23 aprel kuni Toshkentga kelgan Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning qabulida bo‘ldi.
“O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi”, – deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, suhbat davomida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Oliy ta’limda zamonaviy sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, ingliz tilida o‘qitiladigan ta’lim dasturlarini kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
“Devid Kemeron O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, xususan, munosib mehnat tamoyillarini joriy etish, gender tenglikka erishish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.
Uchrashuv jarayonida keyingi yillarda parlamentlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashgani e’tirof etildi. Tomonlar bu borada o‘zaro muloqotni yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar”, – deyiladi rasmiy relizda.
Britaniya diplomatiyasi rahbari avvalroq bundan oldin O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgan, unda ikki davlat hamkorligini kengashtirish bo‘yicha ikkita hujjat imzolangan edi.