Finlandiya Rossiyadan kelgan muhojirlar masalasida YeIdan yordam so‘radi

Jahon 10:11 / 20.04.2024 3322

Finlandiya Yevroittifoqqa Rossiya-Finlyandiya chegarasi orqali Yevropa Ittifoqiga kirmoqchi bo‘lgan muhojirlarni qaytarishda yordam so‘rab murojaat qildi. Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo 19 aprel, juma kuni Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bilan chegaradagi Lappeenrantaga tashrif buyurganidan so‘ng: «Biz o‘z qonunchiligimizni tayyorlayapmiz, lekin bizga Yevropa Ittifoqidan ham chora kerak», dedi.

Fon der Lyayyen Yevrokomissiya Helsinkini qo‘llab-quvvatlashi va muhojirlar kelgan mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishiga ishontirdi. «Biz bir davlat kambag‘al odamlardan boshqa davlatga bosim o‘tkazish uchun foydalanayotganini ko‘rmoqdamiz, shuning uchun bu aniq xavfsizlik muammosi», dedi fon der Lyayyen Rossiyaning harakatlari haqida. 

«Rossiyaning gibrid hujumlari nafaqat Finlandiya xavfsizligiga taalluqlidir, - deb yozadi Yevropa komissiyasi rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida, - gap butun Yevropa Ittifoqining xavfsizligi haqida boryapti».

Finlandiya o‘tgan yili Suriya va Somali kabi davlatlardan muhojirlar oqimidan so‘ng Rossiya bilan chegarasini yopgan edi. Finlandiya Rossiyani migratsiyadan mamlakat va YeIga qarshi qurol sifatida foydalanayotganlikda aybladi. Kreml bu ayblovlarni rad etdi. Hozir Finlandiya chegarachilarga Rossiyadan kelgan boshpana izlovchilarni qaytarishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Avvalroq, Polsha va Litva Belarus bilan chegarasi orqali ham xuddi shunday muammo - qochqinlarning kuchli oqimiga duch kelgandi.
 

Ko‘proq yangiliklar: