Lift importi vaqtincha to‘xtatilgan. Tadbirkorlar ochiq raqobat muhitini so‘ramoqda

O‘zbekiston 20:08 / 16.04.2024 13893

O‘zbekistonga chetdan lift olib kirishda tadbirkorlar 20 martdan boshlab muammoga duch kela boshlashdi. Gap shundaki, mamlakatga xorijdan lift olib kiruvchi importchilarning tovarlari mart oyining oxirgi 10 kunligidan boshlab bojxonadan o‘tkazilmagan. Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, bunga sabab sifatida ularga berilgan muvofiqlik sertifikatlari bekor qilingani ko‘rsatilyapti. Ammo qanday sabablarga ko‘ra bekor qilingani haqida mas’ul idoralar izoh bermagan.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga lift import qiluvchi 17ta importyorning muvofiqlik sertifikati 2024 yil 20 martdan keyin birin-ketin vaqtincha to‘xtatilgan.

Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlarning aytishicha, bu holat barcha importchilar bilan kuzatilyapti.

Xitoyda ishlab chiqariladigan Fuji brendi ostidagi liftlarning O‘zbekistondagi rasmiy dileri, “Lifton” MChJ rahbari o‘rinbosari Olimjon Alimov vaziyatni batafsil tushuntirib berdi. Uning aytishicha, mas’ul idoralar tomonidan 2023 yil avgust oyida liftlarini O‘zbekistonga olib kiradigan Xitoy kompaniyalariga 3 yilga muvofiqlik sertifikatini bergan.

“Biz hozir Jejiang Xuasia Elevator nomli Xitoy kompaniyasining Fuji brendi ostidagi liftlarini O‘zbekistonga import qilamiz, o‘rnatamiz va ularga xizmat ko‘rsatamiz. O‘tgan yili avgust oyida importga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi, ya’ni O‘zbekiston ichki bozoriga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishining oldi olindi. Bunda bizga O‘zbekiston hududiga mahsulotlarni muvofiqlik sertifikati bo‘lsagina olib kirish talabi qo‘yildi. Sanoat xavfsizligi [muassasasi]dan mutaxassislar biz bilan Xitoyga borib, hamma tekshiruvlar, jumladan, lift laboratoriya, ishlab chiqarish, mahsulotlarni tekshirish kabilarni amalga oshirgach, asosli deb topganidan keyin sertifikatlar berdi. Shundan keyin hozirgi kungacha faoliyatimiz davomida hech qanaqa to‘siqlar bo‘lgani yo‘q, O‘zbekistonga [lift] olib kelishda davom etayotgandik.

Bizni qiynayotgan muammo chetdan kirib kelayotgan mahsulotlarimizning bojxonada to‘xtatilayotgani va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmayotganida. Sababini so‘raganimizda muvofiqlik sertifikatlarimiz bekor qilinganini aytishdi, vaholanki, bu sertifikatlar 3 yilga amal qiladi, albatta har yili qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish sharti bilan”, – deydi u.

Yana bir importchi Olimjon Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni import liftlari bo‘yicha talablarni kuchaytirgani yaxshi, ammo hukumat o‘zi bergan sertifikatlarni asosli izoh ko‘rsatmagan holda to‘xtatib qo‘ygani tushunarsiz holat bo‘lyapti.

“15 yildan oshiqroq tajribaga egamiz. Mutaxassislarimiz xalqaro kompaniyalarda ishlab kelgan. Yaqinda investor jalb qilish uchun Xitoyga borgandim, qaytib kelganimda bojxonada rasmiylashtirish jarayonini boshladik. Birinchi deklaratsiya jo‘natganimizda, “Sizda muvofiqlik sertifikati yo‘q” degan xat keldi. Biz hamma qatori O‘zbekiston standartlariga mos ravishda o‘tgan yili avgust oyida Xitoyda “Sanoat xavfsizligi” mas’ullari bilan barcha liftlarimizni tekshirtirib kelganmiz. O‘zbekiston normativiga mos liftlarni olib kira boshlaganmiz. Bu talab to‘g‘ri deb o‘ylayman, chunki O‘zbekistonning talablari kuchliroq, men shunday liftlar olib kirilishi tarafdoriman.

Xitoydan kelganimdan keyin bojxonaga telefon qilsam, sizning muvofiqlik sertifikatingiz bekor qilingan deyishdi. Hayron bo‘ldim, bu sertifikat menga emas, men import qiladigan kompaniyaga berilgan. Agentlikka murojaat qildim, lekin javob ololmadim, bir necha marta eshigining tagidan qaytib keldim. Zavodimizga ham asosli javob berilmadi”, – deydi Olimjon Rahimov.

Delfar Fuji Cn kompaniyasi liftlari importchisi Davron Boymirzayevning ta’kidlashicha, Xitoydagi kompaniyalar muvofiqlik sertifikatini olish uchun yaxshigina pul to‘lagan.

“Xitoyliklarning aytishicha, O‘zbekistondan boshqa davlatlar ham bunday talablar qo‘ygan, ammo eng qimmat sertifikat O‘zbekistonniki ekan. Xitoy kompaniyalari har bir muvofiqlik sertifikati uchun 54 ming dollar to‘lab berishgan. Kompaniyalar bu pullarni to‘liq to‘lab berib, muvofiqlik sertifikatini olishgan. Biz uchun ham, Xitoy kompaniyalari uchun ham kecha berilgan sertifikatlarning bugun bekor qilinishi tushunarsiz holat bo‘lyapti. Bu nafaqat ichki, balki xalqaro muammoga ham aylanyapti. Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonga “shu muammoni yechib beringlar deb chiqishi yoki to‘lagan pullarini qaytarib berishni talab qilishi mumkin”, – deydi u.

Tadbirkorlarning aytishicha, O‘zbekistonga lift import qilishga ruxsat beruvchi muvofiqlik sertifikatiga ega kompaniyalar soni 17ga yaqin. Ularning hammasi shu muammoga duch kelgan, lekin ularning hali birortasi ham bojxonadan tovarini olib chiqmagan.

“Oldindan, bir yoki ikki oyda faoliyatingiz yakunlanadi deb aytilishi kerak. Keskin ravishda bir kechada yakunlanishi tadbirkorlik faoliyatimizni og‘ir ahvolga solib qo‘yyapti”, – deydi Olimjon Alimov.

Tadbirkorlar yangi olingan shartnomalarni to‘xtatishga majbur bo‘lyapti. Ular qurilish kompaniyalari liftlarni o‘rnatib bo‘lmaguncha uylarni sota olmasligini ta’kidlarkan, birgina liftlarga sertifikatlarning to‘xtatilishi ortidan nafaqat importchilar, balki qurilish kompaniyalari uchun ham muammo yuzaga kelayotganini aytmoqda.

“Biz ham aytgan vaqtimizda olib kelmasak, qurilish kompaniyalari bizga bosim qiladi, Xitoy kompaniyalari bilan muomalamiz buziladi. Tovarlarimiz bojxonada turgan har bir kun uchun pul hisoblanib ketaveradi. Ishlarimizni oldinga siljita olmay turaveramiz”, – deydi Davron Boymirzayev.

Yana bir importchi Olimjon Rahimov bu holatdan keyin O‘zbekistonga kirish niyati bo‘lgan investorlardan biri ikkilanib qolganini aytadi.

“Top-10talikka kirgan sharq brendini O‘zbekistonga jalb qilish uchun anchadan beri muzokara olib borayotgandim. Investorimiz rozi bo‘lgandi, endi ishlash jarayoni ketayotgandi. Bu gaplarni eshitib investor hafsalasi pir bo‘ldi. “Sizlarda shunday holatlar kuzatilsa, men sarflagan pullarimni qanday chiqaraman”, deb o‘ylanib qoldi.

Kompaniyalar raqobatga bardosh berishi kerak. Chetdan kirib keladimi, agar yaxshi kompaniya bo‘lsa, raqobatga chidashi kerak. Agar savdoni, importni cheklashsa, raqobat bo‘lmaydi. Zarar quruvchiga, undan xalqqa boradi. Raqobat yo‘qligi narxlarni qimmatlashtiradi. Biz ochiq-oydin raqobatni xohlaymiz. Hozir bitta ishlab chiqaruvchi lift yoki eskalator bo‘yicha savdoni cheklasa, boshqa investorlar ham bu yerda ishlash borasida o‘ylanib qoladi. Importni to‘xtatish xato”, – deydi u.

U so‘zlarini yakunlarkan, quruvchi kompaniyalar importchilar ularga komfort yaratib bergani, yaxshi servis ko‘rsatgani uchun ular bilan ishlashni xohlashini ta’kidlaydi. “Mijozlarimiz ham shunga yarasha. Balki boshqa kompaniyalardan arzonroq narsa taklif qilayotgandirmiz”, – deydi Olimjon Rahimov.

Mas’ullar nima deydi?

Kun.uz so‘roviga javoban Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining ma’lum qilishicha, liftlarga beriladigan muvofiqlik sertifikatlari hukumat topshirig‘i bilan vaqtincha to‘xtatilgan.

Inspeksiyaning tushuntirishicha, O‘zbekistonda liftlar Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 noyabrdagi 602-sonli va 2017 yil 6 oktyabrdagi “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi 801-son qarorlari bilan tasdiqlangan umumiy texnik reglament talablariga muvofiq tartibga solingan.

“Shuningdek, Adliya vazirligidan 2005 yil 18 martda 1458-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish qoidalari”ga muvofiq liftlarni sertifikatlashtirishda 3 xil sxema qo‘llanadi.

Ulardan biri 3-chizma bo‘lib, mahsulotni seriyali ishlab chiqarish uchun sertifikatsiyalashda qo‘llanadi, majburiy ko‘rsatkichlarni tekshirish uchun mahsulotni akkreditatlangan sinov laboratoriyasida sinash va ishlab chiqarishni baholashni nazarda tutadi. Mazkur chizma inspeksiya nazoratidan o‘tkazishni ham nazarda tutadi va sertifikat 3 yil muddatga beriladi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan liftlarni sertifikatsiyalash yo‘nalishini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar o‘rganilib, takliflar tayyorlangan. Hukumat topshirig‘i bilan shu takliflar asosida “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida muayyan vaqt mobaynida Inspeksion o‘rganishlar olib boradi.

O‘rganishlar natijalari yakunlangach, sertifikatlash bo‘yicha “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi o‘z faoliyatini odatiy tarzda davom ettirishini e’lon qilamiz”, – deyiladi matbuot xizmati tomonidan berilgan izohda.

Inspeksiya nima sababdan tadbirkorlar bu o‘zgarish haqida oldindan ogohlantirilmagani borasidagi savolga javob bermadi.

Hozirgi vaziyat importchilarning faoliyati to‘xtab qolishiga, tovarlar bojxonada qolib ketishi ortidan ularga ortiqcha xarajatlar yuzaga kelishiga va xorijiy hamkorlar bilan tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lyapti.

Madina Ochilova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: