Abdulla Qodiriy va Do‘stlik bog‘lari ijaraga berildi. Bog‘lar qanday o‘zgaradi?

O‘zbekiston 11:23 / 22.04.2024 7640

Toshkent shahri hokimi qarori bilan 2 bog‘ O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasiga 49 yilga ijaraga berildi. Mas’ullarga ko‘ra, Abdulla Qodiriy bog‘i “tinch-sokin joy sifatida” qayta ta’mirlanadi, u yerda attraksionlar bo‘lmaydi. Do‘stlik bog‘ida ko‘pi bilan 10 ta attraksion bo‘lib, yashillikni ko‘paytirishga urg‘u beriladi. Quruvchi tashkilot bog‘larni uzog‘i bilan 3 yilda aholiga qaytarishni rejalayapti.

Toshkentda sanoqli parklar aholi ixtiyorida qoldi. Biroq ularning ayrimlari tashlandiq holga keltirildi va ko‘plab hududlari investorlarga berish bahonasida ochiqchasiga talon-toroj qilinib, daraxtzorlar o‘rniga beton junglilar qad rostladi. Olmazor va Shayxontohur tumani kesishmasidagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ ham, Yakkasaroy tumanidagi Do‘stlik (eski nomi Bobur) bog‘i ham qarovga muhtoj bo‘lib qoldi. Bu bog‘larning har joylaridan “biznes” egalari o‘zlariga bo‘laklar yulib olishdi va bog‘lar atrofida baland binolar bo‘y cho‘zib qoldi. Shahar aholisi bog‘larning bu holatidan xavotirda ekanini bildirib kelayotgan edi.

19 aprel kuni Abdulla Qodiriy bog‘ida jurnalist va jamoatchilik faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda 2 bog‘ni 49 yilga ijaraga olgan BMP Smart Decision Private Limited kompaniyasi vakillari ishtirok etib, bog‘lar qachon aholiga qaytarilishi, ularning qiyofasi qay darajada o‘zgarishi haqida ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimining 2024 yil mart oyidagi qaroriga ko‘ra, bog‘lar O‘zbekiston–Singapur qo‘shma korxonasi BMP Smart Decision Private Limited kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan. Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom bog‘i ham oldinroq xuddi shu kompaniyaga 49 yilga ijaraga berilgan edi.

BMP Smart Decision Private Limited rahbari o‘rinbosari Zafar Mirzaulug‘ovning tushuntirishicha, Abdulla Qodiriy bog‘ida 3 yil davomida rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi.

3 yil deyilgani bilan biz rekonstruksiyani tezroq amalga oshirishga harakat qilamiz. 2 ta bog‘ bo‘lgani sababli biz 3 yil qilib belgiladik. Bog‘ 1 yoki 1,5 yilda ham bitib qolishi mumkin. Abdulla Qodiriy haykalini ham haykaltaroshlar bilan gaplashdik, boshqacharoq, kattaroq qilib rekonstruksiya qilishga kelishib oldik”, – dedi u. Bundan tashqari, Mirzaulug‘ov bog‘ yonida Abdulla Qodiriyning kutubxonasi va qo‘shimcha yana umumiy kutubxona ham bo‘lishi, bog‘ning asosiy darvozasi ochilishini qo‘shimcha qildi.

To‘g‘rida Chorsu, yon tomonda Islom sivilizatsiyasi markazi bor. Bularning hammasini bir-biriga bog‘laymiz. Asosiy darvozani ochib beradigan bo‘lsak, eskilar biladi, xalq asosan mana shu hududdan o‘tadi. Ham bu kesib chiqadigan yo‘l. O‘zingiz bilasiz park biznes sohasiga aylanib qolishi kerak emas”, – dedi mas’ul vakil.

Shuningdek, u Abdulla Qodiriy bog‘idan metro o‘tgani uchun u yerda qurilish, 4-5 qavatli binolar bo‘lmasligi, faqat yengil oynali rekonstruksiyalar, fudkort va milliy taomlar bo‘lishini bildirdi.

Qo‘polroq qilib aytganda, bu tadbirkor uchun tavakkal narsa. G‘afur G‘ulom bog‘ini chiroyli qilib berdik, odamlar rahmat aytyapti, nafaqaxo‘rlar so‘ragan hamma imkoniyatlarini yaratib berishga harakat qilyapmiz. Bu yerda ham xuddi shunaqa narsa bo‘ladi. G‘afur G‘ulom chilonzorliklar uchun bo‘lib qolgan bo‘lsa, bu endi Olmazor, Shayxontohur tumani uchun bo‘ladi”, – dedi korxona rahbari o‘rinbosari.

Kun.uz muxbiri mas’ullarga bog‘larga Abdulla Qodiriy va Bobur nomi qolishi yoki qolmasligi bo‘yicha qanday reja borligi haqida savol bilan murojaat qildi. Toshkent shahar hokimligi qoshidagi jamoatchilik kengashi raisi Furqat Mahmudxo‘jayevning aytishicha, bu masalada Toponomik komissiya bilan maslahatlashiladi.

 “Mening shaxsiy fikrim, milliylik bo‘lishi kerak, bog‘ ajdodlarimizning nomlarida qolishi kerak. Biroq men va’da berib qo‘yadigan bo‘lsam, ertaga Toponomik komissiyada boshqacha ko‘rilsa, chiroyli chiqmaydi. Lekin sizlarning oldingizda men va’da beraman, shaxsan o‘zim harakat qilaman”, – dedi Mahmudxo‘jayev.

Shu bilan birga u Toshkent shahar jamoatchilik kengashi raisi sifatida ham tarixiy siymolar nomini saqlab qolishni xohlayotgani va bu uchun harakat qilishini bildirdi.

Bog‘larda attraksionlar o‘rnatish masalasida BMP Smart Decision rahbari Otabek Mirzajonov ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Abdulla Qodiriy bog‘ida bolalar o‘yingohlari, mexanik attraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilmagan. Bobur bog‘ida esa qisman qo‘yiladi.

Masalan, G‘afur G‘ulomda 40 ta attraksion bo‘lsa, Boburda 10 tadan ko‘p bo‘lmasa kerak. Biz attraksion qo‘yishga majbur bo‘lganimiz sababi yiliga faqat yashil fonni himoya qilish, kengaytirish, xodimlarning oyligi uchun 6 millard so‘mdan ko‘p pul ketadi”, – dedi Mirzajonov.

Mas’ul Bobur bog‘ida attraksionlar qo‘yilishini bog‘ni yashil holatda ushlab turish uchun sarflanadigan xarajat bilan deb izohladi. Ta’kidlanishicha, bog‘larga yana daraxt ekish, yashil fonni ko‘paytirish hamda tinch va salqin joy qilishga harakat qilinyapti. Shuningdek, bog‘da shou va konsertlar uchun amfiteatr qayta tiklanadi, shaxmat maydonchasi, yoga va vorkaut zonasi, bir nechta bolalar maydonchalari paydo bo‘ladi.

Bog‘ yonidagi Bratislava ko‘chasining O‘zbek tili va adabiyoti universitetidan Konstitutsiya ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yopilib, ovqatlanish maydoni bor piyodalar hududi tashkil etiladi. Biz har ikki bog‘da ham birorta daraxt kesilmasligiga, yashillikka putur yetmasligiga va’da beramiz. Buni nafaqat OAV vakillari, balki jamoatchilik ham kuzatib, ko‘rib borishi uchun yetarli darajada ochiqmiz. Barcha savollarga javob berishga tayyormiz”, –degan qo‘shma korxona direktori Otabek Mirzajonov Daryo muxbiriga.

Shuningdek, mas’ullarning ma’lum qilishicha, har bir istirohat bog‘i kamida 10 million dollar investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga berilgan. Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayevning jurnalistlarga bildirishicha, shahar hokimligi mahalliy budjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratib, har ikki bog‘ni ham ta’mirlab, zamonaviy ko‘rinishga keltirishga qodir emas. Boisi, shundoq ham xarajatlar ko‘p. Shu sabab bu ishga investorlar jalb qilinib, ularning yordamida bog‘ni asrab qolish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadi ko‘zlangan.

O‘zi qaror 20 martda chiqdi. Hali yuridik tarafdan tasarrufimizga o‘tmagan. Hozir shartnoma qilyapmiz. Oxirgi yakuniy loyiha yo‘q. OAVni chaqirishdan maqsad biz shu parkni olganimizni aytish, rejalarimizni e’lon qilish va xalqda tug‘iladigan savollarga javob berish”, – dedi Mirzajonov press-tur davomida.

Ma’lumot uchun, Abdulla Qodiriy bog‘ini zamonaviy parkka aylantirish masalasi 2018 yil ko‘tarilgan edi. Oxirgi marta bog‘ 2022 yil mart oyida ta’mirlash uchun yopilgandi

Ko‘proq yangiliklar: