O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya energetika vazirligi davlat kotibining iqlim siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Daniela Deli bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Tomonlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va istiqbollarini muhokama qildi.
Issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish sohasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Daniela Deli Vengriya O‘zbekiston bilan iqlim siyosati doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini ta’kidladi. U bunday hamkorlik iqlim o‘zgarishini kamaytirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha umumiy maqsadlarga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqlim siyosati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilandi.