Tbilisidagi namoyishlarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatildi

Jahon 10:15 / 17.04.2024 4394

Gurjiston poytaxti Tbilisida 16 aprel, seshanba kuni Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshash bo‘lgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etdi. DW muxbiri xabar berishicha, shu kuni Rustaveli shohko‘chasida 15 mingga yaqin odam to‘plangan. Ba’zilar o‘zlari bilan Yevropa Ittifoqi bayroqlarini olib kelgan.

Xavfsizlik kuchlari aksiyani tarqatishga urindi, maxsus kuchlar esa namoyishchilarni parlament binosidan uzoqlashtirdi. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 aprel oqshomiga qadar namoyishda 11 kishi qo‘lga olingan. Yig‘ilganlar jamoat tartibini buzgan va politsiyaga turli buyumlar, jumladan, shisha va toshlar uloqtirgan, deya ta’kidlaydi vazirlik matbuot xizmati. 

Namoyishchilarning «noqonuniy xatti-harakatlari» natijasida bir politsiyachi yaralanib, shifoxonaga yetkazilgan», deyiladi matbuot xabarida. Politsiya mashinasi ham shikastlangan. «Ichki ishlar vazirligi jismoniy qarama-qarshilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun maxsus vosita - qalampir gazi deb ataluvchi moddadan foydalangan», - deya ta’kidlaydi departament. 

Gurjistonda «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun

Gurjistonda munozarali «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshashdir. Aprel oyi boshida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi bir yil avval Tbilisida o‘n minglab odamlar ishtirokidagi ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng qaytarib olingan qonun loyihasining o‘zgartirilgan variantini yana ovozga qo‘yish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. 

Hujjatga ko‘ra, mablag‘ning kamida 20 foizini xorijdan oladigan tashkilotlar tegishli organlarda ro‘yxatdan o‘tishi shart. Agar qonunning dastlabki tahririda bunday tashkilotlar «chet el agentlari» deb tasniflangan bo‘lsa, hozirgi loyihada gap «chet el davlati manfaatlarini ifodalovchi tashkilotlar» haqida ketmoqda.

DW muxbiriga ko‘ra, noroziliklarga sabab bo‘lgan qonun bo‘yicha ovoz berish go‘yoki kech tugagan debatlar tufayli 17 aprelga qoldirildi. 

Ko‘proq yangiliklar: