Bosh vazir Andrey Plenkovich boshchiligidagi hukmron konservativ «Xorvatiya demokratik ittifoqi» (HDZ) partiyasi muddatidan oldin parlament saylovlarida g‘alaba qozondi, biroq Xorvatiyaning yangi parlamentida ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolish uchun yetarlicha ovoz to‘play olmadi. 18 aprel, payshanba kuni saylov komissiyasining rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotlar shundan dalolat bermoqda.
Ularga ko‘ra, saylov byulletenlarining 99 foizi sanab bo‘lingandan so‘ng konservatorlar 151 o‘rinli Sabor – Xorvatiya parlamentida 60 o‘rin, eng yirik muxolifat kuchlari – so‘l markazchi «Sotsial-demokratik partiya» va uning hamkorlari – 42 o‘ringa ega bo‘ladi. «Vatan harakati»ning o‘ng qanot populistlari - 14 o‘rin, ultrakonservatorlar va «yashillar» mos ravishda 11 va 10 o‘rinni qo‘lga kirityapti.
Saylovchilarning ishtiroki 60 foizdan oshdi, bu 2020 yilgi saylovdagi 47 foizdan ancha yuqori.
Xorvatiya bosh vaziri g‘alabasini e’lon qildi
Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich allaqachon g‘alaba qozonganini e’lon qildi. «HDZ ketma-ket uchinchi bor parlament saylovlarida ishonchli g‘alaba qozondi. Ertadan biz uchinchi hukumatimizni shakllantirish ustida ish boshlaymiz», dedi u o‘z tarafdorlari bilan suhbatda.
Mart oyida Xorvatiya parlamenti muxolifatdagi sotsial-demokratlar tomonidan hukmron partiyaga nisbatan korrupsiyada ayblovlar qo‘yilgani fonida o‘zini tarqatib yuborishga qaror qilgan edi.
Tanqidchilarga ko‘ra, Plenkovich muddatidan oldin saylov o‘tkazishga qaror qilgan, chunki uning «Xorvatiya demokratik ittifoqi» partiyasi keyinchalik mashhurligini yo‘qotishidan qo‘rqqan. Xorvatiyada parlament saylovlari aslida kuzda bo‘lib o‘tishi kerak edi.
O‘z navbatida, 14 mart kuni Sabor sud surishtiruvi ma’lumotlarini jurnalistlarga yetkazgan xabar beruvchilarga nisbatan jazo choralarini nazarda tutuvchi munozarali qonunni qabul qildi. Muxolifatning fikricha, bu qonun Plenkovichga yaqin bo‘lgan korrupsion siyosatchilarni yashirishga qaratilgan.