Angliyada evtanaziyani joriy etishga birinchi urinish 2014 yilda amalga oshirilgan, ammo o‘shanda qonun loyihasi parlamentdan o‘tmagan. O‘tgan o‘n yil ichida jamiyatning bunga munosabati o‘zgardi. Oktyabr oyida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda britaniyaliklarning 67 foizi evtanaziyani joriy etishni yoqlagan, atigi 13 foizi bunga qarshi, deb yozadi BBC.
Munosib o‘lim huquqi
Hozirda Buyuk Britaniyada o‘z joniga qasd qilishga yordam so‘rab murojaat etish taqiqlangan. Tibbiy ko‘rsatmalarga asoslangan bo‘lsa ham, kimnidir o‘z joniga qasd qilishga undash 14 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar shifokor bedavo kasallikka chalingan bemorning hayotdan ko‘z yumishiga ko‘maklashsa, uning harakatlari umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkin bo‘lgan qotillik sifatida baholanadi.
Qonun loyihasining muallifi, leyboristlar partiyasidan deputat Kim Ledbiter, ushbu loyiha evtanaziyani suiiste’mol qilish va unga majburlashga qarshi dunyodagi eng kuchli kafolatlarni nazarda tutishini ta’kidladi. U Financial Times gazetasiga bergan intervyusida tibbiyot mutaxassislari va huquqshunoslar bilan uzoq maslahatlashganini, shuningdek, evtanaziya joriy etilgan mamlakatlar va hududlardagi tajribani sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.
Uning fikricha, qonun loyihasi nafaqat o‘limga olib keladigan bemorlarga yordam berishni, balki ularni maksimal himoya qilishni ham ko‘zda tutadi.
Xuddi shunday qonun loyihalari hozir Shotlandiyada hamda Britaniyaga tegishli bo‘lgan La-Mansh bo‘g‘ozidagi Jyersi orolida tayyorlanmoqda.
Evtanaziya liberal siyosatchilar va faollar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Britaniya gumanistik assotsiatsiyasi rahbari Endryu Kopsonning fikricha, hayotdan ko‘z yumayotgan bemorlar uchun palliativ parvarish ularni azob-uqubatlardan to‘liq himoya qilolmaydi. Shu sababli, ayrim britaniyaliklar evtanaziyaga ruxsat berilgan mamlakatlarga borishga majbur bo‘lmoqda. Kopsonning tashkiloti sekulyarizm, ateizm va bioetika sohasidagi islohotlarni targ‘ib qiladi.
Kopson uzoq va azobli tarzda hayotdan ko‘z yumgan, evtanaziya haqida orzu qilgan insonlarni misol qilib keltiradi. “Insonning erkinligini kengaytiruvchi barcha liberal ijtimoiy islohotlar o‘z davrida bahslarga sabab bo‘lgan, ammo ular to‘g‘ri bo‘lib chiqqan”, — deb yozadi faol.
Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoat kampaniyasining yuzi sifatida teleboshlovchi Ester Ransen xonim va 38 yoshli musiqa o‘qituvchisi Nataniel Day kabi davosi yo‘q saraton kasalligiga chalingan mashhur shaxslar tanlandi. Ularning ta’kidlashicha, kasallik ularga hayotni qadrlashni o‘rgatgan, shu bilan birga munosib va og‘riqsiz vafot etish huquqining muhimligini ham ko‘rsatgan.
1960 yillarda Britaniyada abortni qonuniylashtirish me’morlaridan biri bo‘lgan Devid Stil ham ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. U Sunday Times gazetasidagi maqolasida oltmish yil avval qonunning nafaqat evtanaziya va homilani sun’iy ravishda to‘xtatishni taqiqlaganini, balki “gomoseksuallik” jinoiy ayblov hisoblanganini, ajrashishda esa sud faqat er-xotin xiyonati isbotlangan taqdirdagina ruxsat berganini eslatib o‘tadi.
Stil yozishicha, o‘sha paytda ham bu me’yorlarni o‘zgartirish parlamentda hozirgidek jiddiy qarshilikka duch kelgan, biroq bugungi kunda ular mutlaq ko‘pchilik britaniyaliklar tomonidan asosiy huquqlar sifatida qabul qilingan.
O‘z joniga qasd qilishga majburlashdan xavotirlar
O‘lim oldidagi bemorlarning azob-uqubatlari palliativ parvarish orqali yengillashtirilishi lozim. Evtanaziyaning qonuniylashtirilishi esa, o‘layotgan bemorlarning o‘zlarini yaqinlariga og‘irlik qilayotgandek his etishlari va ularning hayotini yengillashtirish uchun o‘limni tanlashlari xavfini tug‘diradi, deyiladi dindorlarning ochiq xatida. Xat anglikan va pravoslav yepiskoplari, qirollikdagi katolik cherkovi boshlig‘i, musulmon tashkilotlari rahbarlari, Britaniyaning bosh ravvini, shuningdek, hinduiylar jamoasi va sikxlar vakillari tomonidan imzolangan.
Davlat dini maqomiga ega bo‘lgan Anglikan cherkovining oliy ruhoniysi, Kenterberi arxiyepiskopi Jastin Uelbi ham evtanaziyaga qarshi fikr bildirdi. U boshqa masalalarda liberal qarashlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Arxiyepiskopning ta’kidlashicha, evtanaziyani qonuniylashtirish nogironlar va keksa yoshdagi insonlarni o‘z joniga qasd qilishga undab qo‘yishi mumkin.
Qonun loyihasining muallifi Kim Ledbiter va unga maslahat bergan mutaxassislar bu e’tirozlarni oldindan hisobga olib, bemorlarga nisbatan tazyiqning oldini olishi kerak bo‘lgan bir qator shartlarni belgilab qo‘ydi. Hujjat matnida evtanaziyaga ruxsat berish uchun quyidagi talablar ko‘rsatilgan:
· shaxs 18 yoshdan katta bo‘lishi va murojaati vaqtida kamida bir yildan buyon Angliya yoki Uelsda yashagan bo‘lishi shart (bu evtanaziya taqiqlangan boshqa davlat fuqarosi evtanaziya so‘rovi bilan kelish imkoniyatini istisno qiladi);
· shifokor bemorning aqli raso, xotirasi tiniq va majburlamasdan qaror qabul qilganiga guvohlik berishi kerak;
· tibbiy ko‘rsatmalarda uning umri olti oydan kam qolgani ko‘rsatilishi lozim;
· davolovchi shifokordan tashqari yana ikkita shifokor bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosa berishi kerak;
· shundan so‘ng har bir ishni London Oliy sudi ko‘rib chiqishi kerak, u har qanday shifokorni va bemorni so‘roq qilishi va keyin 14 kun ichida qaror chiqarishi mumkin.
· ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, shifokor bemor uchun o‘limga olib boruvchi dorini tayyorlashi lozim, biroq uni yuborish huquqiga ega emas; evtanaziya so‘rovi bilan murojaat qilgan shaxs buni o‘zi amalga oshirishi kerak.
Biroq bu ehtiyot choralari ham tanqidchilarni qanoatlantirmadi. Hech qanday qonuniy chora zaif va keksa insonni yaqinlari tomonidan manipulyatsiya qilinishidan to‘liq himoya qilolmaydi. Mashhur londonlik ruhoniy Jaylz Freyzerning ta’kidlashicha, “Bolalaringni o‘yla” degan so‘zlar yoki moliyaviy qiyinchiliklarga ishora qilish ham kifoya bo‘lishi mumkin.
Angliya paralimpiya terma jamoasi a’zosi va Lordlar palatasi a’zosi baronessa Tenni Grey-Tompson BBC’ga aytishicha, u og‘ir kasal insonlarga nisbatan bosim o‘tkazilishi, shifokorlar esa bemorga olti oydan ko‘p umri qolmagani haqida xato xulosa berishi ehtimolidan tashvishlanmoqda.
Hukumatdagi bahs-munozaralar
Qonun loyihasi muallifi Kim Ledbiter hukmron Leyboristlar partiyasidan bo‘lsa-da, ushbu tashabbus hukumatdan kelib chiqmagan. Bosh vazir Kir Starmer ikkinchi o‘qishda albatta ovoz berishini ta’kidladi, ammo partiyadoshlariga va umuman jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazmaslik uchun loyihani ma’qullash-ma’qullamasligini oshkor qilmadi. Ilgari, muxolifat deputati bo‘lgan paytida, u evtanaziyani qo‘llab-quvvatlagandi.
Bu safar Starmer Leyboristlar partiyasi a’zolari uchun erkin ovoz berish huquqini e’lon qildi. Bosh vazirning aytishicha, insonning o‘z ixtiyori bilan hayotdan ketish huquqi — butun partiya bo‘ylab yagona nuqtai nazarga aylanishi shart bo‘lmagan masala. Bu yondashuv rahbariyatdan kelib chiqadigan va deputatlar partiya yo‘nalishiga qarab ovoz berishi kerak bo‘lgan tashabbuslardan farq qiladi.
Lekin hatto hukumatda ham qonun loyihasi bo‘yicha yakdil fikr yo‘q. Ta’lim vaziri Bridjit Filippson va adliya vaziri Shabana Mahmud qarshi. Sog‘liqni saqlash vaziri Ues Stiringning ta’kidlashicha, agar evtanaziya davlat sog‘liqni saqlash tizimining (NHS) palliativ yordam bo‘limlariga topshirilsa, bu muqarrar ravishda ularning faoliyati samaradorligining pasayishiga, mablag‘larning qayta taqsimlanishiga va shundoq ham ortiqcha yuklamaga ega bo‘lgan tizimga qo‘shimcha bosim o‘tkazilishiga olib keladi.
Evtanaziyaning amaliy tomoni bilan bog‘liq qiyinchiliklar tibbiyot xodimlarining e’tiqodida ham bo‘lishi mumkin. Misol uchun, NHS xodimlarining 10 foizi musulmonlar bo‘lib, ular diniy sabablarga ko‘ra evtanaziyada ishtirok etishni qabul qilmaydi. Tarkibida 4500 ga yaqin shifokor, hamshira va doyalar bo‘lgan Xristian tibbiyot jamiyatining bosh direktori Mark Pikering Guardian gazetasiga bergan intervyusida, o‘zi va tashkilotning ko‘plab boshqa a’zolari evtanaziyaga qarshi ekanini ma’lum qildi. U mas’uliyatni shunchaki dahriy shifokorlarga yuklash ham axloqsizlik bo‘lishini ta’kidladi: “Buvimni o‘ldirmoqchi emasman, lekin uni o‘ldiradigan odamga jo‘nataman desangiz, axloqiy tomondan bu ikkalasi bir xil”.
Hozirda muxolifatda bo‘lgan Konservativ partiyada ham deputatlar qanday ovoz berishi kerakligi bo‘yicha yagona pozitsiya yo‘q. Mamlakatning bosh davlat xizmatchisi, vazirlar mahkamasi kotibi Saymon Keysning aytishicha, vazirlar va parlament deputatlari, qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar, qonun loyihasini o‘zaro muhokama qilishi kerak, ammo mavzuning o‘ta nozikligi sababli ommaviy bayonotlarda o‘zlarini tiyishi lozim.
Evtanaziya to‘g‘risidagi qonun loyihasi mintaqaviy matbuotda ham faol yoritilib, bu borada mahalliy aholi o‘z fikrlarini bildirmoqda.
Dunyoda evtanaziya g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?
“Evtanaziya” atamasi XVI asrga taalluqli bo‘lsa-da, uning jiddiy muhokamasi faqat XIX asr oxirlarida boshlangan. Uzoq vaqt davomida bu g‘oyaning o‘zi ham diniy sabablarga ko‘ra, ham shifokorning bemorni hayotdan ketishiga ko‘maklashishi Gippokrat qasamiga zid bo‘lgani tufayli tasavvurga sig‘mas edi.
“Men hech kimga mendan so‘ralgan o‘lim vositasini bermayman va bunday niyatga olib boruvchi yo‘lni ko‘rsatmayman”, — deb qayd etilgan bundan ikki ming yil oldingi yozuvda.
Shunga qaramay, shifokorlar, olimlar, ilohiyotshunoslar, faylasuflar va ayniqsa G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi bemorlarning o‘zlari bu g‘oyani muhokama qildi. Ular bir tomondan rahm-shafqat, boshqa tomondan esa hayot eng oliy qadriyat ekani va uni hech kim tortib olishga haqqi yo‘qligi o‘rtasida ikkilanib qoldi.
1939 yilda psixoanaliz asoschisi Zigmund Freyd davolab bo‘lmaydigan va azobli saraton kasalligiga chalinganida, o‘z shifokoridan unga o‘limga olib boradigan morfiy dozasini berishni so‘ragan. Uning hayotdan ko‘z yumishi evtanaziya masalasini yanada qizg‘in muhokama qilishga turtki bo‘ldi.
1933 yildan 1941 yilgacha natsistlar Germaniyasida T-4 dasturi amalga oshirildi. Ushbu dastur og‘ir ruhiy yoki jismoniy kasalliklarga chalingan bolalar va katta yoshli insonlarni Reyx uchun foydasiz deb hisoblab, sterilizatsiya qilish yoki o‘ldirishga buyurgan. Bu dastur natijasida 70 mingga yaqin inson qurbon bo‘ldi, unda ishlab chiqilgan usullar keyinchalik konsentratsion lagerlarda keng qo‘llandi.
Natsistlar Germaniyasi mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng, e’lon qilingan hujjatlar shunchalik dahshatli ediki, evtanaziya g‘oyasi bir necha o‘n yillar davomida jiddiy esga olinmadi.
1994 yilda AQShning Oregon shtati dunyoda evtanaziyani qonunlashtirgan birinchi hudud bo‘ldi. 2002 yilda Niderlandiya va Belgiyada, sal keyinroq esa Shveytsariya va Lyuksemburgda evtanaziya joriy etildi. Hozirgi kunda hayotdan ko‘z yumishga bevosita yoki maxsus hollarda ko‘maklashishga dunyoning 27 mamlakatida va AQShning beshta shtatida ruxsat etilgan.