AQSh nega Falastinni BMTga kirgizmadi?

Jahon 21:13 / 22.04.2024 18836

— Isroilning Eronga qarshi amalga oshirilgan zarbalarining maqsadi nima edi, natijalari qanday bo‘ldi?

— Isroilning ikki maqsadini alohida ko‘rsatish mumkin. Birinchisi – rasmiy hukumat saylovchilar oldida o‘zini oqlashi, ichki jamiyatga signal berib, bemalol Eronga qarshi turolamiz, deyishi. Chunki Isroil ichki jamiyatida barqarorlik bor deb bo‘lmaydi, harbiylar ichida ham, jamiyat ichida ham namoyishlar bo‘lib turibdi, bu esa vaziyatni chigallashtiryapti. Shunday bir holatda Isroil hukumati uchun xalq diqqati qaratiladigan biror voqelik kerak edi. G‘azodagi ishlari shundoq ham ichkarida norozilikka sabab bo‘layotgani uchun bu bilan chalg‘ita olmayapti. Eron masalasi chiqdi endi, odamlarni shunga safarbar qilish orqali o‘zining siyosiy umrini uzaytirish sifatida baholagan bo‘lardim.

Ikkinchi sabab – Eronga nisbatan ham signal. Ya’ni biz sendan qo‘rqmaymiz, sendan ham qudratliroqmiz, oxirgi zarbani biz beramiz degan yondashuv. Atrofda Isroilni qo‘llayotgan davlatlar bor, ularning ham ishonchidan chiqib ketmaslik masalasi bor.

Lekin bu katta talafot yetkazuvchi hujum bo‘lmadi. Hatto Eronda bu axborot hujumi edi, harbiy hujum bo‘lgani yo‘q, deyishdi. Umuman, hozir Isroil va Eron ko‘proq informatsion urush olib boryapti. Informatsion urushda kim g‘alaba qozonsa, davlat ichidagi barqarorlikni ta’minlashi mumkin bo‘ladi.

Eron ichidagi holat ham u qadar yaxshi deb bo‘lmaydi. Beqarorlik keltirib chiqarmoqchi bo‘lgan kuchlar bor, inqilobdan oldin shakllangan eski elita bor. Shunday bir holatda ichkarida ham beqarorlik bo‘lishi Eron uchun xavfli. Shu sabab ham Eron tez-tez bunday axborot urushlariga kirishib turadi va bu orqali ichki jamiyatni birlashtiradi.

— Axborot urushi desak, bu holatda yakuniy zarbani bergan Isroilning qo‘li baland keldi, deyish mumkinmi?

— Yutdi yoki yutqazdi deyish uchun katta hujum bo‘lgani yo‘q. Lekin dunyo hamjamiyati ichida Isroil yutqazgani aniq. Isroilning harbiy qudrati haqidagi stereotiplar sindi. Bu boshqa mintaqa davlatlari uchun ham “qo‘rqmang” degan signal bo‘ladi. Bu esa mintaqa arab davlatlari ham alohida harbiy qudrat bo‘lishiga ishonchini oshiradi, to‘g‘ri, biroz vaqt oladi bu jarayon. Stereotiplar sinishi Isroilga bo‘ladigan bosimlarni kuchaytirishga yordam beradi.

Bitta AQSh omili bor. Agar AQSh bo‘lmaganda bu bosimlar Isroilni allaqachon bosib qo‘ygan bo‘lardi. Lekin AQSh ham Isroilning bugungi siyosatiga qo‘shilmayapti, bora-bora Qo‘shma Shtatlar ham Isroilga chora ko‘rishi mumkin. Umuman, strategik jihatdan, Isroil – AQShning katta loyihasi va unga bo‘ladigan hujumlarni bartaraf etishga harakat qiladi.

— Isroilning hujumidan keyin Eronning javob choralari qanday bo‘ldi?

— Eron rasmiy axborot makonida Isroil hujum qildi, degan narsa yo‘q. Ya’ni bu hujum qabul qilmasdan, Eron shu nuqtada to‘xtatdi, chunki bunday bir-biriga javob beraverish katta urushga olib keladi. Xalqaro hamjamiyat Eronni ham tiyilishga chaqiryapti. Eronning AQSh kabi hamkori yo‘q. Eron eskalatsiyani to‘xtatib to‘g‘ri qildi, bu urushdan yutmasdi, hali G‘azo masalasi turibdi, bundan chalg‘imaslik kerak deyapti Eron ham. Shuning uchun vaziyat teng bo‘ldi va to‘xtadi, deb ko‘rsatyapti Eron.

— AQSh Falastinni BMTga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish haqidagi rezolyutsiyaga veto qo‘ydi. Vashington buni nima bilan izohlayapti?

— Menimcha, ochiq va yashirin ikkita omil bor. Ochiq aytilayotgan rasmiy omil shuki, Falastinda davlatchilik institutlari yo‘q, kim hokimiyatni amalga oshiradi: HAMAS terroristik tashkilot sifatida ko‘riladi, FATH esa to‘liq institutsional shakllangan emas, shuning uchun avval davlatchilik asoslarini yaratib, keyin mustaqillik berish kerak, deyapti. Qaysidir ma’noda bu vaziyatdan kelib chiqyapti, rostdan ham davlatchilik institutlari yo‘q. Bu rasmiy omil edi.

Norasmiy omil ham bor, menimcha. AQSh markaziy hukumatiga ta’sir qiluvchi kuchlar bor, ya’ni Isroilni loyiha sifatida shakllantirgan, unga yordam berishga majburlayotgan kuchlar. Mana shu kuchlar hozir ham ta’sir qilyapti.

Rasmiy Vashington, Falastin davlati tashkil topishini qo‘llab-quvvatlashini aytib keladi, lekin qilayotgan ishlari bunga to‘g‘ri kelmaydi. 1947 yilda ikkita davlat – ikki xalq degan rezolyutsiyani AQShning o‘zi qabul qilgan, demak, rasmiy hukumatga nisbatan yashirin bosim bor.

Agar Falastin davlati tashkil topsa, arab davlatlari u yerni birdan investitsiya bilan to‘ldirib tashlaydi. Buni esa Isroil biladi. Falastinning hududi kichikligi to‘siq bo‘lolmaydi: Kuvayt, Qatar kabi davlatlar ham hududiy jihatdan ancha kichik, lekin iqtisodiy qudrati katta. Fors ko‘rfazi arab davlatlari investitsion bozorga och, G‘arb qo‘li yetib bormagan joylarga kelajak uchun sarmoya tikmoqchi bo‘lyapti, kelajakda qaysi soha rivojlansa, o‘sha sohalarga pul tikyapti. Falastinni Qatardan ham kuchliroq qilishga arab shayxlarining moliyaviy qudrati yetadi. Shu sabab ham Isroil bunga qarshi chiqyapti.

— Deyarli barcha davlatlar mustaqil Falastin davlati bo‘lishi masalaning yechimi ekanini aytyapti, lekin amalda bunga qachon erishiladi?

— Isroil loyihasi o‘z kursini o‘zgartirib, AQShga ta’sir qiluvchi kuchlarning ham maqsadi o‘zgarmaguncha, mustaqil Falastin davlati tashkil topishiga qo‘yishmaydi.

Ikkinchi variant ham bor. Falastindagi barcha kuchlar neytralizatsiya qilinib, Isroil va AQShga ters bormaydigan, moyilligi bor hukumat shakllantirilishi mumkin. Shunga olib kelinyapti ham. Amalda bunday hokimiyat mustaqil bo‘lmaydi.

Mahmud Abbosning hokimiyati bugungi kunda qoniqtirmayapti, chunki FATHning dasturlarida ham Isroilga do‘stona qarash yo‘q baribir. G‘arbiy sohilda o‘ziga moyil hukumat shakllantirmoqchi sekin-sekin, baribir 2 mln aholini qirib tashlay olmaydi, kelajakda bunga javob bo‘lishini biladi. Arab davlatlari ham, boshqa davlatlar ham kuchayyapti, 20 yil o‘tar, 30 yil o‘tar – kelajakda kuchlar balansi qanday bo‘lishini bilib bo‘lmaydi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: