«Bir hafta pistirmada o‘tirdik». Budanov Tu-22 urib tushirilishi haqida gapirdi

Jahon 13:17 / 21.04.2024 29201

«Uzoq kutdik, tayyorlandik, oxiri buni uddaladik», — deya qisqa javob qaytargan Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Ukraina bo‘ylab navbatdagi zarbalar yo‘llashda qatnashgan Rossiyaning Tu-22MZ strategik bombardimonchi samolyoti qanday urib tushirilgani haqida.

«O‘tgan haftani „pistirma“ haftasi deyish mumkin. U kerakli nuqtaga kelishini kutdik», — deya izohlagan razvedka rahbari BBC Ukraina xizmati muxbiri bilan suhbatda. U tafsilotlarni ochiqlashni istamasligini bildirgan. Ammo samolyot 308 km masofada yo‘q qilinganini aytgan. Va unga zarba berish uchun avvalroq A-50 samolyotini havoda yo‘q qilish uchun qo‘llangan usul va vositalardan foydalanilgan.

Bosh razvedka boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada hali bunday samolyotlardan yana bor. «Ammo bu mazkur urushda shunday masofada harakatlanuvchi samolyotning ilk bor urib tushirilishi bo‘ldi. Odessadagilarga endi osonroq bo‘ladi», deya qayd etgan u.

Budanov Tu-22M3 samolyoti Odessaga eng ko‘p vayrongarchiliklar keltirgan X-22 raketalarini uchirganini qayd etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kuchli va tez uchuvchi raketalarni «tutib olish imkonsiz».

Ammo, sovetlar davrida ishlab chiqarilgani uchun bunday raketalarning aniqligi «u qadar katta emas».

Shuning uchun ham «fuqarolik qurilmalarining katta qismini aynan shunday raketalar» vayron qilgan.

«Endi rossiyaliklar raketalar uchirish uchun yangi uchirish maydonlari qidirishiga to‘g‘ri keladi va ular «Odessaga zarba berish uchun faqat quruqlikdagi komplekslar, uzoq masofali aviatsiya va dengizdan foydalanishga majbur bo‘ladi», — degan Budanov.

«Men umid qilamanki, endi X-22 raketalarini ko‘rmaymiz», — deya taxmin qilgan ukrainlarning bosh razvedkachisi.

«Birinchi zarba yoki texnik nosozlik»?

Avvalroq ukrainalik harbiylar 19 aprel kuni ilk bor rossiyaliklarning Tu-22M3 rusumli strategik bombardimonchisini urib tushirishga muvaffaq bo‘lishganini ma’lum qilishgandi. Bu X-22 qanotli raketalari tashuvchisi hisoblanadi, u juma kuni amalga oshirilgan navbatdagi yopirilma zarbalarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.

Bu harbiy razvedka va Havo kuchlarining qo‘shma amaliyoti bo‘lgani ma’lum qilingan. Razvedka matbuot xizmati shtabda samolyotga zarba berilgan vaqtda olingan videoni namoyish etgan.

«Barcha ishda birinchi martasi bo‘ladi. Biz o‘z vaqtida „Kinjal“ni birinchi marta urib tushirgandi, „Tsirkon“ni ham. Mana Tu-22ni ham birinchi bor urib tushirdik. Endi esa Tu-95ni ham kutamiz», — degan Havo kuchlari spikeri Ilya Yevlash «Ozodlik radiosi» efirida.

Bu vaqtda esa Rossiya mudofaa vazirligi Tu-22M3 raketa tashuvchisi «jangovar vazifani bajarib qaytayotganida qulab tushgani»ni ma’lum qilgan. Qulashga «texnik nosozlik» sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Rossiya nashrlarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, samolyot Stavropol o‘lkasidagi bo‘sh joyga tushgan.

«Pilotlar katapulta qilingan, ekipajning uch a’zosi topilgan, yana bir pilotni qidirish ishlari olib borilmoqda», — deya xabar bergan vazirlik.

Keyinroq Rossiyadagi RIA Novosti davlat axborot agentligi mahalliy gubernatorga tayanib, kamida bir uchuvchi halok bo‘lgani haqida yozdi.

«Qonuniy nishon»

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiya bombardimonchisi urib tushirilganiga munosabat bildirarkan, bu Ukrainaning o‘zini himoya qilish huquqi doirasida ro‘y berganini aytdi.

«Biz yodda tutishimiz kerakki, bu harbiy tajovuz: Rossiya Ukrainaga hujum qilgan. Ukraina o‘zini himoya qilishga haqli. Va bu Ukraina tashqarisidagi nishonlarga ham zarba berishni o‘z ichiga oladi», — degan Yyens Stoltenberg Ukraina- NATO kengashi yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida.

Yig‘ilish a’zo mamlakatlarning mudofaa vazirlari darajasida o‘tkazilgan, uni o‘tkazish tashabbusi prezident Zelenskiydan chiqqan, u bu haqda Rossiyaning so‘nggi yopirilma zarbalaridan keyin so‘ragandi.

«Putinni osmondan yerga tushirish lozim»

Kengash ishtirokchilari qarshisida videoaloqa orqali chiqish qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Putinni osmondan yerga tushirish lozimligi» haqida gapirgan.

U  «Ukraina osmonini xavfsiz qilish» — amalga oshirsa bo‘ladigan vazifa ekani haqidagi tezisini yana bir bor takrorlagan. Ukraina prezidenti o‘tgan haftada Eron Isroilga hujum qilganida Isroil va ittifoqchilari yuzlab raketa va dronlarning qariyb barchasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lganidan keyingi deyarli har bir chiqishida shu haqda gapirmoqda.

«Bu to‘lig‘icha sizning tanlovingizga bog‘liq. Bu inson hayoti hamma joyda ham bir xilda qadrlanadimi yoki yo‘qligini ko‘rsatuvchi tanlovdir. Bu siz barcha hamkorlarga ham bir xilda qarashingizni ko‘rsatish uchun tanlov. Chindan ham biz ittifoqchilar ekanimiz haqidagi tanlov», — degan Volodimir Zelenskiy.

Yig‘ilish yakunida NATO rahbari «yordam allaqachon yo‘lda» ekani va tez orada Ukrainaga yangi havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda Rossiya tajovuziga qarshi kurashish uchun boshqa vositalar yetkazib berilishini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: