Bugun O‘zbekiston poytaxtida "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatidagi tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boshlanmoqda, deb xabar beradi "Dunyo".
2022 yilning 7 sentabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida "Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo" Strategik muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.
Format istiqbollarini 2023 yil 19 iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari tasdiqlaydi. Oliy darajadagi sammitda davlat yetakchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab beruvchi 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqladi.
Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 1981 yil 25 mayda tashkil etilgan mintaqaviy tashkilotdir. Unga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, Ummon va Bahrayn kiradi. Ushbu davlatlar uglevodorodlar yetkazib beruvchi yetakchi mintaqa va nufuzli jahon moliya markazi hisoblanadi.
Tashkilotning asosiy maqsadi – siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik va integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish, ya’ni iqtisodiy va moliyaviy masalalar, ta’lim va madaniyat, ijtimoiy va sog‘liqni saqlash, ommaviy axborot vositalari va turizm, qonunchilik va boshqaruv muammolari kabi sohalarni tartibga solishdan iborat. Kengash, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini muhofaza qilish sohalarida ilmiy va texnologik taraqqiyotni rag‘batlantiradi.