Britaniya noqonuniy migrantlarni Afrikaga deportatsiya qilishni boshlaydi

Jahon 21:37 / 23.04.2024 4902

Britaniya parlamentining yuqori palatasi hukumat bosimi ostida Britaniya hududini noqonuniy kesib o‘tgan migrantlarni Afrikaning Ruanda davlatiga deportatsiya qilish haqidagi bahsli qonun loyihasini qabul qildi. Qonun loyihasi 23 aprel kuni Lordlar palatasi tomonidan ma’qullandi, deb yozdi Deutsche Welle. 

Avvalroq, Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak parlament 23 aprelgacha qonunni ma’qullashi kerakligini ta’kidlab, «Hech qanday «ammo, lekin» bo‘lmaydi, bu reyslar Ruandaga jo‘natiladi», degan edi. 

Parlamentning har ikki palatasida allaqachon qabul qilingan qonun loyihasi Britaniya qiroli Charlz III tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi. 

Konservativ hukumatning umid qilishicha, Markaziy Afrikaga yuborilish istiqboli minglab ehtimoliy noqonuniy migrantlarning Britaniyaga qayiq orqali kelishiga to‘sqinlik qiladi. 

Qonun loyihasiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaga noqonuniy kirgan barcha migrantlar Ruandaga tijorat reyslari orqali deportatsiya qilinadi, ular u yerda boshpana so‘rashi mumkin. 

Ular Buyuk Britaniyaga qaytarilmaydi. Hukumat bu choralar bilan yiliga o‘n minglab noqonuniy migrantlar oqimini to‘sib qo‘ymoqchi va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi kontrabandachilar biznesini yo‘q qilmoqchi. 

Ruandaga noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishni 2022 yilda Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Boris Jonson taklif qilgan edi. Bu bilan u La-Mansh bo‘g‘ozi orqali noqonuniy migrantlarni tashish bo‘yicha biznes modelni yo‘q qilishni ko‘zlagan. 

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya va Ruanda migratsiya bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi va London Ruanda iqtisodiyotini rivojlantirishga 120 million funt sterling sarmoya kiritishga va noqonuniy migrantlarning bu mamlakatda qolishini, ularning integratsiyasini moliyalashtirishga va’da berdi. 

2023 yil noyabrida tegishli qonun loyihasining qabul qilinishiga Buyuk Britaniya Oliy sudi tomonidan taqiq qo‘yildi. Sud Ruandani migrantlar uchun xavfsiz mamlakat emas degan qarorga asoslandi. 

Shundan so‘ng, Sunak hukumati Ruanda bilan shartnomaning yangi tahririni imzoladi. Unda Ruanda tomonidan noqonuniy migrantlarni o‘z vataniga qaytarib yubormaslik kafolatlari bor.

Ko‘proq yangiliklar: