Bir-birini ayayotgan Eron va Isroil, G‘arbdan Ukrainaga yordam va aholisi kamayayotgan Rossiya - kun dayjesti

Jahon 12:56 / 20.04.2024 13155

Dunyoda sodir bo‘lgan yangiliklar, voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etamiz.

Eronning hujumga reaksiyasi

Eron keng ko‘lamli mintaqaviy mojaroga kirishishga tayyor emasligi ayon bo‘lmoqda.

Juma kuni erta tongda Isroil Eronga javob zarbasini yo‘lladi. Eron ommaviy axborot vositalari va rasmiy shaxslari arzimagan portlashlar yuz berganini tilga olib, ular havo hujumidan mudofaa tizimlari Eronning markaziy qismida joylashgan Isfahon shahri uzra dronlarni urib tushirganini ta’kidlashgan. Eron hukumati bu voqeani Isroilning emas, «diversant»larning hujumi deb atagan, bu esa javob qaytarish va kelgusida mojaro yanada avj olish zaruriyatini soqit qiladi.

Xo‘sh, Tehron voqeaning ahamiyatini pasaytirdimi? Shubhasiz. Aeroportlar ishi tezda tiklangan, Eron ommaviy axborot vositalari esa hech qanday xavf yo‘qligini tushuntira boshlagan. Juma kuni mamlakat bo‘ylab xizmat safariga chiqqan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy umuman hujumni tilga olmagan.

Avvalroq Eron Isroilning zarbasiga «maksimal darajada» javob qaytarilishi haqida bayonot bergan edi. Lekin, aftidan, Tehron ayni paytda mintaqaviy urushning oldini olish yo‘lini tanlagan yoki qo‘shnilarning diplomatik sa’y-harakatlari ish bergan.

Ukrainaga yordam

NATO davlatlari mudofaa vazirlari Ukrainaga ko‘proq havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishga rozi bo‘lishdi. Alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg tez orada yordam miqdori anons qilinishini bildirdi.

Stoltenbergga ko‘ra, yordam allaqachon yo‘lga chiqqan. Shuningdek, Ukrainaning boshqa ehtiyojlari ham bor, ayniqsa 155 mmlik snaryadlarda.

Germaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga Patriot tizimini yetkazib berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, ukrainlarga boshqa mudofaa vositalari ham yetkaziladi.

«Ittifoqchilar o‘z zaxiralariga chuqurroq qarab, u yerdan snaryadlarni olib chiqishlari kerak. Ukrainaga yordam berish xayriya emas, bizning xavfsizligimizga investitsiya», — degan Stoltenberg.

Darvoqe, bugun AQSh Kongressi Vakillar palatasi Ukrainaga yordamni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Agar qonun qabul qilinsa Ukrainaga uzoq kutilgan 61 mlrd dollar ajratiladi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Bill Byorns agar Ukrainaga harbiy yordam jo‘natilmasa 2024 yilning so‘ngiga borib Ukraina urushda yutqazishini ta’kidlagan.

«Harbiy yordam amaliy, ham psixologik qo‘llab-quvvatlashni bildiradi», — degan Byorns.

Lavrov Ukraina haqida

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha chiqish qildi. «Tinchlik bo‘yicha muzokaralar boshlangan taqdirda ham Rossiya harbiy harakatlarni to‘xtatmaydi», — degan Lavrov.

Urush avvalida muhokama qilingan Istanbul kelishuviga ko‘ra, Ukrainaga NATOning (hujum yuz bergan chog‘da a’zo mamlakatni kollektiv mudofaa qilish to‘g‘risidagi) 5-moddasi qo‘llanishiga rozi bo‘lingan, faqat Qrim va Donbassdan tashqari. Agar bu hududlarga hujum uyushtirilsa, avvalgi kelishuvlar bekor bo‘lishi kerak bo‘lgan.

«Dushman biz tomon zarba berayotgan chiziqni nariga surish kerak. Xarkiv bu yerda katta rol o‘ynamoqda», — degan Lavrov.

Lavrovga ko‘ra, endigi reallik boshqacha va Rossiya to‘rtta asl hududlarini o‘ziga qaytargan.

Istanbul kelishuviga ko‘ra, Ukrainada uchinchi davlatlarning hech qanday harbiy bazalari bo‘lmasligi, ular bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmasligi shart edi. Faqat kafil davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoyning roziligi olingan holatlardan tashqari.

«Biz bugun Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyot davom ettirilishi kerakligiga to‘liq ishonchimiz komil. Ukrainaga hech qanday ishonch yo‘q», — degan Lavrov.

Ukraina elektr narxini oshirmoqchi

Ukrainada ham elektr energiyasi narxini oshirish taklif etildi. Lekin hammaga emas.

Xalq deputati Oleksiy Kucherenkoga ko‘ra, 1 kilovatt-soat elektr energiyasining narxi 3,5 grivnaga oshirilishi kerak. Bu so‘mga chaqilganida 1117 so‘m bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kam ta’minlangan oilalar uchun oylik iste’mol 150 kilovatt-soatgacha cheklanishi va bu miqdor uchun narx oshirilmasligi kerak. Bu limitdan yuqori iste’mol qilganlar kilovatt-soatiga 3,5 grivnadan pul to‘lashi kerak.

Deputatning aytishicha, agar elektr energiyasi tarifi oshirilmasa, mablag‘lar armiya, tibbiyot va ta’lim hisobidan dotatsiya qilinishiga to‘g‘ri keladi.

Ukrainada 2023 yilning 1 iyunida so‘nggi marta aholi uchun elektr energiyasi tarifi oshirilgan va 2,64 grivna (842 so‘m) miqdorida belgilangan edi.

Ozarboyjon va Armaniston kelishuvi

Ozarboyjon va Armaniston ilk bor o‘rtadagi chegaraning bir qismi qanday o‘tishini kelishib oldi. Tomonlar to‘rtta aholi punkti o‘rtasida «chegara chizig‘ining alohida uchastkalarini o‘tkazish to‘g‘risida bir qarorga keldi» va bu uchastkalarni «Sovet Ittifoqi parchalangan paytdagi chegaraga» moslashtirishga erishdi», — deyiladi 19 aprel juma kuni Armaniston Tashqi ishlar vazirligi xabarida. Ozarboyjon tomoni ham buni tasdiqlagan.

Yerevan 1990-yillarning boshidan beri nazorat qilib kelayotgan to‘rtta qishloqni Ozarboyjon nazoratiga o‘tkazadi.

Tomonlar Bag‘anis Ayrim, Yuqori Askipara, Xeyrimli, Qizil Hojili aholi punktlari o‘rtasida «chegara chizig‘ining alohida uchastkalarini o‘tkazish to‘g‘risida» kelishib olgan.

 «Ushbu jarayonda Armaniston Respublikasi chegarani delimitatsiya qilish va xavfsizlik bilan bog‘liq xavf-xatarlarning kamayishiga erishadi», — deyiladi Armaniston bosh vaziri devoni izohida.

Boku va Yerevan yaqin kelajakda qo‘shinlarni kelishilgan uchastkalardan va u yerdagi stansiya chegara xizmatlaridan olib chiqishga, shuningdek, «chegaraning boshqa barcha uchastkalarini, shu jumladan anklav va eksklavlar masalalari bo‘yicha delimitatsiya qilishning ustuvorligini kelishib olish va davom ettirishga kelishib olgan».

Rossiya aholisi qisqarib bormoqda

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-fevral oylarida Rossiya aholisi qariyb 130 ming kishiga qisqargan. Bunga asosiy sabab o‘lim darajasining tug‘ilish darajasidan yuqori ekanligi. Garchi yanvar-fevral oylarida ko‘p yillardan buyon ilk marta tug‘ilish darajasi 1 foizga ko‘tarilib, 201 ming chaqaloqni tashkil etgan bo‘lsa-da, o‘lim darajasi ham keskin oshgan va 10 foizga ko‘tarilgan va 331 ming kishini tashkil etgan.

Natijada o‘tgan oyning shu davriga nisbatan taqqoslanganda tabiiy kamayish ko‘rsatkichi 27 foizga oshgan va 27,8 ming kishini tashkil etgan. Mamlakatda tabiiy kamayishning o‘rtacha tezligi kuniga 2,1 ming kishiga yetmoqda.

Rossiyada tabiiy kamayish darajasini rasmiy statistika 9 yildan buyon ketma-ket qayd etmoqda. O‘tgan 2023 yilda o‘limlar soni tug‘ilish sonidan 500 mingga ko‘proq bo‘lgan. Covid-19 pandemiyasi oqibatlaridan keyingi 2021 yilda rekord o‘rnatilgan edi va Rossiyaning zamonaviy tarixida ilk marta kamayish 1,04 million kishini tashkil etgandi.

2016–2023 yillarda Rossiya tabiiy kamayish natijasida 3,5 million odamidan ayrilgan — bu Tula va Belgorod oblastlarining birgalikdagi aholisi soniga teng.

Rosstat demografik prognoziga ko‘ra, bu jarayon yaqin o‘n yilliklarda davom etadi. Idora baholashiga ko‘ra, 2023–2046 yillar orasida Rossiyada o‘limning tug‘ilishdan yuqoriligi natijasida aholi soni 12,7 millionga qisqaradi. 2024 yilda tabiiy kamayish 675,1 ming, 2025 yilda 693,2 mingni tashkil etadi, 2026–2027 yillarda bu ko‘rsatkich 700 mingdan oshadi. 2030 yilga borib sekinlashish yuz beradi va 652 mingni tashkil etadi, 2035 yilda 532 mingni, 2040-yillarning o‘rtalariga borib yiliga 400 ming aholi qisqaradi.

Ko‘proq yangiliklar: