“Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergan haydovchining jarimasi bekor qilindi

O‘zbekiston 18:16 / 15.04.2024 9822

Toshkent shahri Chilonzor tumanida “103” mashinasiga yo‘l berib, qoidani buzgan haydovchi jarimasi bekor qilindi, deb ma’lumot berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

SSV xabariga ko‘ra, haydovchi Chilonzor tumani Katta Xirmontepa ko‘chasi 48-uy qarshisida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida o‘zining “Kobalt” rusumli avtomobilida to‘xtab turganida ortidan kelgan “Tez yordam” avtomashinasiga qoidani buzib yo‘l bergan. 2 kundan keyin uning yashash manziliga jarima qog‘ozi borgan. Holat Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, haydovchiga qo‘llangan jarima bekor qilingan.

Maxsus baza orqali tekshirilganda ushbu fuqaro o‘z avtotransport vositasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan vaqt “Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergani aniqlandi. Haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa ham jarima jazosi o‘rnatilgan tartibda bekor qilindi”, – deydi Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov. Shuningdek, haydovchi fuqarolik burchini vijdonan bajargani uchun boshqarma tomonidan taqdirlangan.

Vazirlik haydovchilardan xushyor bo‘lib, imtiyozli transport vositalariga yo‘l berishlarini va buning uchun ularga jarima solinishidan xavfsiramaslikni so‘ragan. 

 

Ko‘proq yangiliklar: