19 aprel, juma kuni Tbilisida Yevropa tarafdorlari namoyishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda AFP. Gurjiston parlamenti 17 aprel, chorshanba kuni birinchi o‘qishda ma’qullagan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi munozarali qonun loyihasiga yuzlab yoshlar norozilik bildirdi.
Namoyishchilar megafon orqali «Qayerga ketyapmiz?» deya berilgan savolga javoban bir ovozdan «Yevropaga!» deb baqirdi, deya xabar beradi AFP. Agentlik namoyishchilardan biri Georgiy Torochelidzening so‘zlaridan iqtibos keltiradi: «Biz ularni nafaqat bu qonundan voz kechishga majburlaymiz, balki Gurjistondagi rossiyaparast hukumatga ham toqat qilmaymiz».
Gurjistonda «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun
«Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunchiligi bilan solishtirilmoqda. Bryusselning ta’kidlashicha, hujjat «Yevropa Ittifoqi asosiy me’yorlari va qadriyatlariga mos kelmaydi», ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati erkinligini cheklash uchun xavf tug‘diradi va agar qonun qabul qilinsa, Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga yo‘li xavf ostida qolishi mumkin. Mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili bahsli qonun parlament tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinsa, unga veto qo‘yishga va’da berdi.
16 apreldan beri Gurjistonda «chet el agentlari» haqidagi qonunga qarshi namoyishlar davom etmoqda - o‘sha kuni Tbilisidagi parlament binosi yaqinida 15 mingga yaqin odam yig‘ilgan va politsiya ularni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Gurjiston ichki ishlar vaziri Vaxtang Gomelaurining xabar berishicha, 16-17 aprel kunlari Tbilisida politsiya 40 nafar namoyishchini qo‘lga olgan. Namoyishchilar bilan to‘qnashuvlar chog‘ida bir necha politsiyachi yaralangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir, deya qo‘shimcha qildi Gomelauri.