Kiyev uzoq kutgan xushxabar. Kongressmenlar harbiy yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi

Jahon 18:53 / 21.04.2024 26784
Foto: Reuters

AQSh Vakillar palatasi ko‘p haftalik kechikishdan so‘ng Ukrainani qo‘llashga bilvosita yoki bevosita bog‘liq bo‘lgan maqsadlar uchun 61 mlrd dollar atrofida mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Bu jarayon yakunlanganidan keyin Vashington bir necha oylik uzilishdan keyin Kiyevga harbiy ta’minotni tiklashi mumkin bo‘ladi.

Qonun loyihasi uchun demokratlar ham, respublikachilar ham ovoz berishgan: 311 ta «ha», 112 ta «qarshi» ovoz. Ovoz berishda ishtirok etgan demokratlarning barchasi - 210 kishi Ukrainaga yordamni ma’qullagan. Respublikachilar orasida 101 kishi «ha» degan, ammo ushbu partiyaning palatadagi vakillaridan yarmidan ko‘p qismi, 112 nafar kongressmen, «qarshi» ovoz bergan.

Budjet so‘rovi hali Senat tomonidan ham qayta tasdiqlanishi lozim, u yerda Ukrainaga yordam tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Senatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi demokratlar yetakchisi Chak Shumer ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida senatorlar «birinchi ovoz berish jarayonini seshanba kuni yakunlashi»ni ma’lum qilgan. Bu so‘nggi ovoz berish bo‘lmaydi, ammo Senat hafta davomida qonun loyihasini ma’qullashi kutilmoqda.

Keyin uni imzolash uchun demokrat prezident Jo Baydenga taqdim etishadi, u hujjat o‘ziga kelib tushgan zahoti unga imzo chekishni va’da qilgan.

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi jami 60,84 mlrd dollarlik xarajatlarni o‘z ichiga oladi, ammo shundan 23,2 mlrd dollar Kiyevga harbiy yordam yetkazib berish tufayli qisqargan Amerika harbiy zaxiralarini to‘ldirishga, 11,3 mlrd dollar esa amerikalik harbiylarning mintaqadagi faoliyatini (ukrain harbiy xizmatchilarini mamlakatdan tashqarida tayyorlash va NATOning sharqiy qanotidagi harbiylarni ushlab turish xarajatlari) moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

O‘tgan hafta davomida Politico va Washington Post nashrlari yozganidek, Pentagon Ukraina uchun harbiy yordamning katta partiyasini oldindan tayyorlab qo‘ygan, shuning uchun budjet uzil-kesil tasdiqlangach, o‘q-dorilar «bir haftadan kamroq» vaqt ichida ukrain armiyasiga yetib boradi.

Shuningdek, shanba kuni Vakillar palatasi Isroil va Tayvanga yordam paketlari uchun alohida ovoz berdi. Avvaliga ular Ukrainani qo‘llab-quvvatlash budjeti uchun yagona paketning bir qismi edi, ammo yakunda palata spikeri ularni ajratishga qaror qildi. Ularni ham Senat qaytadan takrorlashi talab etiladi, shundan keyin prezident ularni imzolashi mumkin.

Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilar kongressmenlarning qarorini olqishlashgan, Moskvada bu yangilikni kutilgan qaror deb atashdi va qoralashdi.

155-kalibrli snaryadlarning metall korpusi Skrentondagi zavodda (Pensilvaniya shtati) ishlab chiqarilmoqda. Bu Jo Bayden tug‘ilgan shahar hisoblanadi. Foto: Reuters

Birinchi jang Senatda bo‘lgandi

Ukrainaga yordam borasidagi bahslar Amerika Kongressida qariyb besh oy davom etdi.

O‘tgan yil oxirida Vashington Kiyevga so‘nggi yordam partiyalaridan birini yuborganida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Jon Kirbi agar Kongress yaqin haftalar ichida Ukrainaga yordamning yangi paketini tasdiqlamasa, buning uchun budjetda mablag‘ qolmasligidan ogohlantirgandi.

Kiyev harbiy yetkazmalarning ko‘plab turlarini yetarli miqdorda faqat AQShdan olishi mumkin: bu birinchi navbatda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar hamda artilleriya snaryadlari. Bunday o‘q-dorilar taqchilligi ukrain armiyasini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi va asta-sekin chekinishga majbur qildi, tahlilchilar esa bir necha marta front qulash arafasida ekanidan ogohlantirdi.

Shunga qaramay yordam paketi demokratlar nazoratidagi Senatdan o‘tishi ham qiyin kechgandi. Dekabr oyida ozchilikni tashkil etuvchi respublikachilar Bayden ma’muriyatining Ukraina, Isroil va Tayvanga yordamni birlashtirgan qonun loyihasini bloklagandi.

Unda «ukrain» moddasi uchun eng ko‘p mablag‘ ajratilgandi — 61 milliard dollar (buning sezilarli qismi Amerika arsenalini to‘ldirish va Sharqiy Yevropadagi Amerika qo‘shinlarini moliyalashtirish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgandi), qolgani Isroilga harbiy yordam, G‘azo sektoridagi falastinliklarga insonparvarlik yordami va Tayvanni hamda Hind-Tinch okeani mintaqasidagi boshqa ittifoqchilarga harbiy yordam ko‘rsatish uchun.

Kongressning har ikki palatasidagi respublikachilar qonun loyihasini qo‘llash evaziga Meksika bilan chegarada nazoratni kuchaytirishni talab qilishdi. Fevral oyi boshida Oq uy va demokratlar yon berishga rozi bo‘ldi, sobiq prezident Donald Tramp bunday kelishuvga qarshi chiqqach, respublikachilar baribir tahrirlangan qonun loyihasini ham qo‘llab-quvvatlashmadi.

O‘shanda demokratlar Senatda chegara haqida hech qanday modda bo‘lmagan xorijiy yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokamaga kiritdi va ko‘plab kuzatuvchilarni hayron qoldirgan holda bu loyiha oson o‘tdi, qolaversa, demokratlardan tashqari respublikachilarning qariyb yarmi ham «ha» deb ovoz berdi. Bunday shaklda yordam miqdori 95 mlrd dollarni tashkil etardi.

Agar AQSh Ukrainaga yordamni yetarli miqdorda tiklamasa, Rossiya armiyasi keyingi oylarda katta yutuqlarga erishishi mumkin

Senatdan o‘tgan qonun loyihasi uzoq vaqt Vakillar palatasida qolib ketdi

Vakillar palatasida respublikachilar nisbatan ko‘pchilikni tashkil etadi, ammo bu yerda ham har ikki partiyaning ko‘pchilik vakillari agar ovoz berishgacha yetib kelsa, ushbu qonun loyihasini qo‘llashga tayyorligini bildirishgandi.

Ammo yordam paketiga qarshi bo‘lgan respublikachilar guruhi agar qonun loyihasini ovozga qo‘ygudek bo‘lsa, palata spikeri Mayk Jonsonni lavozimidan chetlatish bilan tahdid solishdi. Jonson Jo Bayden va xorijiy davlatlar rahbarlarining unatishlariga qaramay, ikki oydan ortiq vaqt davomida yordamga qarshi guruhning izmiga bo‘ysundi.

Ammo chorshanba kuni u pozitsiyasini o‘zgartirib, oqibatlarini o‘ylamasdan, taomiliga ko‘ra ish tutishga qaror qilganini ma’lum qildi.

G‘azoda urush olib borayotgan Isroil to‘g‘risidagi qismi tufayli bir guruh demokratlar ham qonun loyihasiga ovoz berishga qarshi chiqishgandi.

Yakunda spiker Ukraina, Isroil va Tayvanga yordamlarni alohida qonun loyihalari sifatida rasmiylashtirishni taklif etdi. Bu g‘oyani Vakillar palatasining qurolli kuchlar, tashqi ishlar, razvedka, budjet bo‘yicha qo‘mitalar hamda mudofaa budjeti bo‘yicha quyi qo‘mita raislari qo‘llab-quvvatladi. Keyin prezident Bayden ham Mayk Jonson tomonidan kiritilgan qonun loyihalarini qo‘llashini bildirdi.

Konservativ spikerning demokratlar bilan alyansi

Mayk Jonson Respublikachilar partiyasining trampchilar qanotiga loyalligi uchun 2023 yil oktyabrida palata spikeriga aylangandi

Respublikachi Mayk Jonsonga saylov o‘tkazishda demokratlarning ovozlari yordam berdi. Bu noodatiy holat: odatda Vakillar palatasida ko‘proq vakilga ega bo‘lgan partiya palata faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha barcha masalalarni faqat o‘z ovozlari bilan hal qiladi: kun tartibini, reglamentni belgilaydi, spikerni va boshqa rasmiylarni saylaydi. Palatadagi a’zolari soni kam bo‘lgan partiya esa odatda bunday jarayonlarda qarshi ovoz beradi.

Ammo Vakillar palatasida respublikachilarning demokratlardan ustunligi katta emas: 213 taga qarshi 217 ovoz ustunligi (yana beshta o‘rin hozirda vakant). Agar hech bo‘lmaganda ikki nafar respublikachi o‘z fraksiyasi bilan birga ovoz berishni istamasa, demokratlar esa to‘liq tarkibda qarshi ovoz bersa, qaror o‘tmaydi. Xorijiy davlatlarga, ayniqsa Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qarshilar respublikachilar orasida ancha ko‘proq.

Natijada qonun loyihalarini ovozga qo‘yish bo‘yicha protsessual qaror demokratlar pozitsiyasini o‘zgartirishi evaziga muvaffaqiyatli qabul qilindi (316 kishi yoqlab ovoz berdi, faqat 94 kishi qarshi bo‘ldi). Palata a’zolari bo‘lgan respublikachilarning bir qismi bu qarorga qarshi chiqdi. Lekin o‘sha ovoz berish natijasi shanba kungi ovoz berish natijasiga yaqin edi.

Ukrainaga yordam berishga qarshi respublikachilar guruhi endi spiker Jonsonni almashtirish bilan tahdid qilmoqda, ulardan kamida ikki nafari ochiqchasiga uning iste’fosini qo‘llashini bildirdi. Shuning o‘zi ham yetarli bo‘lishi mumkin – agar demokratlar yana unga yordamga kelishmasa.

Reaksiya: Ukraina va Yevropada yengil tin olishdi, Rossiyada tahdid solib, la’nat o‘qishmoqda

Amerikaning uzoq kutilgan yordami ma’qullanishi Kiyevda mamnuniyat bilan qabul qilindi, AQShning Yevropadagi ittifoqchilari ham bu o‘zgarishni qizg‘in olqishlashdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki partiyaga hamda shaxsan spiker Jonsonga minnatdorchilik bildirgan.

«Bugun Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan Amerika yordami to‘g‘risidagi ushbu muhim qonun loyihasi urush avj olishiga yo‘l qo‘ymasdan, ming-minglab odamlar hayotini saqlab qoladi hamda mamlakatlarimiz yanada kuchliroq bo‘lishiga yordam beradi. Adolatli dunyo va xavfsizlikka faqat kuch orqali erishish mumkin», — deya yozgan Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Men ushbu qonun loyihasi Vakillar palatasi tomonidan qabul qilinganini olqishlayman. Bu har ikki partiya Ukrainani qo‘llashda davom etayotganini ko‘rsatadi, — deya yozgan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. — Bu Yevropadagi ittifoqchilar taqdim etgan o‘nlab milliardlik yordam ustiga jiddiy qo‘shimcha bo‘ladi. Juma kuni NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishida ittifoqchilarning mudofaa vazirlari kelgusida ham Ukrainaga yordam berishga, jumladan havo hujumidan mudofaa salohiyatini oshirishga kelishib olgandi. Senatni zudlik bilan harakat qilishga va mazkur qonun loyihasini prezident Baydenga yuborishga chaqiraman».

«AQSh Vakillar palatasining Ukraina uchun 60 mlrd dollar atrofidagi yordamni qo‘llab-quvvatlashi — oldinga tashlangan juda muhim qadamdir, — deya yozgan Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri, lord Devid Kemeron. — Agar Putin qachondir G‘arbning Ukrainani qo‘llashdagi qat’iyligiga shubha qilgan bo‘lsa, bu bizning kollektiv irodamiz so‘nmaganini namoyish etadi. Qo‘llab-quvvatlov bilan Ukraina g‘alaba qozonishi mumkin va g‘alaba qozonadi ham. #StandWithUkraine».

Moskvada Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishi haqidagi qaror kutilgan va prognoz qilingan qaror bo‘lgani»ni aytdi. «Bu Amerika Qo‘shma Shtatlarini yanada boyitadi va Ukrainani yanada vayron qilib, Kiyev rejimi aybi bilan yanada ko‘proq ukrainlar halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi», degan u.

U shuningdek boshqa choralar qatori AQShdagi Rossiya aktivlarini musodara qilishni nazarda tutuvchi boshqa bir qonun loyihasiga ham to‘xtalgan. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, «agar bu chindan ham shunday bo‘lsa, unda Amerika buning uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi. Va bu yerda qandaydir vaqt cheklovlari bo‘lmaydi».

Rossiya TIV matbuot xizmati rahbari Mariya Zaxarova ham shanba kuni Vakillar palatasida qabul qilingan qonun loyihalariga munosabat bildirgan.

«Qo‘shma Shtatlar tomonidan Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam ajratilishi global inqirozni yanada kuchaytiradi: Kiyev rejimiga harbiy yordam terrorchilik faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri homiylik qilish, Tayvanga yordam ko‘rsatilishi — Xitoyning ichki ishlariga aralashuv, Isroilga yordam ko‘rsatilishi — mintaqadagi misli ko‘rilmagan keskinlashuv kuchayishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l», — deya yozgan Zaxarova o‘z telegram-kanalida.

RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari hisoblangan Dmitriy Medvedev odatdagi kabi hissiyot bilan fikr bildirgan.

«Ularning to‘yinmagan harbiy-sanoat kompleksi bo‘g‘ziga tushadigan qonli 61 mlrd dollarga qaramay, biz, albatta, g‘alaba qozonamiz. Kuch va haqiqat biz tomonda, — deya yozgan Medvedev o‘z telegram-kanalida. — Ammo bu rusofob qaror tufayli men AQShga imkon qadar yangi fuqarolik urushini tilayman».

Ko‘proq yangiliklar: