Bu Rossiya Konstitutsiyasiga zid, chunki u bosh qonun har bir bolaning ta’lim olish huquqini kafolatlaydi. Ekspertlar bu tashabbus integratsiya jarayoniga xalal berishi mumkinligini aytishmoqda, ammo mazkur yangi qonun Rossiya hukumatining so‘nggi vaqtlardagi antimigratsion siyosatiga mos keladi.
Davlat dumasiga kiritilgan ta’lim to‘g‘risidagi asosiy qonunga o‘zgartirishlar matniga ko‘ra, Rossiya maktablariga, jumladan, birinchi sinfga qabul qilinishi uchun chet ellik bolalar rus tilini bilish darajasi bo‘yicha testdan muvaffaqiyatli o‘tishi kerak bo‘ladi. Test rus tilini o‘rganish uchun yetarli darajada bo‘lishi kerak. Testdan o‘tish tartibini Rossiya Ta’lim vazirligi ishlab chiqadi, uslub va mezonlar esa Rosobrnadzor tomonidan belgilanadi. Agar bola testdan o‘ta olmasa, u maktabga o‘qishga qabul qilinmaydi.
Ikkinchi shart — bolaning ota-onasi Rossiya hududida qonuniy yashashi kerak.
Vyacheslav Volodin o‘z Telegram-kanalida rus tilini yaxshi bilmaslik yoki umuman bilmaslik bolaning o‘zi uchun ham, uning sinfdoshlari uchun ham stress bo‘lishi, o‘qituvchilar esa o‘z bilimlarini sifatli yetkaza olmasliklarini ta’kidladi. Uning fikricha, bu hol sinfdagi barcha bolalar uchun ta’lim dasturini o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga olib keladi.
Qonun loyihasi mualliflari sifatida Davlat dumasining barcha fraksiyalari yetakchilari hamda Vyacheslav Volodin ko‘rsatilgan. Odatda, bunday tashabbuslarning qabul qilinishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Loyihaning birinchi o‘qishdagi muhokamasi 10 dekabrga belgilangan.
Bu o‘zgartirishlar amaldagi ta’lim qonunchiligiga ham jiddiy o‘zgarishlar kiritadi. Hozirda chet elliklar maktabgacha va maktab ta’limini rossiyaliklar bilan teng huquqlarda olishi mumkin. «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, ta’lim olish huquqi jins, millat, til, yashash joyi va boshqa holatlarga bog‘liq emas. Rossiya Konstitutsiyasining 43-moddasi ham har bir shaxsning ta’lim olish huquqini kafolatlaydi.
Hozirdagi 67-moddaga ko‘ra, bolani maktabga qabul qilishni rad etish uchun faqatgina maktabda bo‘sh o‘rinlar mavjud emasligi asos bo‘lishi mumkin.
Bolalar uyda qolmoqda
Bolalar uchun til bo‘yicha test joriy etish va uni maktabga qabul qilish sharti sifatida belgilash g‘oyasi ilk marta Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin tomonidan 2024 yil iyulida Davlat dumasiga yuborilgan migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid 18 taklifdan biri sifatida tilga olingan edi.
Ikki oy o‘tgach, Vyacheslav Volodin butun palataning fikriga tayanib, mehnat migrantlari Rossiyaga o‘z oilalarini olib kelishi kerak emasligi va bu borada qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar ustida ish olib borilishini ma’lum qildi.
Volodin tayangan Ichki ishlar vazirligi va Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 18 million o‘quvchi bor, ularning taxminan 200 ming nafari xorijliklardir. 2024 yil 1 oktyabrdagi statistikaga ko‘ra, Rossiyada taxminan 6,5 million chet ellik yashagan. Demak, Rossiyaga olib kelinayotgan bolalarning soni u qadar ko‘p emas.
Statistika migrantlar bilan ishlaydiganlarning kuzatuvlarini tasdiqlaydi. «Rossiyaga bolalar bilan faqat qirg‘izistonlik ayollar (bu taxminan yiliga 15 ming kishini tashkil etadi) yoki Rossiya fuqaroligini olgan tojikistonlik erkaklarning ayollari keladi. Bolalari esa 3–4 oy ichida Rossiya fuqaroligini oladi», — deydi migrantlar uchun bepul yuridik yordam ko‘rsatuvchi Valentina Chupik.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra taxminan 740 ming noqonuniy migrant bo‘lgan. Migratsiya qonunchiligi bo‘yicha mutaxassislardan biri qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar ular uchun ko‘p narsani o‘zgartirmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, migrant bolalarning ta’lim olish huquqi amalda ularning Rossiyada qonuniy bo‘lishiga bog‘liq: ota-onasi noqonuniy bo‘lsa, bolani maktabga joylashtirish juda katta muammoga aylanadi.
Biroq qonuniy migrantlar uchun ham qonun yechim taklif qilmaydi, faqat cheklovlar qo‘yadi. «Albatta, bunday o‘zgartirishlar ta’lim to‘g‘risidagi qonun va Konstitutsiyaga ziddir. Boz ustiga, Rossiyada migrantlar uchun davlat integratsion kurslari yo‘q, boshqa mamlakatlarda esa bunday kurslar mavjud», — deydi huquqshunos.
Agar o‘zgartirishlardan maqsad mehnat migrantlarining yo‘liga qo‘shimcha to‘siqlar yaratish bo‘lsa, bu kutilgan natijani bermaydi, deb hisoblaydi Valentina Chupik. «Bu diskriminatsion qonun Rossiyadagi migrantlar soniga hech qanday ta’sir qilmaydi. Lekin Rossiyaga qarshi kayfiyat kuchayishi va diniy ekstremizm ta’siri oshishiga olib keladi», — deydi u.
Rus tili qay ahvolda o‘zi?
Migrant bolalarining rus tilini bilishi qanchalik jiddiy muammo?
«Vedomosti» gazetasi RF prezidenti huzuridagi Rossiya davlat xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS)ning Iqtisodiyot va uzluksiz ta’lim markazi o‘tkazgan sotsiologik tadqiqot ma’lumotlariga tayanib yozishicha, so‘ralgan 2000 dan ortiq o‘qituvchining qariyb yarmi — 53 foizi migrant bolalarda rus tilini bilish bo‘yicha muammolar bor, deb hisoblaydi. 42 foiz so‘ralganlar esa bunga qarshi fikr bildirgan. Ular uchun umumiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish qiyinchiliklari haqidagi savolga kelganda, fikrlar deyarli teng taqsimlangan. Ammo 80 foiz o‘qituvchilar chet ellik bolalarda xulq-atvor bilan bog‘liq muammolar yo‘qligi, 70 foizi esa ularning boshqa bolalar bilan muloqoti muammosizligini ta’kidlagan.
Tadqiqotchilar ona tili rus tili bo‘lmagan bolalarga yordam berish uchun qator tavsiyalar bergan: maktablarda rus tilini chet tili sifatida o‘rgatish kurslarini tashkil etish, rus tilidan qo‘shimcha darslarni osonroq qilish, rus tilini o‘rgatuvchi raqamli qo‘llanmalarni ommalashtirish. Ammo bunday bolalar bilan ishlash qo‘shimcha yuk bo‘lib, hamma yerda ham buning uchun zarur resurslar va kadrlar mavjud emas, deya ta’kidlaydi tadqiqotchilar.
Ko‘p maktablar chet ellik bolalarga rus tilini o‘rganishda yordam bermaydi, deydi Sankt-Peterburgda qiyin ahvoldagi oilalar, jumladan, migrant bolalarga yordam beradigan xayriya tashkiloti katta volontyori Kristina (ismi o‘zgartirilgan). U bunday bolalar bilan dars o‘tgan. Kristinaning aytishicha, uning tarbiyalanuvchilari, odatda, boshlang‘ich maktabdayoq ma’lum darajada rus tilini bilishgan.
«Bir qizcha bor, u xatolar bilan yozadi, lekin rus tilida yaxshi gapiradi. U Rossiyaga kelganiga ikki yildan ko‘proq bo‘lgan, — deydi Kristina. — Afg‘onistondan kelgan ikki opa-singil bor, ular 4-sinfda o‘qiydi va osongina rus tilida gaplashadi, ammo yozishda ko‘p xatolar qiladi, qiyin matnni, masalan, she’rni tushunmaydi. Bir o‘g‘il bola bor, u bu yerda yetti yil yashagan, lekin uning rus tili darajasi talabga javob bermaydi, [shunga qaramay] u qandaydir tarzda yettinchi sinfgacha o‘qigan».
Bolaning sinfi va bolalar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p narsani hal qiladi: rus tilini yaxshi bilmaslikni boshqalar mazax qilishiga sabab bo‘lishi mumkin, deydi Kristina.
Rus tili muhiti inonatsional bolalar uchun tilni o‘zlashtirishda muhim omildir. Bolalar qanchalik ertaroq bu muhitga tushsa, ularning rus tilini o‘zlashtirishi shunchalik oson bo‘ladi, deydi pedagoglar. Sankt-Peterburgdagi bolalar bog‘chasida tarbiyachi yordamchisi bo‘lib ishlovchi Yelena (ismi o‘zgartirilgan)ning aytishicha, ishlagan har uch navbatda kamida bir yoki ikki xorijlik bola bo‘lgan. «Ular boshqa bolalar bilan birgalikda o‘ynashadi va bu jarayonda o‘z-o‘zidan gapira boshlashadi», — deydi Yelena.
Yelenaning o‘zi ham bola tarbiyalamoqda. Uning o‘g‘li 1-sinfda o‘qiydi, uning sinfida ko‘plab migrant bolalar bor. Yelena ular rus tilini yaxshi tushunmasligi sababli darslarda zerikishlarini qayd etadi. U shunday bolalardan biri uning bolasini mazax qilganini so‘zlab berdi, lekin bolaning otasiga maktub yozish orqali munosabatlarni yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan: «U meni tushundi, endi bolalar do‘stlashib ketdi».
Maktabda bola bir yil ichida rus tilida yaxshi gapirishni o‘rganishi mumkin. Agar uning tengdoshlari bilan muloqot tajribasi bo‘lgan bo‘lsa, bundan ham tezroq o‘rganadi, deb hisoblaydi kaliningradlik o‘qituvchi Konstantin. Ilgari u rus tili va adabiyotdan dars bergan, hozir esa dasturlash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Biroq dars jarayonida, masalan, rus tili qoidalarini tushuntirish uchun rus tilini yomon bilish yetarli emas, deydi u. «Ko‘p hollarda adabiy misollar keltiriladi, insho va yozishga o‘rgatish kerak, she’r yodlash kerak va hokazo. Bu narsalar bugungi mahalliy bolalarga ham juda qiyin bo‘lmoqda, chet ellik bolalarniku, qo‘yavering», — deydi Konstantin.
U bolalarni rus tilini bilmagani uchun maktabga qabul qilmaslik g‘oyasi hamkasblari orasida muhokama bo‘lganini eshitmagan, lekin bu g‘oya tarafdorlari bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi: «Davlat maktablarida bu loyihani katta entuziazm bilan qabul qilishadi, degan his bor. Hozirgi kunda migrant bolalarga ham, ularning ota-onalariga ham ko‘proq salbiy munosabatda bo‘lishmoqda».
«Autsayder sifatida qabul qilinayotgan bolalarni nima qilishsin?»
Rus tilini yaxshi bilmaydigan bolalarning maktab tomon yo‘lini yopish — ularni Rossiya jamiyatining bir qismi bo‘lish imkoniyatidan mahrum qilish degani, deb hisoblaydi Pavel B. U yaqin vaqtgacha Moskva maktablarida tarix, madaniyatshunoslik va jamiyatshunoslik o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan va tarixdan yagona davlat imtihoniga tayyorgarlik bo‘yicha qo‘llanma yozgan.
«Biz hozirda Aleksandr IIIning «qashshoqlarning bolalari» to‘g‘risidagi nomaqbul farmoni kabi xatoni takrorlayapmiz, — deya ishonadi u. — Biz o‘zimiz bolalarni jamiyatga integratsiya qilish yo‘lini juda qiyinlashtiryapmiz. XIX asrning 90-yillarida ta’lim muassasalaridan haydalgan yoki o‘qishga qo‘yilmagan o‘smirlar radikal inqilobiy g‘oyalar uchun samarali zamin bo‘lgan».
Pavel 2023 yilgacha Moskva chetidagi Lublino, Brateyevo va Bogorodskoye kabi tumanlardagi maktablarda ishlagan. «Bu maktablarda migrantlarning bolalari o‘qishi odatiy hol, ular sinfning uchdan bir yoki to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Ular rus tilini biladi, ammo juda sust darajada», — deya eslaydi u. Bu esa butun sinfning ta’lim dasturini o‘zlashtirishiga ta’sir qiladi, deb tan oladi o‘qituvchi.
«Ikki variant bor: yo mavzularni juda sekin o‘tasan, yoki rus tilini yomon bilgan bolalarni «yo‘qotasan», — deydi Pavel o‘z tajribasidan kelib chiqib. Ikkinchi variant (ko‘proq shunday bo‘lgan) degani, ularning muvaffaqiyatsizligi yanada tushib ketgan, ular o‘smirlar guruhlariga yig‘ilishgan, sinf va o‘qituvchilar, jumladan, ko‘plab millatchilar bilan kelishmovchiliklar boshlangan, deydi u: «Axir bunday bolalar nima qilishsin, agar ular autsayder sifatida qabul qilinsa?» Uning fikricha, bunday bolalar va ularning oilalariga nafaqat qo‘shimcha o‘qituvchilar, balki psixologlar ham zarur.
Sofiya Vladivostokdagi qo‘shimcha ta’lim markazida boshlang‘ich sinf bolalari bilan ishlaydi. Bu yerdagi mashg‘ulotlar pullik, ammo uning o‘quvchilari orasida doim O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan bolalar bo‘ladi. U Pavelning fikriga qo‘shiladi: rus tilini bilmagan chet ellik bolalarni Rossiya maktablariga qabul qilishdan voz kechishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. U deputatlarning tashabbusini xavfli deb biladi, chunki bu tashabbus kelgindi bolalarning yanada marginallashuviga olib keladi, deb hisoblaydi.
«Muammoning ehtimoliy yechimi shundaki, bola ta’lim darajasi bir bosqich pastroqda o‘qishi yoki o‘z yosh guruhida o‘qib, birinchi yilda attestatsiya qilinmasdan, biroq u intensiv ravishda repetitor bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi kerak, — deydi Sofiya. — Tushunaman, bu holatda migrantlar oilasiga vaqtinchalik va katta moliyaviy yuk tushadi, ammo davlatning bir o‘zi bu masalani oilaning yordamisiz hal qila olmaydi».
Katta butunning bir qismi
Volodin va boshqa deputatlar tomonidan kiritilgan o‘zgarishlar 2024 yilda Davlat dumasida ishlab chiqilgan yangi antimigrant qonunlar majmuasining yana bir qismi bo‘ladi.
Yaqinda qabul qilingan o‘zgartishlar migratsiya qonunchiligini keskin kuchaytirishga qaratilgan. Xususan, politsiya sud qaroriga qarab o‘tirmasdan, ayrim huquqbuzarliklar (masalan, narkotrafik, jamoat joylarida alkogol iste’moli, LGBT targ‘iboti va hokazo) uchun chet elliklarni mustaqil ravishda mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini oldi.
Yana bir tashabbus – Rossiyada noqonuniy yashaydigan yoki boshqa qonunbuzarlik sodir etgan migrantlar uchun maxsus «deportatsiya rejimi» yaratishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, bunday shaxslar maxsus ro‘yxatga kiritiladi va ularga uy-joy xarid qilish, bankda hisobraqam ochish kabi imkoniyatlar taqiqlanadi.
Deputatlar migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun jazoni ham kuchaytirishdi. Noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jazo muddati 15 yilgacha oshirildi, minimal muddat esa ikki yil etib belgilandi. Chet elliklarning soxta ro‘yxatdan o‘tkazilishi uchun jazo muddati ham 3 yildan 5 yilgacha oshirildi. Bundan tashqari, Rossiya hududida noqonuniy bo‘lish har qanday jinoyat sodir etilganda og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
Ilgari Rossiya fuqarosi bilan nikohga kirgan xorijiy fuqaro vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish huquqiga ega bo‘lishi uchun FHDYoda nikohni ro‘yxatdan o‘tkazganidan keyin uch yil o‘tishi kerakligi belgilangan edi.
Bundan tashqari, ayrim hududiy hokimiyatlar chet elliklarni taksichi, sotuvchi, oshpaz va shu kabi lavozimlarga ishga qabul qilishni taqiqlashga qaratilgan cheklovlarni faol joriy qilishmoqda. Rossiyaning har uchinchi hududida shunday taqiqlar mavjud, deb hisoblab chiqqan «Agenstvo» nashri.
Antimigrant qonunchilikning kuchaytirilishi va umumiy migratsiya siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri 2024 yil mart oyida Moskvadagi «Krokus Siti Holl»da sodir bo‘lgan terrorchilik aktidir. Bu hodisa davomida 145 kishi halok bo‘lgan. Terrorchilik harakatini sodir etganlikda ayblanayotganlar orasida Tojikistonning bir necha fuqarosi ham bor. Bu voqeaga javoban Rossiya huquq-tartibot idoralari Markaziy Osiyodan kelgan fuqarolarga nisbatan reydlar, ommaviy deportatsiyalar va Rossiyaga kirish taqiqlari joriy eta boshladi.
Bu choralar migrantlar soniga ta’sir ko‘rsatdi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning 2024 yil avgust oyida bildirishicha, joriy yilning birinchi yarmida Rossiyaga 5,4 million chet ellik kirgan bo‘lib, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 8,4 foizga kamaygan. Shunday bo‘lsa-da, Rossiyadan deportatsiya qilingan chet elliklar soni 55 foizga oshgan va 65 ming kishini tashkil etgan.
Shu bilan birga, Rossiya iqtisodiyotiga mehnat migrantlari zarur. Demografik vaziyatning o‘ziga xosligi, shuningdek, mudofaa sanoati va Ukraina bilan urush sababli «fuqarolik» tarmoqlari bilan raqobatda ishchi qo‘llari yetishmayapti. Rossiya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyada taxminan 5 million ishchi yetishmagan. Bu holat yaqin kelajakda yanada og‘irlashib boraveradi.
Shu bilan birga, Moskva chet elliklarga Rossiya pasportlarini tezlashtirilgan va yengillashtirilgan tartibda berishga tayyor, agar ular Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukraina frontiga jo‘nashga tayyor bo‘lishsa.