Jahon | 19:42 / 21.02.2025
2484
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va Tojikiston umumiy chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Bishkekda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida umumiy chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatlar endi ikki mamlakat rahbarlari tomonidan imzolanishi kerak.

Foto: 24.kg

Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalari 21 fevral kuni Bishkekda umumiy chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda delegatsiyalar rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimov e’lon qildi, deb xabar beradi AKIpress.

Tashiyev ushbu voqeani «Qirg‘iziston va Tojikiston xalqlari uchun alohida tarixiy kun», deb atadi.

«Rahbarlar tomonidan imzolanishi uchun bir necha hujjatlar tayyorlandi: davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma, hukumatlar o‘rtasida energetika obektlari va suv resurslari bo‘yicha kelishuvlar, tutashgan avtomobil yo‘llaridan foydalanish va yangi yo‘llar qurish to‘g‘risida bitim. Delimitatsiya va demarkatsiya bo‘yicha komissiyalarimiz rasman ma’lum qiladi: Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara to‘liq kelishib olindi», — deydi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi.

Hujjatlarni endi ikki mamlakat rahbarlari imzolashi kerak. «Biz chegaraning butun cho‘ziqligi bo‘yicha kelishuvni uzil-kesil yakunladik», — deya ta’kidladi Tashiyev.

«Bugun ratifikatsiya qilingan delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma muhim tarixiy hujjatdir. Juda murakkab ish mantiqiy yakuniga yetkazildi. Kelishuv amalga oshsa, ikki qardosh respublika o‘rtasidagi chegara muammosi bo‘yicha yuz yillik bahsga nuqta qo‘yiladi. Bu tarixiy hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi», — deydi Tojikiston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov.

Qirg‘iz—tojik chegarasining umumiy uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi. Ammo Botken viloyatidagi Tojikistonga tutash hududlarda chegaralar aniq belgilanmagani tufayli vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi. Oxirgi marotaba jiddiy mojaro 2022 yilning 14-17 sentabr kunlari sodir bo‘lgandi.

Mavzuga oid