Tramp sudlanayotgan bino yaqinida erkak o‘z joniga qasd qildi

Jahon 18:44 / 20.04.2024 6128

Sobiq prezident Donald Tramp sudlanayotgan Nyu-York sudi binosi qarshisidagi bog‘da o‘z joniga qasd qilishga uringan Maks Azzarello og‘ir kuyish jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etdi. Bu haqda CNN yozdi.

Hodisa 19 aprel kuni Tramp tarafdorlari va muxoliflarining namoyishlari uchun maxsus ajratilgan hududda sodir bo‘lgan. O‘z joniga qasd qilishga urinishdan oldin Azzarello havoga bir dasta broshyuralarni uloqtirgan, ular orasida o‘z manifestiga havola ham bor edi.

Azzarello matnlarida kriptovalutalar, Hollivud aktyorlari, koronavirus pandemiyasi, sobiq prezident Bill Klinton, «Simpsonlar», 2023 yildagi banklar inqirozi, shuningdek, Mark Tsukerberg va Ilon Mask haqidagi fitna nazariyalari tilga olingani ta’kidlanmoqda.

Erkak Florida shtatida bir necha bor hibsga olingan, politsiya uning ishsiz va o‘z joniga qasd qilishga moyil ekanini qayd qilgan.

Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasiga ta’sir ko‘rsatmasligi uchun o‘zi munosabatda bo‘lgan porno aktrisaga pora berganlikda ayblanmoqda. Sobiq prezident 34 ta band bo‘yicha ayblangan bo‘lib, ularning har biri to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi. Agar hakamlar hay’ati Trampni barcha moddalar bo‘yicha aybdor deb topsa, u 136 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: