G‘azodagi vaziyat
AQSh va Isroil Rafahda o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan operatsiyani muhokama qilgan.
AQSh va Isroil vakillari Eronning Isroilga havodan uyushtirilgan yopirilma zarbasi va Falastinning G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga isroilliklarning rejalashtirilayotgan hujumi masalalari bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Oq uy tomonidan tarqatilgan bayonotda.
Misr rasmiy shaxslarning bayonotiga ko‘ra, AQSh Eronga «cheklangan» zarba berish evaziga Isroilning Rafahga bostirib kirish rejasini ma’qullagan, deb xabar beradi «Al-Arabiy Al-Jadid».
Misrdagi manbalarning aytishicha, Misr qurolli kuchlarining Yuqori Sinaydagi kuchlari «yuqori tayyorgarlik holati»ga keltirilgan. Aftidan, misrliklar Rafahga hujum uyushtirilsa qochqinlar chegarani buzib o‘tishidan cho‘chishmoqda.
Shuningdek, G‘azo janubidagi Xon Yunus shahrida ham Rafahga muqarrar hujumga tayyorgarlik ko‘rilib, ko‘chirilgan insonlar uchun lager kengaytirilgan.
Bu orada AQSh Falastinning Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga veto qo‘ygani ham ma’lum bo‘ldi.
Xavfsizlik kengashiga a’zo 15 ta davlatdan 12 tasi rezolyutsiyani qo‘llab ovoz bergan. 2 ta davlat ovoz berishda ikkilangan. Faqat AQSh veto qo‘ygan.
Isroilning Eronga hujumi
Isroil 24-48 ichida Eronga javob zarbasi berishi haqida AQShni ogohlantirgan, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Bu orada Eronning Isfahon shahri yaqinida uchta katta portlashlar sodir bo‘ldi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari uchib kirgan kichikroq dronlarni yoki aviaraketalarni urib tushirgan bo‘lishi mumkin, deb xabar qilinmoqda.
«Manbalarning aytishicha, Isfahon viloyatida kuchli portlashlar ovozi eshitilyapti», — dedi davlat televideniyesi va sabab hali aniq emasligini qo‘shimcha qildi.
FARS agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, portlashlar Isfahon xalqaro aeroporti va havo kuchlari bazasi joylashgan Qahjoviriston shahrida sodir bo‘lgan.
Tehron va boshqa shaharlar ustidan parvozlar to‘xtatilgani xabar qilinmoqda. Mehr agentligiga ko‘ra, Tehron, Isfahon va Sherozga, shuningdek, mamlakat g‘arbi, shimoli-g‘arbi va janubi-g‘arbidagi aeroportlarga parvozlar to‘xtatilgan. Portlash yuz bergan hudud uzra yo‘nalgan samolyotlar iziga qaytarilgan.
Rossiya va NATO to‘qnashuvi
Germaniya 5 yildan so‘ng Rossiya va NATO o‘rtasida urush ro‘y berishini prognoz qilmoqda.
Agar Rossiya NATO davlatlariga hujum qilishga qaror qilsa, bunga besh–sakkiz yil ichida tayyor bo‘ladi, degan Germaniya qurolli kuchlarining bosh inspektori general-leytenant Karsten Broyyer.
«Bizning tahlillarga ko‘ra, bu vaqtga kelib Rossiya o‘z qudratini shu darajada o‘stiradiki, NATO hududiga hujum qila olishga qodir bo‘ladi», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Reuters.
Broyyer bu voqea muqarrar ro‘y berishida unda yuz foiz ishonch yo‘qligini ham ta’kidlagan.
Generalning fikricha, Ukrainada davom etayotgan urush sharoitida ham Rossiya NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli uchun o‘z arsenalini to‘ldirish qudratiga ega.
«Rossiya ko‘plab harbiy texnika va qurol-yarog‘ ishlab chiqarayotganini ko‘rib turibmiz, ularning barchasini ham Ukrainadagi frontga jo‘natmayapti, shu sababli 2029 yilgacha biz ham tayyor bo‘lib turishimiz kerak», — degan Broyyer.
Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi Moskva va G‘arb o‘rtasida chuqur krizis ildiz otishiga olib keldi. Biroq Kremldagilar Rossiyaning NATO davlatlariga hujum qilish ehtimolini mudom rad etib kelmoqda. Mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bunday bayonotlarni yana «safsata» deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada shimoliy alyansga qarshi urushga kirishish uchun «na geosiyosiy, na iqtisodiy, na siyosiy va na harbiy manfaat» bor.
Sanksiyalarga yo‘l topgan Rossiya
Rossiya AQSh tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun o‘z neftini bir kunlik firmalar vositasida sotishni yo‘lga qo‘ygan.
So‘nggi oylarda Hindistonga neft yetkazib berish bo‘yicha yangi, hech kimga ma’lum bo‘lmagan firmalar shug‘ullana boshlagan, deb yozadi Bloomberg.
Nashrga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida Hindistondagi xususiy va davlatga tegishli neftni qayta ishlash zavodlariga avval mutlaqo ma’lum bo‘lmagan Blackford, Black Pearl va Vertex firmalari katta hajmdagi neft mahsulotlarini yetkazib bergan. Bu firmalar uzoq yashamaydi, bir necha oy ichida yopilib ketadi, deyishmoqda sohaga daxldor odamlar.
Yetkazib beruvchilar Dubay va Hongkong kabi shaharlarda yangi firma ochish yengilligidan foydalanishmoqda. Kichik firmalarning yana bir ustunligi — ularni almashtirish osongina, ularning aksariyati bir yil ham faoliyat ko‘rsatmaydi, degan Kpler neft xomashyosi bozorining yetakchi tahlilchisi Viktor Katona.
Nazoratchilar uchun esa bu haqiqiy boshog‘riq. AQSh allaqachon o‘nlab tankerlar va bir qator kema egalariga sanksiyalar joriy etgan. Ular neft tashishni bas qilishgan, lekin bu hol ham aprel oyining o‘rtalariga kelib Rossiyaga neft eksportini so‘nggi 11 oy ichida maksimumga ko‘tarishga xalaqit qila olmagan. Aprel oyining ikkinchi haftasida yetkazib berish hajmi sutkasiga qariyb 4 mln barrelga yetgan; so‘nggi bir oy ichidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 2023 yilning iyunidan buyon o‘sib, sutkasiga 3,66 mln barrelgacha ko‘tarilgan.
Putin nolegitim prezident?
Yevropa Kengashining parlament assambleyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni legitim prezident o‘laroq tan olishdan bosh tortdi. Bu haqda YeKPA saytida rezolyutsiya e’lon qilingan.
Hujjatda aytilishicha, Putin 2024 yilda erkin va shaffof bo‘lmagan saylovlar natijasida prezident etib saylangan, Putin rejimi esa «demokratiyaga qarshi urush ochishga» moyil deb atalgan. YeKPA Rossiya bilan humanitar aloqalardan tashqari barcha aloqalarni uzishga chaqirgan.
«Vladimir Putinning birorta haqiqiy raqibiga saylovda ishtirok etishga ruxsat etilmadi. Boz ustiga, saylov uchastkalari suveren Ukraina hududlari hamda Dnestrning so‘l qirg‘og‘idagi Moldova ma’muriy-hududiy birliklarida ham ochildi, bu esa BMT Nizomining hamda davlatlarning suvereniteti, siyosiy mustaqilligi va hududiy yaxlitligi prinsiplarining qo‘pol ravishda buzilishidir», — deyiladi rezolyutsiyada.
YeKPAdagilarga ko‘ra, Rossiya «sekin-astalik bilan bugungi kunda har qanday siyosiy muxolifatni taqiqlagan davlatga aylanib qolgan», mamlakatning ichida esa «fashistik stildagi propaganda yordamida Vladimir Putin shaxsiga sig‘inish» joriy etilgan.
Ramzan Qodirov o‘z generali tarafida
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Dog‘istonda mashinasini yo‘l politsiyasi xodimlari ustiga haydagani uchun uni to‘xtatib ushlashda qatnashganlarni ishdan olishni talab qildi.
Ramzan Qodirov Favqulodda vaziyatlar vazirligining Checheniston bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Alixan Tsakayevning ushlanishini «sharmandali provokatsiya» deb atagan. Qodirovga ko‘ra, general Tsakayevning ushlanishi «qo‘pol shaklda» va «sabablari tushuntirilmasdan» o‘tkazilgan. Garchi u yo‘lning qarama-qarshi qismidan harakatlanish va politsiya xodimlarining ustiga mashina haydashdan boshqa qo‘pol qoidabuzarlik sodir etmagan bo‘lsa ham.
Ramzan Qodirov generalni ushlashda ishtirok etgan xodimlarning shaxsi aniqlanganiga urg‘u bergan.
«Uning yonida xizmat guvohnomasi va libosi bo‘lmagan, u dam olish kuni harakatlangan. Bu esa postda butun bir spektakl uyushtirish uchun sabab bo‘lgan», — deb yozgan Qodirov.
Checheniston rahbari fikricha, Tsakayevni ushlagan xodimlar «tizimdan shovqin chiqarib haydalishi kerak. Qodirov Dog‘iston rahbariyatiga murojaat qilib, «aybdorlarga nisbatan chora ko‘rishni», chunki ular «huquq posboni formasini kiyishga va iflos qilishga haqli emasligi»ni aytgan.
General Alixana Tsakayevning mashinasi 14 aprel kuni Checheniston bilan chegaradagi «Gerzel ko‘prigi» nazorat o‘tkazish punktida to‘xtatilgan. Versiyalardan biriga ko‘ra, mast general yo‘l-patrul xizmat xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, ularning ustiga mashinasini haydagan. Natijada general kuch ishlatib ushlangan. Generalning mashinasi ham Kanadadan o‘g‘irlab keltirilgani va qidiruvda ekani oydinlashgan.
Keyinroq, ko‘p o‘tmasdan «Axmat» maxsus xizmat jangarilari Tsakayevni dog‘istonlik politsiyachilardan qutqarib olib ketishgan.