«MYu» sharmanda bo‘lishiga bir baxya qoldi, klasikoda kutilmagan qahramon. Kun o‘yinlari

Sport 12:35 / 22.04.2024 16487

Angliya: «MYu» autsayder bilan o‘yinda 3 ta gol ustunligini boy berdi

«Koventri Siti» — «Manchester Yunayted» 3:3
Penaltilar seriyasi
— 2:4.
Gollar: Simms (71), O'Her (79), Rayt (90+5, penalti) — Maktominey (23), Maguayr (45+1), Fernandesh (58).
«Koventri» – Kollinz, van Eveyk, Latiboder (Tavares 63, Godden 106), Kitching (Binks, 63), Tomas, Biduell (Dasilva, 80), Shif, O`Her, Ekklz (Torp, 63), Rayt, Simms.
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Maguayr, Kazemiro, Uan-Bissaka, Fernandesh, Maktominey (Forson, 103), Maynu (Eriksen, 72), Garnacho (Antoni, 66), Reshford (Diallo, 90+7), Hoylund. 
Ogohlantirishlar: Tomas (82), Onana (85), Dasilva (111).

«MYu» yevrokuboklardagi ishtirokini erta to‘xtatgandi, keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishdan umid uzgan va liga kubogini «Nyukasl»ga yirik hisobda yutqazib (0:3) tark etgan. Jamoa muxlislari uchun yagona yupanch Angliya Kubogi bo‘lib qolgan. Finalga chiqish uchun Chempionshipning sakkizinchi o‘rindagi jamoasi — «Koventri Siti»ni mag‘lub etish talab etilardi.

«Yunayted»dagi muammolarga qaramay, bu o‘yinda favorit aniq edi. Lekin jamoa tarkib borasida ham, o‘yin borasida ham muammolar girdobida qolgan: ten Hag jarohat tufayli himoya chizig‘ida Varan, Evans, Martines, Lindelyof va hatto Kambvalani o‘ynata olmaydi. Shu tufayli mudofaa markaziga Maguayr bilan Kazemiro juftligini tushirishga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, Harri «Bornmut»ga qarshi o‘yinda og‘riq bilan o‘ynagan va bir hafta davomida mashg‘ulotlarda ishtirok etmagandi.

Avvaliga «Koventri» umuman hujum qilish haqida o‘ylamadi, tashabbusni to‘liq topshirdi (22-daqiqagacha to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkich 22 foiz edi), butun tarkib bo‘lib maydonning o‘z qismida qoldi va pressing uyushtirmadi. Bunday taktika ancha vaqtgacha ish berdi va raqib hujumchilari hech narsaga erisha olmadi.

Barchasi 23-daqiqada o‘zgardi, Dalot olis ustun tomon ajoyib pas uzatdi, «Koventri» darvozaboni ham, himoyachilari ham to‘pga yeta olmadi. Maktominey esa to‘g‘ri pozitsiya tanlab, mavsumdagi 10-golini urdi. Keyin esa Maguayr burchakdan uzatilgan to‘pni darvoza to‘riga joylab, saviyadagi farqni ko‘rsatib qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa Brunu raqib jarima maydonida to‘pni egallab olib, to‘pni rikoshet orqali yaqin burchakka aniq yo‘naltirdi. Ko‘pchilik uchun o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek edi, ammo bu mavsumdagi «MYu»ga shunday holatda ham ishonib bo‘lmasdi, jamoa bungacha ko‘p marta o‘z qo‘lidagi g‘alabani boy bergandi.

Bu safar ham «Yunayted» raqib erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘yib berishi qattiq xato bo‘lib chiqdi. «Koventri» darvoza tomon aniq borgan ilk zarbalaridayoq ikkita gol urib, hisobni minimal darajada qisqartirganida ham ko‘pchilik mo‘jiza ro‘y berishiga ishonmayotgandi. Ammo Onana nimanidir his qildi va vaqtni cho‘zishga harakat qilib, sariq kartochka oldi. Bu yordam bermadi — qo‘shimcha daqiqalarda Van Bissaka jarima maydonida to‘pni qo‘l bilan o‘ynashi tufayli penalti belgilandi va o‘yin overtaymlarga o‘tdi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda «Koventri» himoyada o‘tirmadi va hujumlar uyushtirdi. Rayt uzoq masofadan xavfli zarba berdi, Simmsning zarbasi to‘singa tegdi. Autsayder jamoa ikkinchi qo‘shimcha bo‘limda to‘rtinchi golni ham urdi. Ammo Torpning goli ofsayd tufayli bekor qilindi va ish penaltilar seriyasida hal bo‘ladigan bo‘ldi.

Avvaliga Kazemiro to‘pni markazga qarata tepdi — darvozabon esa buni kutib turgandi. Ammo «Koventri» safida ham ikki futbolchi xatoga yo‘l qo‘ydi, Hoylund esa hal qiluvchi zarbasi bilan jamoani finalga olib chiqdi, «qizil iblislar»ning aksar futbolchilari bu g‘alabani nishonlashga ham xijolat bo‘ldi. Endi 25 may kuni «Manchester Siti»ga qarshi hal qiluvchi o‘yin bo‘lib o‘tadi.

«Aston Villa» — «Bornmut» 3:1
Gollar:
Rojyers (45+1), Diabi (57), Beyli (78) — Solanke (31, penalti). 
«Aston Villa» – Martines, Kesh (Kizler-Heyden, 90), Pau Torres, Konsa, Din, Makginn, Tilemans, Beyli (Diyego Karlos, 87), Diabi (Duran, 90), Rojyers, Uotkins.
«Bornmut» – Neto, Smit (Aarons, 46), Senesi (Semenio, 63), Zabarniy, Kelli, Kerkez, Kristi (Skott, 76), Kuk, Klyuyvert (Billing, 76), Uattara (Unal, 82), Solanke.
Ogohlantirishlar: Smit (21), Senesi (37), Zabarniy (55), Kesh (87).

APL doirasida esa hafta o‘rtasida dramatik tarzda Konferensiyalar ligasi yarimfinaliga chiqqan «Aston Villa» avvaliga muammoga duch keldi. Lilldagi o‘yin qahramoni Kesh jarima maydoni ichida qoida buzdi, Emiliano Martines zarba yo‘nalishini topa olgan bo‘lsa-da, Solankening kuchli zarbasini qaytara olmadi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Rojyers birminghemliklarni o‘yinga qaytardi. Yosh futbolchi fint bilan himoyachini yo‘ldan olib, to‘pni yaqin burchakka aniq yo‘lladi.

Tanaffusdan keyin mezbonlar o‘z odatiga ko‘ra o‘yinni kuchaytirdi va Uotkins yana bir bor serqirra futbolchi ekanini ko‘rsatdi. U nafaqat to‘purar, balki pleymeykerlik qobiliyatlariga ega futbolchi. Uning Diabiga pasini tur bezagi deyish mumkin. U o‘tkir burchakdan pas berganida to‘p bo‘sh darvoza qarshisiga yetib kelgan Beyliga pas bo‘lib bordi va «Villa» o‘yinga nuqta qo‘ydi. Unai Emeri jamoasi APLda ilk bor bir mavsumda 20 dan ortiq o‘yinda g‘alabaga erishdi va top-4 uchun poygada «Tottenhem»ni olti ochkoga ortda qoldirmoqda, ammo «shporlar» hamon ikkita zaxira o‘yiniga ega.

«Fulhem» — «Liverpul» 1:3
Gollar:
Kastan (45+2) — Aleksander-Arnold (32), Gravenberh (53), Jota (72). 
«Fulhem» – Leno, Kastan, Adarabioyo, Bassi, Robinson, Pereyra, Lukich, Palinya (Kerni, 71), Dekordova-Rid (Uilson, 71), Ivobi (Traore, 85), Rodrigo Muniz.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold (Gomes, 80), van Deyk, Kuansa, Roberson, Endo, Gravenberh (Mak Allister, 74), Elliott, Jota (Nunes, 74), Dias (Saloh, 74), Gakpo (Soboslai, 86).
Ogohlantirishlar: Palinya (30), Adarabioyo (39), Kastan (79).

Shanba kuni o‘z o‘yinida g‘alaba qozongan «Arsenal» ortidan «Liverpul» ham uch ochko ishladi va turnir jadvalida bu turni o‘tkazib yuborgan «Manchester Siti»ni quvib o‘tdi. Muvaffaqiyatsiz oraliqdan keyin qizillar qatorasiga ikkinchi o‘yinda g‘alaba qozonishdi. «Fulhem»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Aleksander-Arnold jarima zarbasini a’lo darajada ijro etib hisobni ochdi. Bu ushbu himoyachining APLda jarima zarbalaridan urgan oltinchi goliga aylandi va u klub rekordchisiga aylanishi ham mumkin. Stiven Jyerrardning natijasigacha yana bitta aniq zarba qoldi. Jyeymi Rednappgacha — ikkita. Birinchi davrada «Enfild»da g‘alaba qozonishga yaqin borgan londonliklar (o‘shanda 3:2 hisobi oxirgi daqiqalarda 3:4 ga aylangandi) taslim bo‘lishni isamadi va tanaffus arafasida hisobni tenglashtirishdi. Ammo ikkinchi bo‘limda baribir barchasi o‘z joyiga qaytdi, o‘yinga nuqta qo‘ygan Diogu Jota yubileyni nishonladi — Angliya klublari safida 100-golini urdi (44 tasi «Vulverhempton»da va 56 tasi «Liverpul»da).

Ispaniya: «Barsa» ikki bor hisobda oldinda bordi, ammo Madrid g‘alaba qozondi va oltin uchun poyga mavzusini yopdi

«Real» — «Barselona» 3:2
Gollar:
Vinisius (18, penalti), Vaskes (73), Bellinghem (90+1) — Kristensen (6), Lopes (69).
«Real» – Lunin, Ryudiger, Chuameni, Valverde, Kamavinga (Fran Garsiya, 71), Modrich, Kroos (Braim Dias, 71), Bellinghem, Vaskes, Vinisius Junior (Xoselu, 82), Rodrigo (Militao, 74).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi, Joau Kanselu, Kristensen (Fermin Lopes, 46), Gundo‘g‘an, de Yong (Pedri, 45), Rafinya (Joau Feliks, 64), Yamal, Levandovski (Ferran Torres, 64).
Ogohlantirishlar: Kamavinga (33), Vinisius (75), Kunde (75), Modrich (83), Kubarsi (90).

Ispaniya chempionatidagi 188-o‘zaro uchrashuvga jamoalar turlicha holatda, ammo odatdagi kabi oltin uchun poyga ishtirokchilari sifatida yetib kelishdi. «Real» muxlislari bunday deb hisoblamasligi mumkin, chunki o‘yin boshlanishi arafasida «Qirollik klubi» ko‘k-anorranglilardan sakkiz ochkoga o‘zib ketgandi. Ammo «Barselona» tomonidagilar baribir boshqacha fikrda edi: bitta g‘alaba — va peshqadam bilan oradagi farq besh ochkoga tushadi. Qolgan olti turda bu farqni yo‘qqa chiqarish realmi? Qiyin, ammo, imkonli, ayniqsa, madridliklar ikki frontda kurashayotgani inobatga olinsa.

O‘tgan haftada ushbu jamoalar asosiy yevrokubokda turlicha natijalar qayd etgandi: «Real» penaltilar seriyasida «Manchester Siti»ni yenggan, «Barselona» esa «PSJ» bilan qarama-qarshilikda safardagi ustunlikni boy berib, o‘z uyida yirik hisobda tor-mor bo‘lgandi. Endi Xavida qadrdon jamoasi bilan chiroyli xayrlashish uchun birgina imkoniyat qolgandi — la ligada yoki hech bo‘lmaganda klasikoda g‘alaba qozonish.

Shu bilan birga klasiko yakunlanishi bilan chempionlik poygasi ham yakunlanishi mumkin edi, shu tufayli bu o‘yin ahamiyatini baholash qiyin edi. Qolaversa, bu yerda yana bir kichik intriga bor edi, ligada «Barselona» — safarda yutqazmagan, «Real» — o‘z uyida yutqazmagan yagona jamoalar bo‘lib turgandi.

Kataloniyaliklarda ishtiyoq kuchliroq ekani o‘yin boshlanishi bilan ko‘zga tashlandi. 6-daqiqadayoq Kristensen Luninni to‘pga chiqishdagi xatosi uchun jazolab, burchakdan oshirib berilgan to‘pni darvozaga yo‘lladi. «Manchester Siti» bilan o‘yin qahramoni bo‘lgan ukrainalik posbon bu safar uyaltirdi.

Ammo «Real» buni shunday qoldira olmadi va tezda javob qaytardi: avvaliga Vinisius golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi, ko‘p o‘tmay Vaskes penalti ishladi. «Real»ning o‘ng qanot himoyachisi avvaliga Kanseludan osonlik bilan o‘tib ketdi va jarima maydoni ichida Kubarsining oyog‘iga borib urildi, ammo qoidaga ko‘ra bu — 11 metrlik jarima zarbasi edi. Vinisius ter Shtegenga imkon qoldirmadi va golni uni mazax qilgan holda nishonladi.

Birinchi bo‘limda jamoalar standart vaziyatlarga alohida ahamiyat qaratishdi, ayniqsa «Barsa» bu vaziyatlarni yaxshi ijro etdi, 28-daqiqada esa ikkinchi golni urishga juda yaqin keldi. Yamalning ayyorona zarbasidan keyin Lunin to‘pni chiziqdan o‘tar-o‘tmas to‘xtatdi, La Liga ushbu mavsum oldidan golni aniqlash tizimi bo‘yicha shartnomani bekor qilgani tufayli bahsli holat yuzaga keldi.

VAR bu epizodni juda uzoq vaqt ko‘rib chiqdi. «Santyago Bernabeu»dagi kameralardan olingan biror rakurs gol yoki gol emasligiga aniq javob bera olmasdi, yakunda bosh arbitr Sesar Soto Gradoning dastlabki qarori to‘g‘ri deb topildi — hisob o‘zgarmay qoldi.

Bu vaziyat tufayli hakamlar brigadasi birinchi bo‘limga to‘rt daqiqa qo‘shib berdi, bu vaqt oralig‘ida esa Frenki De Yong jiddiy jarohat oldi — mehmonlar havbeki Valverde bilan to‘qnashuvdan keyin o‘rnidan tura olmadi. Uni butun stadion olqish bilan kuzatib qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘lim birinchisiga qaraganda ancha tinch boshlandi, lekin ikki jamoa ham vaziyatlarga ega bo‘ldi. «Real» keskinroq o‘ynadi, Bellinghem esa Vinisius bilan kombinatsiyada darvozaga xavf tug‘dirdi. «Barsa» faqat Xavining noodatiy almashtirishlaridan keyin jonlandi: u bittada Levandovski va Rafinyani maydonga oldi, shundan keyin ko‘k-anorranglilar yana oldinga tashlandi. Lunin Yamalning zarbasini qaytardi, ammo Fermin Lopes yaqin masofadan darvozani ishg‘ol etdi.

Bu vaqtda 69-daqiqa o‘tib borayotgandi va «Barselona» vakillari chempionlik poygasiga qaytish haqida orzu qila boshlasa bo‘lardi, ammo raqib «Real» ekanini unutmaslik kerak edi. Karlo Anchelotti boshqaruvi davrida xarakterli jamoa sifatida ajralib turayotgan madridliklar  yakshanba oqshomida buni yana bir bor namoyish etdi.

Lopesning golidan to‘rt daqiqa o‘tib mezbonlar yana muvozanatni tikladi — Vinisiusning chap qanotdan bergan uzatmasini o‘ng qanotdan jarima maydoniga yorib kirgan Vaskes darvoza to‘riga yo‘lladi. Bu vaziyatda ham Kanselu uni qo‘riqlay olmadi.

Ko‘p o‘tmay braziliyalik futbolchi ikkinchi golini urib «Real»ni oldinga boshlashi mumkin edi, ammo ter Shtegen yaqin masofadan yo‘llangan zarbasini to‘sib qoldi.

O‘yinning so‘nggi qismida «Barsa» tempga dosh bera olmay qoldi. 87-daqiqada Eder Militao, Bellinghem va Hoselu golga juda yaqin kelishdi, ammo g‘alaba goli qo‘shimcha daqiqalarga qoldirildi. Birinchi davrada bo‘lgani kabi bu safar ham Bellinhem «Barsa» jallodiga aylandi: Angliya milliy jamoasi havbeki yana klasikoda 90-daqiqadan keyin g‘alaba golini urdi.

Madridliklarda asosiy tarkib futbolchisi sanalmaydigan Vaskes esa uchinchi golda ham ishtirok etib, hal qiluvchi pas muallifi bo‘ldi va o‘yinning haqiqiy qahramoniga aylandi.

Bunday burilish mehmonlarni butunlay taslim qildi. Jamoa uchun mavsum yakunlandi desa ham bo‘ladi: 11 ochkoni yo‘qqa chiqarib bo‘lmaydi, shu bilan birga YeChLga yo‘llanma beruvchi kuchli to‘rtlikdan tushib ketmaydi. «Real» Xavining oxirgi klasikosida ham g‘alaba qozonib, muzeyini navbatdagi sovrin uchun tayyorlamoqda.

«Alaves» — «Atletiko» 2:0
Gollar:
Benavides (15), Rioxa (90+2). 
«Alaves» – Sivera, Tenalya, Abkar, Marin, Xavi Lopes, Gorosabel (Rioxa, 88), Guridi (Gevara, 70), Benavides, Antonio Blanko, Kike Garsiya (Panichelli, 79), Simeone (Visente, 79).
«Atletiko» – Oblak, Molina (Ermoso, 81), Aspilikueta (Reynildu, 57), Savich (Rayhoni, 81), Ximenes, Koke, De Paul (Saul, 46), Barrios (Rikelme, 67), Korrea, Grizmann, Lino.
Ogohlantirishlar: Guridi (2), Xavi Lopes (6), Abkar (33), Korrea (45), Benavides (49), Aspilikueta (50), Marin (68), Savich (68).

«Atletiko» bu o‘yinda Chempionlar ligasi yo‘llanmasini naqd qilib qo‘yishi mumkin edi. Jamoaning bu kurashdagi yagona raqibi bo‘lgan «Atletik» muntazam ravishda ochko yo‘qotmoqda va Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritganidan buyon g‘alaba qozonmayapti. Juma kuni basklar o‘z uyida Inyaki Uilyams avtogol bilan antiqahramonga aylangan o‘yinda xavfli zonadagi «Granada»ni yenga olmadi (1:1), ammo shunday holatda ham jamoaning madridliklar bilan farqi uch ochkoga qisqardi.

«Matraschilar» esa «Alaves»ga yutqazib, antirekordlar kitobini qaytadan yozmoqda. Jamoada safar o‘yinlari kompleksi saqlanib qolmoqda. Bu safargi mag‘lubiyat — bu mavsumda barcha turnirlardagi o‘yinlar qo‘shilganda begona stadionlarda uchralgan 11-mag‘lubiyat bo‘ldi. Bunaqasi Diyego Simeone davrida avval ro‘y bermagandi. Bundan tashqari, «Atletiko» bungacha bir mavsumda uzoq masofalardan bu qadar ko‘p gol o‘tkazib yubormagandi. Oblak jarima maydoni tashqarisidan o‘tkazib yuborgan gollar soni o‘ntaga yetdi. Shunday ekan, to‘rtinchi o‘rin uchun kurash davom etadi. Keyingi turda to‘rtinchi yo‘llanma uchun da’vogarlar Madridda to‘qnashadi.

Germaniya: «Bayyer» hamon davom etmoqda

«Borussiya» D — «Bayyer» 1:1
Gollar:
Fullkrug (81) — Stanishich (90+7). 
«Borussiya» D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek, Matsen (Volf, 46), Zabitser, Jan (Nmecha, 70), Brandt (O‘zjan, 83), Sancho (Roys, 70), Fullkrug, Bayno-Gittens (Dyuranvil, 83).
«Bayyer» – Gradetski, Stanishich, Ta, Tapsoba, Inkapie (Bonifase, 83), Grimaldo, Frimpong, Jaka, Andrix, Tella (Virts, 70), Hofmann (Shik, 83).
Ogohlantirishlar: Tella (28), Matsen (37), Jan (45+2), Fullkrug (45+3), Shlotterbek (87), Frimpong (88), Jaka (90+1).

Leverkuzenliklar chempionlikdan sarmast emas. Aksincha, tarixiy muvaffaqiyatdan keyin «Bayyer» bu mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlashga bel bog‘lagan. Jamoa uch kun ichida ikki o‘yinda so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirib, Yevropa rekordini yanada yaxshilashdi — mag‘lubiyatsiz 45 o‘yin. Ayniqsa Dortmunddagi o‘yin — hissiyotlar portlashiga aylandi.

Avvaliga Fyullkrug YeChL qahramonlaridan yana biri Zabitserning uzatmasidan keyin to‘pni to‘xtatmay darvoza to‘riga yo‘lladi. Keyin butun o‘yin mobaynida bir-biriga qasd qilib kelgan Shlotterbek va Frimpong to‘qnashuvidan keyin maydonda tortishuv yuzaga keldi. Qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada esa Kobel Grimaldoning zarbasidan keyin to‘pni darvoza «to‘qqizligi»dan olib chiqdi, ammo keyingi burchak to‘pi Stanishichning goli bilan yakunlandi. «Bayyer» yengilmas bo‘lib qolmoqda, «Borussiya» esa kuchli to‘rtlik uchun poygada «Leypsig»dan ortda qolib ketdi. Endi «asalarilar» keyingi turda o‘zining sobiq bosh murabbiyi Marko Roze boshqaruvidagi jamoaga qarshi hal qiluvchi safar o‘yinida maydonga tushadi.

Kun statistikasi

  • «Feyyenoord» so‘nggi o‘n mavsumda uch marta Niderlandiya kubogi sohibi bo‘ldi. Bu ushbu vaqt oralig‘idagi eng yaxshi natija.
  • «Shtutgart» hujumchisi Undav Germaniya chempionatining joriy mavsumida 17 gol urdi. Bu bundesligada nemis debyutantlar uchun Horst Hrubesh davridan (1975/76) buyon eng yaxshi natija.
  • APLda qatorasiga 20 safar o‘yinida gol urish — «Liverpul»ning 1969 yildan buyon eng yaxshi seriyasi.
  • «MYu» 22-marta Angliya Kubogi finaliga chiqdi va bu borada «Liverpul»ni ortda qoldirdi.
  • «Gatalasaroy» Turkiya chempionatida 90 ochko to‘plab, hozirning o‘zida uch ochkolik davrda klub rekordini takrorladi.
  • Bir mavsumda 131 gol — «Sporting»ning 1947 yildan buyon eng yaxshi natijasi.
Ko‘proq yangiliklar: