Chexiyaning Ukraina uchun o‘q-dorilar sotib olish tashabbusiga dunyoning 20 ta davlati qo‘shildi. Bu haqda 16 aprel, seshanba kuni Chexiya bosh vaziri Petr Fiala AQShga ikki kunlik tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. «Hozirda 20 ga yaqin davlat bizning tashabbusimizga qo‘shilganidan xursandman», dedi Fiala, xususan, Kanada, Germaniya, Niderlandiya va Polshani keltirib. Chexiya bosh vazirining qo‘shimcha qilishicha, bu Ukrainaga «500 mingga yaqin artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish» imkonini yaratadi.
O‘q-dorilar «frontdagi vaziyatni o‘zgartiradi»
Fiala shuningdek, snaryadlarni yetkazib berish Kiyevga yordamning uzoq muddatli strategiyasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 donor davlat Ukrainaga keyingi 12 oy ichida yana bir million o‘q-dori yetkazib bermasligi uchun hech qanday sabab yo‘q. Chexiya hukumati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Kiyevga qo‘shma yuklar «frontdagi vaziyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zgartirishga yordam beradi».
Fiala qancha pul yig‘ilganiga aniqlik kiritmadi, ammo Chexiya hukumatining Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha komissari Tomas Kopechniy so‘zlariga ko‘ra, gap taxminan 3 milliard dollar haqida ketmoqda.
Chexiyaning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish tashabbusi
Fevral o‘rtalarida Myunxen xavfsizlik konferensiyasi chog‘ida Chexiya prezidenti Petr Pavel mamlakat Ukrainaga 155 mm kalibrli 500 ming va 122 mm kalibrli 300 ming artilleriya snaryadlarini yetkazib berish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Pavel uchinchi mamlakatlardan o‘q-dorilarni sotib olishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kelishuv Ukrainaning boshqa ittifoqchi davlatlarining moliyaviy ishtiroki bilangina mumkin bo‘ladi.
Mart oyida Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi Chexiya allaqachon butun dunyo bo‘ylab yetkazib beruvchilardan 800 mingga yaqin artilleriya snaryadlarini sotib olishga muvaffaq bo‘lganini yozgan edi. Chexiya qo‘shimcha mablag‘ mavjud bo‘lsa, yana 700 ming snaryad sotib olishi mumkin.