu jumladan ularning hududlari orqali tranzit tashish uchun ruxsatnoma talab qilinadi. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishi tufayli har yili ikki davlat bo‘ylab 1200 dan ortiq tranzit yuk tashish amalga oshiriladi. 

Ayni paytda Tojikiston va bir qator MDH davlatlari o‘rtasida yoki ularning hududlari orqali tranzit yo‘l bilan yuk tashish ruxsatnomalarsiz amalga oshirilmoqda, bu esa yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirishi va yuklarning shikastlanish xavfini kamaytiradi. Ushbu chora-tadbirlar Tojikiston hukumati tomonidan respublikani mintaqadagi tranzit mamlakatga aylantirishdek strategik maqsadga erishish uchun amalga oshirilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: